Ulkan yutuqlar sari: Kamola Salixova, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi

Chop etish versiyasi
05 Avgust 2016
1 1 Fotosuratlar

Salixova Kamola Shavkatovna - Respublika Ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktorining o‘rinbosari. Ko‘krak suti bilan boqish dasturining Milliy muvofiqlashtiruvchisi sifatida u tibbiyot xodimlariga ushbu mavzu bo‘yicha saboq beradi. Bugun Kamola Shavkatovna ko‘krak suti bilan boqish amaliyotini ilgari surish naqadar muhimligi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashadi.

1. O‘zbekistonda faqat ko‘krak suti bilan boqish masalasida vaziyat qanday? Bu sohada qanday qiyinchiliklar mavjud va biz ularni qanday qilib yenga olamiz?

1996-2015 yillardagi rasmiy statistika ma’lumotlariga nazar solib, ko‘krak suti bilan boqish dinamikasini tahlili qilar ekanmiz, avvallari O‘zbekistonda emizib boqish ko‘rsatkichlari past darajada bo‘lganligini ko‘ramiz. Biroq keyingi yillarda bu usulda bola boqish darajasi barqaror o‘sib borayotganligi kuzatila boshlandi. Faqat ko‘krak suti bilan boqilayotgan 6 oylikkacha yoshdagi bolalar ulushi keyingi yillarda o‘sdi. Jumladan, agar 1999 yilda ushbu ko‘rsatkich 27,6 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2015 yilda, O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 50,3 foizgacha ko‘paydi. Ko‘rib turganingizdek, bu respublikamizdagi chaqaloqlarning faqat yarmini ifodalaydi, va ko‘krak suti bilan boqish amaliyoti bilan go‘daklarning hammasini qamrab olishga erishish uchun barchamiz yeng shimarib, ko‘p ishlashimiz kerak bo‘ladi.  

Ko‘krak suti bilan boqish darajasi ko‘p jihatdan onalar va bolalarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini berishning sifatini belgilaydi. Shuningdek, u sog‘liqni saqlashning sanitariya-gigiyena sohasidagi bilimlar sifati, akusherlik va pediatriya xizmatlari ishidagi izchillik, tibbiyot xodimlarining malakasi, perinatal yordam bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, infeksiyalarga chalinish profilaktikasi kabi aspektlarni aks ettiradi. Ayni paytda ushbu ko‘rsatkich mablag‘larni jiddiy tejashga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Ko‘krak suti bilan boqishni muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlashdagi eng muhim masala homilador va tug‘adigan ayollarga yordam ko‘rsatuvchi va bolalar muassasalarining ko‘krak suti bilan boqishga to‘sqinlik qiladigan amaliyotini o‘zgartirishdan iborat. Faqat ko‘krak suti bilan boqish masalasida ko‘rsatkichlarni oshirishdagi qiyinchiliklar sun'iy boqish uchun turli aralashmalarni reklama qilish bilan bog‘liq. Onalar va oila a'zolarining past darajadagi xabardorligi ushbu amaliyotga rioya qilish darajasining pasayishiga ta'sir ko‘rsatadi.  Tibbiyot muassasalari rahbarlari, akusher-ginekologlar va pediatrlar bolani tabiiy usulda boqishga alohida e’tibor berishlari va uni keng targ‘ib etishga vaqt ajratishlari maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Respublikada amalga oshirilayotgan ko‘krak suti bilan boqishni muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlash dasturining negizida zamonaviy kamchiqim va resurslarni tejaydigan perinatal texnologiyalarni joriy qilish yotadi. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti va UNICEFning “Bolaga do‘stona munosabatdagi shifoxona” tashabbusi akusherlik statsionarlar va bolalar ambulatoriya-poliklinika muassasalarining amaliyotiga joriy qilinmoqda.

2.  Nima uchun faqat ko‘krak suti bilan boqish nafaqat ona va bola, balki jamiyatimiz va umuman butun mamlakatimiz uchun muhim ahamiyatga ega?

Oqilona oziqlantirish bolaning har tomonlama rivojlanishi, ya’ni chaqaloq normal o’sishi, jismoniy, ruhiy, intellektual rivojning optimal ko‘rsatkichlariga ega bo‘lishi, infeksiyalar va boshqa salbiy tashqi omillar ta'siriga chidamli bo‘lishini ta’minlaydigan eng muhim shartlardan biri hisoblanadi. Emizib boqiladigan bolalar ich ketishi, turli respiratorli infeksiyalar, allergik xastaliklar kabi kasalliklarga ancha kamroq chalinadilar. Ko‘krak suti tufayli ularning IQ darajasi sun'iy aralashmalar bilan boqilgan bolalarga nisbatan 10 bandga yuqori turadi. Yetarli miqdorda ko‘krak suti bilan oziqlanadigan go‘daklarning qorni ancha kamroq sanchib og‘riydi, ular ich qotishi bilan bog‘liq muammolardan aziyat chekmaydi va oziq-ovqat allergiyasi xurujidan himoyalangan bo‘ladilar.  

Ayni vaqtda ko‘krak suti bilan boqish onaning salomatligini ham yaxshilaydi. Bunday amaliyot tug‘ruqdan keyin tezda tiklanishga xizmat qiladi va sut bezlarining hech qanday muammolari yuzaga kelmaydi. Emizib boqish saraton kasalligining oldini oladi va kelgusida osteoporoz kasalligi rivojlanishi xatarini kamaytiradi, chunki onaning suyak tizimi laktatsiya, ya’ni sut kelishi jarayoni tugagandan so‘ng yanada mustahkamlanadi. Ko‘krak suti bilan boqish onani chaqalog‘i bilan birlashtiradi.    Va, nihoyat, bolani emizib boqish hech qanday xarajatlarni talab qilmaydi, shishacha va so‘rg‘ichlarni tayyorlash va sterilizatsiyalash uchun onaning ko‘p vaqtini olmaydi, oila byudjetini tejaydi.

Ko‘krak suti bilan boqishni muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlashni muvaffaqiyatli joriy qilgan hududlarda emizib boqish ko‘rsatkichlari va bir yoshgacha bo‘lgan go‘daklar sog‘lig‘i ahvolining yaxshilanishi kuzatilmoqda. Quyidagi sinflarga mansub kasalliklar bo‘yicha ko‘krak suti bilan boqish va xastalanish o‘rtasidagi bog‘liqlik aniqlangan: yuqumli va parazitar kasalliklar, ichak infeksiyalari; oziqlanish izdan chiqishi, ovqat hazm qilish organlari va tanosil a’zolarining kasalliklari. Bularning barchasi chaqaloqlar va bolalar kasallanishi va o‘limi holatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.  

3. Faqat ko‘krak suti bilan boqishni ilgari surish masalalarida UNICEF va Sog‘liqni saqlash vazirligi birgalikda olib borayotgan hamkorlik to‘g‘risida so‘zlab bersangiz.

Chaqaloqlarni emizib boqishni qo‘llab-quvvatlash Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga juda muhim hissa qo‘shadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi va UNICEF tegishli tibbiy muassasalarda ham, aholi o‘rtasida ham ko‘krak suti bilan boqish dasturi bo‘yicha birgalikda tadbirlar o‘tkazmoqdalar. Bu borada tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish bo‘yicha faoliyat tashkil etilgan, emizib boqishni muhofaza qilish, qo‘llab-quvvatlash va ommalashtirishga qaratilgan keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.          

Hozirgi vaqtda respublikada ko‘krak suti bilan boqish bo‘yicha olib borilayotgan barcha ishlar yanada muvofiqlashtirilgan va maqsadga yo‘naltirilganligi bilan ahamiyatlidir.  Bunday amaliyotni mintaqaviy muvofiqlashtiruvchilarni jalb qilgan holda ilgari surish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etilgan. Muhimi shundaki, Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu yo‘nalishdagi ishlarni rasmiy ko‘mak bilan ta’minlamoqda. Biz, UNICEF va JST tavsiyalariga muvofiq, ko‘krak suti bilan muvaffaqiyatli boqish tamoyillarini amaliyotga joriy etishga harakat qilyapmiz.    

Ushbu sohadagi vaziyatni yaxshilash uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi va UNICEF tibbiyot xodimlarining salohiyatini kuchaytirish uchun muntazam ish olib bormoqdalar. Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi tomonidan ham moliyalashtirilayotgan «Onalik va bolalikni muhofaza qilish xizmatlarini takomillashtirish» loyihasi doirasida bolaga do‘stona munosabatdagi shifoxonalar tashabbusi bo‘yicha 2,638 mutaxassislarga hamda ambulatoriya-poliklinika bo‘g‘inidagi 5,788 tibbiyot xodimlariga saboq berildi.   O‘tkazilgan monitoring mutaxassislarning bilimlari 44 foizdan 91 foizgacha oshganligini ko‘rsatdi.  Biz barcha O‘zbekiston bolalarining manfaati yo‘lida tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish uchun UNICEF bilan hamkorlikni davom ettirish niyatidamiz.


Marta o’qilgan: 726


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar