Ijobiy bolalar, ijobiy hayotlar

Chop etish versiyasi
20 Avgust 2015
2 2 Fotosuratlar

Maktabdan qaytgan o‘g‘lining kayfiyati yo‘qligini ko‘rib, Muhayyoning ham kayfiyatini buzildi. Xamir yuqi qo‘lini tezda suvda chaydi-da, o‘g‘liga peshvoz chiqdi. “Tinchlikmi, bolam? Yana birov xafa qildimi?” – deb so’radi Muhayyo. “Yo‘q”, - deb javob berdi uning o’gli.

Sarvar qo‘lidagi sumkasini so‘riga uloqtirib, indamay uyga kirib ketdi. Orqasidan kirgan onasi uning karavotiga muk tushib yotganini ko‘rdi. Karavot chetiga o‘tirib, boshini siladi.

“Maktabingda senga kimdir yomon gapirdimi?”, - deb so’radi u mayin ovoz bilan.

“Oyi, bugun hamma sinfdoshlarimdan qon olishdi, menga esa shifokorlar “senga mumkin emas” deyishdi”, - deb javob berdi o’gli beg’uborlik bilan. “Jismoniy tarbiya o‘qituvchimiz “darsdan ozodsan” dedi. Hamma futbol o‘ynadi, meni qo‘shishmadi. Nega? Kasalligim uchunmi? U shunaqa yomon kasallikmi? Kecha internetda o‘qidim, bunday kasallikka duchor bo‘lganlar ko‘p yashashmas ekan. Bu to‘g‘rimi? Nega o‘qituvchilarim menga g‘alati qarashadi? Ular meni darsga qo‘ymaganidan keyin, o‘rtoqlarim nima kasalsan deb, holi-jonimga qo‘yishmayapti? Oyi, men boshqa maktabga bormayman”.

Muhayyo og‘ir xo’rsindi. U OIV bo’yicha ijobiy tash’hisga ega bo’lgan insonlar haqida o’gliga nima deyishni bilmay boshi qotdi.

Ijobiy ovozlar jamlanganda

Iyul oyining 13-17 va 21-25 kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika OITSga qarshi Markazi va BMT Bolalar jamg’armasi UNICEF hamkorligida “OIV bilan yashash: Salomatlik va qo‘llab-quvvatlash asoslari” mavzusidagi treninglar tashkil etildi.

Treningda Sarvar kabi turli viloyatlardan kelgan 54 nafar OIV bilan yashayotgan o‘g‘il-qizlar yig’ildi. Treninglar shuningdek ularning ota-onalariga ularni qiynab kelayotgan ko‘plab savollarga javob topishda yordam berdi.

UNICEF konsultanti Kamila Fatixovaning fikricha, tashkil etilgan tadbirdan asosiy maqsad nafaqat bolalar va ularning ota-onalariga OIV virusi hamda OITS haqida batafsil ma’lumot berish, balki qatnashchilarda o‘z sog‘lig‘iga nisbatan mas’uliyatni shakllantirish, ushbu tash’hisiga moslashib yashashnio’rgatish, ayni chog’da ularga ruhiy, ma’naviy yordam berish, “tengdosh-tengdoshga” tamoyili asosida guruh ko‘magi bilan ta’minlashdan iboratdir.

“Mazkur trening sizlar boshqa OIV virusi bilan yashovchi yoshlarga qanday yordam berishni o’rganishingiz uchun tashkil etilgan. Bugun sizning bu boradagi rolingiz juda katta ahamiyatga ega,” - deydi UNICEFning O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Robert Fuderich. “Men ushbu oliyjanob maqsad sari intilayotganingizdan juda mamnunman. Shuningdek men bu yerga kelgan, sizlarni sevuvchi va uzoq yillar davomida mashaqqatli hayot yo‘lingizda sizni qo’llab kelayotgan ota-onalaringizga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman”, -deb qo’shimcha qildi u.

Biz yolg’iz emasmiz: ijoboy bolalar – ijobiy hikoyalar

Trening ikki guruhda - bolalar va ularning ota-onalari uchun alohida olib borildi.

Treningning birinchi kuni “Mening ijobiy hayotim” deb nomlanib, unda bolalar ko‘proq o‘zlari haqida tengdoshlariga so‘zlab berdilar. Ular “OIV bilanyashash”, “Mening antiretrovirus terapiyasi bilan davolanishim”, “Shifokor bilan uchrashuv” kabi mavzulardagi o’yinlar orqali malakali shifokor bilan muloqotda bo‘lib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Treningning “Mening salomatligim to‘g‘risida ma’lumot” deb nomlangan ikkinchi kunida qatnashchilar “Sog‘lom ovqatlanish”, “Ichkilikbozlik, kashandalik va giyohvandlik zarari”, “Sog‘lom turmush tarzi asoslari” hamda “Sil kasalligi va uning oldini olish” kabi mavzularda foydali ma’lumotlar bilan tanishdilar.

“Bundan ikki yil oldin tish og‘rig’i bilan stomotologga murojaat qilgan edim. Tishimni davolatgach, o‘zimni noxush seza boshladim. Keyinchalik tekshirtirishlar natijasida menda OIV virusi borligi aniqlandi. Bir oz davolangach, menga yozib berilgan dorilarni icha boshladim. Ammo ularni nega doimiy ravishda qabul qilishim kerakligini tushunmas edim. Treningda OIV va OITS haqida juda ham ko‘p bilimlarga ega bo‘ldim. O‘tgan besh kun davomida juda ko‘plab do‘stlar orttirdim. Eng asosiysi, yolg‘iz emasligimni, OIV bilan ham barcha do‘stlarim kabi yashashim mumkinligini, shifokorlarning ko‘rsatmalariga rioya etib, sog‘lom turmush kechirsam, shifokor bo‘lish va barcha kasal bolalarni davolash orzuimga erishishim mumkinligini angladim. O‘z majburiyat va huquqlarimni bildim,” - deydi treningning 15 yoshli qatnashchisi Sarvarbek.

Trening uchinchi kuni “Mening ko‘nikmalarim” deb nomlandi. Unda qatnashchilar “OIVga ega bo’lgan bolalar va o’smirlar uchun Bolalar Kunduzgi markazlarda ko‘ngillilik ko‘nikmalarini rivojlantirish”, “Tengdoshlarni qo’llash va ularga ta’lim berish orqali ko’maklashish” kabi mavzulardagi mashg’ulotlarda qatnashdilar hamda OIV bilan yashydigan o’smirlar tash’hisiga ega bo’lgan tengdoshlarini qo’llab-quvvatlash ko’nikmalaridan boxabar bo‘ldilar.

“Maktabda dugonalarim, keyin esa kollejdagi kursdoshlarim davolangani tez-tez kasalxonaga yotganim sababli mendan o‘zlarini olib qochardilar. Ular “sen yomon kasal bo‘lsang kerak” deya menga shubha bilan qarashar edi,” - deydi Nigora ismli yana bir ishtirokchi.

“Kichkinaligimda meni avtomashina urib ketdi va viloyat shifoxonasiga olib kelindim. U erda menga qon quyildi. Oradan ko’p o’tmasdan menda OIV virusi borligi aniqlandi. Maktabda 8- sinfda o‘qib yurganimda oyijonim menga kasallik haqida so‘zlab berdilar va men muntazam shifokor nazoratida bo‘ldim. Hozir kollejning birinchi kursini tugatdim. Yoshligimda noq sportga qiziqqanligim bois sportchi bo‘lishni orzu qilar edim. Ammo dadajonim hisobchi bo‘lganlari uchun mening ham shu kasbni egallashimni istadilar. Kollejda og‘ir va jismoniy yumushlardan ozod etilganim bois do’stlar orttira olmagan edim. Treningda qatnashib, men ham boshqa tengdoshlarim singari oddiy qiz ekanligimni, eng asosiysi, yolg‘iz emasligimni tushundim. Bu yerda trenerlarimiz va taklif qilingan shifokorlar sog‘lom turmush tarziga rioya etib, belgilangan dorilarni o‘z vaqtida va muntazam ichilsa, OIV-infeksiya tash’hisi bilan ham inson uzoq umr kechirishi mumkinligini o‘yinlar orqali tushuntirib berishdi. Eng asosiysi, ular bizga tengdoshlarimizga OIV-infeksiya tash’hisi bilan hayot kechirish qoidalarini qanday tushunturishni o’rgatdilar. Men, uyga qaytgach, albatta viloyat OITSga qarshi kurash markazi qoshidagi guruhning faol a’zosi bo’lishga va bu yerda olgan bilimlarimni tengdoshlarim bilan o’rtoqlashishga ahd qildim.”

Treningning to‘rtinchi va beshinchi kunlari “Men ham yordam izlaganman!” shiori ostida o‘tdi. Treningning so’nggi ikki kunida “OIV bilan yashaydigan yoshlarga tengdoshlarni qo’llash va ularga ta’lim berish asosida maslahat berish”, “Yoshlar huquqlari harakatda”, “Samarali muloqotni rivojlantirish”, “OIV-ijobiy tash’hisi ayon bo’lgandan so’ng yoshlarni o‘zaro yordam guruhiga olib borish usullari” kabi mashg’ulotlar orqali qatnashchilar OIV va OITS haqidagi bilimlarga ega bo‘libgina qolmay, atrofdagilar bilan qanday munosabatda bo‘lish, to‘g‘ri ovqatlanish, gigiyena qoidalariga rioya qilish, inson o’zining o’z salomatligi hamda OIV/OITS to’g’risida ishonchli ma’lumotni qidirish va jismoniy mashqlar qilish kabi mavzular bo’yicha kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Trening ikkinchi guruhining ishtirokchilari - onalar yoki vasiylar - uchun sessiyalar emotsional va ruhiy ehtiyojlar borasida katta tajribaga ega bo’lgan yetuk mutaxassislar tomonidan olib borildi.

“Men treningga taklif qilinganim uchun juda ham minnatdorman,” - deydi Salima (44 yosh). “Ikki farzandim bor. Katta o‘g‘lim qandli diabetdan aziyat chekadi. 2002 yilda tug‘ilgan qizalog‘im Nafisa 2005 yilda nafas yo‘llari shamollagach, kasalxonada davolandi. Shundan so‘ng tekshirishlar natijasida unda OIV virusi borligi aniqlandi. Dunyo ko‘zimga qorong‘i ko‘rinib ketdi. Erim bilan birgalikda qo‘limizdan kelganicha farzandlarimizni qo‘llab-quvvatlashga, ularni davolatishga harakat qildik. Bir necha bor qizim bilan kasalxonalarda yotganimda ham OIV va OITS haqida to‘liq ma’lumotga ega emas edim. Qizimni qanday parvarishlash kerakligini, uni tashqi ta’sirlardan qanday asrash lozimligini bilmas edim. Faqatgina shifokorlarimiz yozib bergan dorilarini muntazam ravishda vaqtida ichirishim kerakligini bilardim xolos. Toshkentdagi treningga taklif qilishganimizda avvaliga kelgim kelmagi, chunki atrofdagilarning, ayniqsa qizim tengdoshlarining unga bo‘lgan salbiy munosabatidan juda ham charchagan edim. Atigi 5 kun davom etgan trening mening hayotga bo‘lgan munosabatimni tubdan o‘zgartirdi. Bu yerda men OIV virusi haqida ko‘plab ma’lumotga ega bo‘lishdan tashqari, taklif qilingan huquqshunos, ruhshunos va shifokorlardan OIV bilan qanday yashash kerakligini, farzandimni qanday parvarish qilish zarurligini, uning ham fuqaro sifatida o‘z huquqlari va majburiyatlari borligini bilib oldim. Meni shu kungacha qiynab kelayotgan barcha savollarga to‘liq javob oldim. Eng asosiysi, biz yolg‘iz emasligimizni, doimo davlatimiz himoyasida ekanligimizni yana bir bor his qildim.

Treningning eng faol a’zolaridan bo‘lgan va barcha uni Amira buvi deb chaqirgan 55 yoshli Amira trening taassurotlarini so‘zlab berar ekan, tashkilotchilarni uzundan-uzoq duo qilgach, ko‘z yoshlarini artib, so‘z boshladi:

“Har bir inson bu dunyoga yolg‘iz keladi, ammo hayoti davomida yaxshi va yomon odamlar qurshovida yashaydi. Men ikki nafar nevaramni yolg‘iz katta qilyapman. Ularning kattasi 14 yoshli Soniya OIVga zararlanganligi bilganimda o’zimni huddi yurak xurujini boshimdan kechiradigandek xis qildim. Ammo qizaloqlarim uchun yashashim kerakligini anglab, oyoqqa turdim. Nevaram bir necha bor kasalxonaga yotqizildi. Kasalxonalarda hech kim bir-biri bilan gaplashmasdi. Odamlar hattoki ovqatini ham bolasiga teskari qaraganicha yedirardi. Shifokorlar esa ushbu kasalning da’vosi yo‘qligini aytishganida ruhim juda tushib ketgandi. Nevaram ikki yil ilgari BMT Bolalar jamg‘armasi UNICEF tomonidan tashkil etilgan OIV bilan yashaydigan o’smirlarning qullab-quvvatlash guruhiga qatnay boshlagach, ahvol bir muncha o‘zgardi. Har doim guruhdan qaytgach, uning kayfiyati yuqori bo’lishini sezdim. U jamoat ishlarida tobora faol ishtirok eta boshladi. Bularning hammasini ko‘rib ko‘nglim ko‘tarildi. Ammo Toshkent viloyatida istiqomat qilganimiz uchun doim ham Soniyani guruhga yubora olmasdim. Treningda qatnashgach, men xato qilganimni bildim . Eng asosiysi, OIV bilan ham uzoq yashash mumkinligini tushunib yetdim. Ijobiy tash’hisga ega bo’lgan bolalarga ruhiy dalda berish juda muhim ahamiyatga ega ekanligni o’rgandim. Mutaxassislar bilan bo‘lib o‘tgan savol-javoblar meni qiynab kelayotgan shubha va gumonlarga barham berdi. Afsuski, UNICEF bolalar jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan OIV bilan yashaydigan o’smirlarning qullab-quvvatlash guruhi hozir faqatgina Toshkent shahrida va Andijonda faoliyat yuritmoqda. Istardimki, har bir viloyat va tumanda bunday guruhlar hamda maslahatxonalar, OITSga qarshi kurash markazlari ochilsa. Ular men kabi ota-onalarga farzandlarini jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida tarbiyalashda to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish orqali juda ham katta yordam bergan bo‘lar edi.

(Ismlar o’zgartirilgan)

Marta o’qilgan: 305


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar