Fotosuratchining vazifasi: bolalar hayotini yaxshilashga hissa qo‘shish

Chop etish versiyasi
03 Iyun 2015
7 7 Fotosuratlar

Jakomo Pirozzining muhtoj bolalarga yordam berishga yo‘nalganligi ijodkor onasining hayotiy kechinmalari bilan bog‘liq. Gap shundaki, uning onasi kichkinaligida Ikkinchi jahon urushi oqibatida bolalar uyiga tushib qolgan va ko‘p qiynchiliklarni ko‘rgan. Jakomo 1990 yilda UNICEFning fotomuxbiri sifatida G‘arbiy Afrikada bolalar ahvolini hujjatlashtirish bo‘yicha ilk topshirig‘ini bajarishga kirishayotganda, bu faoliyat hayotining asosiy mazmuniga aylanib qolishini tasavvur ham qilmagan. Shundan beri u bolalar hayotini yaxshilash yo‘lida UNICEFga yordam beryapti va butun dunyo bo‘ylab sayohat qilish barobarida qator xalqaro rivojlanish agentliklari bilan ish olib borib, dunyo miqyosida fikrlaydigan professional fotosuratchiga aylandi.

Ijodkor ko‘pdan beri uning fotografiya kurslarida saboq olgan bolalar bir-biri bilan muloqot yuritadigan va o‘z hikoyalari bilan o‘rtoqlasha oladigan Facebook ga o‘xshash veb-saytni yaratishni orzu qiladi.

Yaqinda esa Markaziy Osiyo bo‘ylab o‘z xizmat safarlari doirasida Jakomo Pirozzi O‘zbekistonga ham tashrif buyurdi. Biz mehmondan qisqagina, atigi bir necha daqiqali intervyu olishga muvaffaq bo‘ldik, chunki uning ish rejasi juda sermazmun va unga ko‘plab mamlakatlarga safar qilish, muhtoj guruhlar bolalari uchun fotografiya bo‘icha turli tadbirlar va mahorat darslarini o‘tkazish ishlari kiritilgan.

- Siz bunday faoliyatni ko‘p yillardan beri olib borasiz. Sizga shu kabi olijanob vazifani sidqidildan bajarishga nima ilhom bag‘ishlayotganligini ayta olasizmi?

- Faoliyatimning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u doimo dolzarb bo‘lib qolaveradi! Meni nima ilhomlantiradi deysizmi? Dunyo bo‘ylab safar qilish, chunki men turli manzillar va madaniyatlar to‘g‘risida ko‘p yangi ma’lumotlarni bilib olaman, ko‘p holatlarda kichik resurslarga ega bo‘la turib, bolalar va ular ulg‘ayib borayotgan hamjamiyatlar uchun qator xayrli ishlarni qiladigan ko‘pgina g‘ayrioddiy odamlarni uchrataman. Shuningdek, safarlarim chog‘ida boshqa bolalarga nisbatan omadi unchalik yurishmagan, lekin shunga qaramasdan ruhi o‘ta kuchli bolalarni uchratishim ham meni ruhlantirib yuboradi. Bularning barchasi ilhom bag‘ishlayveradi va buni doimo menga berilgan imtiyoz sifatida his qilaman.

- Sizning ish bolalar huquqlari sohasidagi vaziyatni dunyo miqyosida qanday qilib o‘zgartiradi?

- Mening asosiy vazifam butun dunyodagi bolalar qanday ahvolda yashayotganlarini hujjatlashtirishdan iborat. Bolalar hayotidagi salbiy va ijobiy jihatlarni namoyish etib, ularning huquqlarini himoya qilishga hissa qo‘shayapman, deb umid qilaman. Men nima bo‘lishi lozim va nima bo‘lishi mumkin emasligini aks ettiraman. Afsuski, ko‘pgina mamlakatlarda asosiy bolalar huquqlarining ayrimlariga umuman e’tibor qaratilmaydi, shu bois ular biron sabab bilan aziyat chekishni davom ettiradilar.

- O‘zbekistondagi joriy missiyangizning asosiy maqsadlari nimadan iborat?

- Bu safar biz, asosan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasiga butun diqqat-e’tiborimizni jalb qildik. Men O‘zbekistonda inklyuziv ta’limdagi taraqqiyotni, nogiron bolalar boshqa tengdoshlari bilan bir sinfda bilim olayotganlarini kuzatib, juda mamnun bo‘ldim. Shuningdek, men OIVga chalingan bolalar uchun fotografiya bo‘yicha mahorat darsini o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldim. Ular fotografiya sohasiga naqadar qiziqishlari, zavqlanishlari meni hayratga soldi. Bu yerga yana qaytib kelib, ular bilan ko‘proq mashg‘ulot o‘tkazish hamda UNICEF yordamida bolalar uchun fotografiya bo‘yicha seminar tashkil etishimga umid qilaman.

- Ijtimoiy o‘zgarishlarga erishishni xohlayotgan va o‘z kasbida ilk qadam bosayotgan fotosuratchilarga qanday maslahat berishingiz mumkin?

- Men ularni yarim yo‘lda to‘xtab qolmaslikka da’vat etmoqchiman. Gumanitar yoki ijtimoiy fotografiya tobora ko‘proq o‘zining shaxsiy makoniga ega bo‘lmoqda, va yanada ko‘proq fotosuratchilar rivojlanishdan manfaatdor, chunki ularning fikricha fotografiya ijimoiy o‘zgarishlarga yordam berishi mumkin. Fotojurnalistika ko‘pincha sensatsiyaga yo‘nalgan bo‘ladi va butun e’tiborini salbiy hodisalarga jalb qiladi. Biz esa bir qadam oldinroqda yurib, hatto eng nochor vaziyatlarda ham taraqqiyotga erishish mumkinligini ko‘rsatishga harakat qilyapmiz.

Bu sohada qobiliyatli bo‘lish va ishlash texnikasini yaxshi bilish zarur, albatta, lekin shu bilan birga yuragi, qalbi o‘lkan inson bo‘lish darkor. Namoyish etiladigan fotosurat nafaqat muayan hikoyani bayon qilishi, balki odamlarning yuragigacha ta’sir qilishi kerak. Fotosuratchining o‘zi, uning qalbi ana shunday ta’sirni sezgandagina, u bunday kuchli hissiyotlarni o‘z fotosuratlariga ham bag‘ishlashi mumkin.  

Muallif: UNICEF

Marta o’qilgan: 540


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar