Huquqlaringizni biling

Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya - bu nima?

Bugun biz 18 yoshgacha bo‘lgan har bir inson alohida g‘amxo‘rlik va himoyalanish huquqiga ega, degan fikrni deyarli barcha qo‘llab-quvvatlaydigan olamda yashamoqdamiz. Shu bilan birga, bugungi kunda o‘smirlar va yoshlar o‘z huquqlarini amalga oshirishda tobora katta ahamiyat kasb eta boshlamoqdalar.

Biroq, doim ham shunday bo‘lmagan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi 1989 yil 20 noyabr kuni Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyani (BHK) qabul qilgandan so‘nggina dunyodagi barcha bolalar va yoshlar yuridik huquqlarga ega bo‘ldilar. Bugungi kunga kelib ushbu Konvensiyani 193ta davlat ratifikatsiya etgan va bu bilan dunyoda eng ommaviy e'tirof etilgan inson huquqlari to‘g‘risidagi bitimni qabul qilgan.

Konvensiya - bu shunday xalqaro bitimki, unda barcha mamlakatlar huquqlarni ta'minlashning yagona tamoyillariga amal qilishga rozilik bildiradilar. Ushbu hujjat butun dunyodagi bolalarning asosiy huquqlarini belgilaydi. Bundan tashqari, u bolalar rivojlanishining turli bosqichlarida ularning omonligi bo‘yicha asosiy standartlarni ham o‘rnatadi va insoniyat tarixida majburiy yuridik kuchga ega bo‘lgan bolalar huquqlari bo‘yicha ilk universal shartnomadir.

Ushbu Konvensiyada 18 yoshgacha (bolaning ifodasi) bo‘lgan har bir odam jinsi, nasli, dini va nogironligi mavjudligidan qat'i nazar, alohida g‘amxo‘rlik va himoya bilan ta'minlangan bo‘lishi lozim, deb bayon qilingan, chunki bolalar aholining eng zaif qatlami hisoblanadi.

Bosh tamoyillar. Konvensiya 54ta moddadan iborat bo‘lib, quyidagi to‘rtta asosiy tamoyillarga rioya qiladi:

  • Diskriminatsiya qilmaslik (2 modda): Bolalar afzalliklarga ega bo‘lmasliklari kerak yoki o‘zining irqi, terining rangi, jinsi, tili, dini, milliy, ijtimoiy mavqyei, etnik kelib chiqishi, ta'minlanganlik darajasi, bironta siyosiy yoki boshqa e'tiqodlari yoki nogironligi sababli aziyat chekmasliklari lozim;
  • Bola huquqlari eng yuqori darajada ta'minlanishi (3 modda): Bolalarga nisbatan qabul qilinadigan qonun va choralar ularning manfaatlarini eng maqbul darajada hisobga olishi va ularga foyda keltirishi lozim.
  • Omon qolish, rivojlanish va himoyalanish (6 modda): Davlat bolalarni himoya qilishi va ular har tomonlama jismoniy, axloqiy va ijtimoiy rivojlanishlarini ta'minlashi lozim.
  • Ishtirok etish (12 modda): Bolalar ularga daxldor bo‘lgan qarorlar qabul qilinishida ishtirok etish va ularning fikri hisobga olinishi huquqiga ega.

Bu sizlarning huquqlaringiz. Agar siz ularni bilmasangiz yoki ular mavjudligi to‘g‘risida xabar topmagan bo‘lsangiz, yoki sizga ushbu huquqlardan foydalanishda rad etilayotgan bo‘lsa, ularni o‘rganishga kirishing!