Dalillar qisqa satrlarda

Oy fikri

Savollar va javoblar

  • UNICEF nimani anglatadi?

    UNICEF - bu urushdan keyingi davrda Yevropa va Xitoy hududlarida bolalarning eng muhim ehtiyojlarini qondirish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni hal qilish uchun 1946 yil 11 dekabrda yaratilgan BMT Bolalar jamg‘armasidir. Dastlab tashkilotning to‘liq nomi - Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi bolalarga yordam berish Xalqaro favqulodda jamg‘armasi, deb aytilgan. 1950 yilda esa jamg‘armaning vakolatlari birmuncha kengaydi va uning faoliyati butun dunyo bo‘ylab rivojlanayotgan mamlakatlarda bolalar va ayollarning uzoq muddatli muammolarini hal qilishga yo‘naltirildi. 1953 yilda UNICEFga BMT tizimidagi doimiy tashkilot maqomi taqdim etildi va uning nomi qisqarib, tashkilot Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar Jamg‘armasi, deb ataladigan bo‘ldi, biroq dastlabki nomining qisqartmasi saqlanib qoldi.

  • UNICEF o‘z faoliyatini qayerda olib boradi va qay manzilda joylashgan?

    UNICEF jahondagi 191ta mamlakatda faoliyat yuritadi va bevosita o‘zi hamda turli mamlakatlarda ish olib borayotgan o‘z milliy qo‘mitalari yordamida mamlakatlararo dasturlarini amalga oshiradi. Jamg‘arma bo‘linmalari va shtat xodimlarining qariyb 88 foizi loyihalar amalga oshirilayotgan manzillarda faoliyat yuritadilar. Butun dunyoda UNICEFning 8ta mintaqaviy ofislari, Floransda tadqiqot markazi, Kopengagenda ta’minot ofisi, Tokio va Bryusselda amaliy ofislari mavdjud. Jamg‘armaning bosh qarorgohi esa Nyu-Yorkda joylashgan.

  • UNICEF va BMT o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?

    BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) 1946 yil 11 dekabrda urushdan keyingi davrda Yevropa va Xitoy hududlarida bolalarning eng muhim ehtiyojlarini qondirish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni hal qilish uchun yaratilgan. 1950 yilda jamg‘armaning vakolatlari kengayib, faoliyati butun dunyodagi rivojlanayotgan mamlakatlarda bolalar va ayollarning uzoq muddatli muammolarini hal qilishga qaratildi. 1953 yilda UNICEF BMTning doimiy tarkibiy tuzilmasiga aylandi. Bugungi kunda UNICEF faoliyati butunlay bolalar eson-omon ulg‘ayishi, rivojlanishi, ularni himoya qilish va butun dunyodagi ishtiroklariga bag‘ishlangan BMT tizimidagi yagona tashkilotdir. UNICEF o‘z vakolatlarini BMT Bosh Assambleyasidan oladi, biroq uning byudjeti, asosan, BMTdan mustaqildir. Jamg‘arma faqat hukumatlar, tashkilotlar, korporatsiyalar, biznesmenlar va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy badallari hisobiga moliyalashtiriladi.

  • UNICEFni kim va qay tartibda moliyalashtiradi?

    UNICEF faqat hukumatlar, tashkilotlar, biznesmenlar va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy badallari evaziga mablag‘ bilan ta’minlanadi. Misol uchun, 2011 yilda butun dunyo bo‘ylab o‘z loyihalarini amalga oshirishi uchun jamg‘armaga 3600 mlrd. dollardan ortiq miqdorda mablag‘ kelib tushdi.

  • UNICEF xususiy sektor tomonidan qanday moliyalashtiriladi?

    UNICEF tarkibida jamg‘armaning ezgu maqsadlarini targ‘ib qilish va uning xayriya faoliyati uchun rivojlangan mamlakatlarda mablag‘ yig‘ish bilan shug‘ullanadigan 37ta milliy qo‘mitalar mavjud. 2010 yilda jamg‘armaning resurslari (shu jumladan xususiy sektorning badallari) 29 foizga ortdi. Milliy qo‘mitalar pul mablag‘larini yig‘ish, ma’lumotlar bazasini yaratish, tegishli tadbirlar va seminarlarni tashkillashtirish, elektron pochta orqali mablag‘ ehson qilish yuzasidan iltimosnomalar yuborish, tabrik otkritkalarini sotish va shu kabi amallar bilan shug‘ullanib keladi. Bu sa’y-harakatlarning barchasi rivojlanayotgan mamlakatlardagi bolalar va ayollarning talab va ehtiyojlariga jamoatchilik e’tiborini qaratish va xabardorligini oshirish maqsadida amalga oshirilmoqda. UNICEF mablag‘ yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi yana bir qator sherklarga ega. Bunday kompaniya va tashkilotlar sirasiga «Starwood Hotels and Resorts» mehmonxonalar tarmog‘i, IKEA korporatsiyasi va «Barselona» futbol klubi ham kiradi.

  • UNICEF mablag‘lari maqsadli sarflanishi qanday ta’minlanadi?

    Joylardagi UNICEF bo‘linmalarida muntazam ravishda ichki va tashqi audit tekshiruvlari o‘tkaziladi. Ichki tekshiruv bevosita jamg‘armaning Ijrochi direktoriga bo‘ysunadigan UNICEFning ichki audit Bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi. AQSHda shu turdagi audit o‘tkazishning professional standartlarini belgilovchi ichki audit Instituti UNICEFning ichki audit Bo‘limi faoliyati bilan tanishib chiqib, u mazkur standartlarga javob berishini e’tirof etdi. Joylardagi UNICEF bo‘limlarining tashqi auditi tashkilotga a’zo davlatlardagi eng yaxshi audit institutlari mutaxassislari orasidan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan saylanadigan auditorlar jamoasi tomonidan o‘tkaziladi. BMT auditorlar Kengashining audit bo‘yicha hisobotlari ochiq bo‘lib, BMT Bosh Assambleyasining muhokamasiga kiritiladi.

    Bundan tashqari, UNICEFda moliyaviy menejment nazorati tizimi amalda bo‘lib, mamlakat darajasida barcha daromad va xarajatlarning monitoringini olib boradi. UNICEF mahalliy sheriklariga naqd shakldagi pul mablarini faqat kelishilgan faoliyat doiralarida taqdim etadi. UNICEF mablag‘lari odatda bir yo‘la 3 oylik ehtiyojlarni qoplashga yetadigan miqdorda ajratiladi. Kelgusi moliyalashtirish esa o‘tgan davrda ajratilgan mablag‘lar to‘g‘ri sarflanganligi tasdiqlangan hisobot olingan holatdagina amalga oshiriladi. Alohida tadbirlarni o‘tkazish uchun kontraktlar ularni ko‘rib chiqish bo‘yicha ichki Qo‘mita tomonidan puxta tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim. Shuningdek, taqdim etiladigan xizmatlar turiga qarab, tanlov savdolari o‘tkazilishi mumkin, va ularning davomida saralab olishning barcha taomillari shaffoflik sharoitlarida o‘tkaziladi. UNICEF loyihalari uchun barcha ta’minot va uskunalar manbalari jamg‘arma tomonidan qat’iy nazorat qilinadi, xarid qilish jarayoni ham shaffoflik tamoyillariga javob beradi. UNICEFning mas’ul xodimlari tegishli ta’minot va xaridlar belgilangan manzillarigacha yetkazib berilguniga qadar monitoring o‘tkazadilar.

  • Men UNICEFga qanday qilib ishga joylashsam bo‘ladi?

    UNICEF o‘z jamoasiga qabul qilish uchun rivojlanish bo‘yicha yuqori malakali va tegishli tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislarga nisbatan doimo qiziqish bildiradi. Agar siz UNICEFda mavjud bo‘lgan vakansiyani egallashdan manfaatdor bo‘lsangiz, bizning sahifamizdagi «Vakansiyalar» bo‘limini ko‘ring.

  • Internatura dasturi mavjudmi va unda ishtirok etish uchun talabnomani qanday uzatish mumkin?

    UNICEFning internatura dasturi yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan, UNICEF mezonlari va talablariga javob beradigan talabalarga bevosita bosh qarorgohda hamda turli mamlakatlarda joylashgan ofislarda jamg‘arma tizimida tajribali xodimlar rahbarligi ostida amaliy tajriba orttirishga imkon yaratadi.

    UNICEFda intern bo‘lish uchun quyidagilarga amal qilishingiz lozim:

    • talabnoma uzatilayotgan vaqtda UNICEF manfaatlariga javob beradigan yo‘nalish bo‘yicha magistratura talabasi yoki aspirant bo‘lish kerak. Siz taklif etilgan yo‘nalish bo‘yicha internaturadan o‘tishning butun muddati davomida o‘quv jarayoniga jalb etilgan bo‘lishingiz lozim. Bakalavriat talabalari hozircha qabul qilinmaydi;
    • ingliz tilida va qo‘shimcha ravishda UNICEFning boshqa ishchi tillarida, masalan, fransuz, ispan, arab, rus yoki xitoy tilida bemalol muloqot yuritishingiz lozim;
    • oxirgi o‘qigan joyidagi universitet/institut tomonidan yoki zachyot kitobchalari bilan tasdiqlangan a’lo akademik ballarga ega bo‘lish;
    • internaturadan o‘tish to‘g‘risidagi talabnoma universitetingiz yoki boshqa tegishli muassasa tomonidan tasdiqlangan bo‘lishi lozim. Minimal talab profesorlarning biridan tavsiyanoma xati mavjud bo‘lishidan iborat. Ushbu talabnoma sizga internatura bo‘yicha topshiriq taklif etilgandan so‘nggina taqdim etiladi;
    • xalqaro rivojlanish sohasida, ayniqsa UNICEF uchun ustuvor bo‘lgan yo‘nalishlardagi ishlarga muayyan qiziqishga ega bo‘lish;
    • moslashish va multi-madaniy muhitda ishlash qobiliyatiga ega bo‘lish;
    • BMT va UNICEF missiyalari ishining eng muhim tamoyillariga, ularning asosiy qoidalari va bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyaga qat’iy amal qilish majburiyatlarini o‘z zimmasiga olish.

    Qo‘shimcha ravishda har qanday avvalgi ish tajribasi e’tiborga olinadi. Kelgusi ma’lumotlarni quyidagi saytda ko‘rishingiz mumkin: http://www.unicef.org/about/employ/index_internship.html

  • Farzandim uchun asosiy tibbiy xarajatlarni amalga oshirishim maqsadida meni qo‘llab-quvvatlashda UNICEF yordam bera oladimi?

    Farzandingiz salomatligi yuzasidan aziyat chekayotganidan juda afsusdamiz. Biroq UNICEF vakolati tibbiy yoki boshqa yordamga muhtoj bo‘lgan alohida shaxslar, shu jumladan bolalarga ko‘maklashishga imkon bermaydi. Biz sheriklarimiz bilan birga taqdim etilayotgan xizmatlarni ilgari surish va rivojlantirish maqsadida ish olib boramiz va barcha bolalarga daxldor bo‘lgan keng miqyosli muammolar yuzaga kelganda ko‘maklashamiz. Shu bois biz bu kabi masalalarni hal qilish vakolatiga ega emasmiz va bizga alohida holatlarda yordam ko‘rsatish uchun mablag‘ ajratilmaydi.