Marralar sari: Abdulla Abduxalilov, O’zbekiston Milliy Universiteti

Chop etish versiyasi
03 Dekabr 2016
1 1 Fotosuratlar

Abdulla Abduxalilov O’zbekiston Milliy universiteti, Ijtimoiy fanlar fakultetining katta o’qituvchisi. U Xalqaro nogiron insonlar kunida ushbu masala bo’yicha o’z fikrlari bilan o’rtoqlashadi.  

Bolaligingiz haqida aytib bersangiz. Nimalarni orzu qilardingiz? Nimalarga erishishni istar edingiz?

Men ko’zi ojizlar uchun maktabda o’qiganman. Baholarim unchalik yaxshi emas edi – ko’pincha uch va to’rt olar edim. Men tez-tez shifoxonalarda yotganim sabab o’z salohiyatimni to’liq ishga sololmasdim. Meni davolab, ko’zlarimni ko’radigan qilishni istashar edi. Hammasi bo’lib 49 marta shifoxonalarda davolanganman. Shunday baqtlardan birida, Moskva shahridagi shifoxonada onam va men bir keksa ayolni uchratgan edik. U ayolning  ismi yodimizda yo’q, lekin uni tez-tez eslab turamiz. O’sha ayolning o’g’li ko’zi ojiz bo’lishiga qaramasdan konservatoriyada dars berar ekan.  Onam u ayoldan o’g’li bunga qanday qilib erisha olgani haqida so’ragan edi. Ayol shunday deb javob bergan: “O’g’lingga doim hamma narsani aytib tur – yaxshisini ham, yomonini ham. U dunyoni sening  ko’zlaring orqali ko’radi”. Onam o’sha dono ayolning maslahatiga rioya qildi va o’sha kundan boshlab biz tez-tez gaplasha boshladik. Ko’zlari ko’radigan insonlar ma’lumotlarning 80 foizini aynan ko’rish orqali qabul qilishadi, menga o’xshaganlar esa – eshitish orqali. Men yaxshiroq o’qiy boshladim va huquqshunos bo’lishni istardim. Bir kuni televizorda bir siyosatshunosning suhbatini eshitib qoldim. Uning gaplari shu darajada qiziqarli ediki, natijada o’zimni shu sohada sinab ko’rishga ahd qildim.   

2000 yilda O’zbekiston Milliy universitetiga o’qishga kirdim va o’qishni imtiyozli diplom bilan tamomladim. Talabalik davrimda boshlang’ich kurs talabalariga Nitsshe ijodi to’g’risida dars o’tkazdim. Bu jarayon menga yoqib qoldi va universitetni tugatgach, shu erda dars bera boshladim.

Men o’z ishimni, talabalar bilan suhbatlashishni yaxshi ko’raman. Shaxsiy hayotimda ham baxtliman. Yaxshi oilam bor, qizim ikkinchi sinfda o’qiydi, o’g’lim esa bolalar bog’chasiga boradi.

Bugun, Xalqaro nogironlar kunida bunday insonlarga nima degan bo’lardingiz?

Biz ko’pincha nogironligimizni Xudo bizga yuborgan qiyinchiliklardir deb qabul qilamiz. Ayni vaqtda nogironligimiz bizga ko’pincha boshqa insonlarda bo’lmagan imkoniyatlarni beradi. Afsuski, biz oldimizda yopiq bo’lgan eshiklarga qaraymiz va ayni vaqtda, biz uchun ochiq bo’lgan eshiklarga e’tibor bermaymiz.

Do’stim bilan birga “Sen ham muvaffaqqiyatga erish” deb nomlangan kitob chop etdik. Shu kitobni o’qib chiqishni maslahat beraman. Unda nogiron insonlar uchun foydali bo’lishi mumkin bo’lgan savollarga javob topasiz.

Nogironligi bo’lganinsonlarga nisbatan munosabat qanday bo’lishi kerak?

Men “benuqson” va “nuqsonli” degan stereotiplardan qutilishimiz kerak deb o’ylayman. Nogironlik – bu insonning o’ziga xosligidir. Bu xuddi “ozg’in” yoki “to’la”, “past bo’yli” yoki “novcha”, “qoracha” yoki “oq-sariqdan kelgan”, “ko’radigan” yoki “ko’zi ojiz” deganday  tavsif. Har birimiz o’ziga xoslikka egamiz, nogironlik shunday o’ziga xosliklardan biridir. Ko’pchilik nogiron insonlarga huddi o’zgacha mavjudotlarga qaraganday munosabatda bo’lishlari achinarli holatdir. Biz o’zga sayyoraliklar emasmiz. Biz xuddi boshqalarday insonlarmiz. Bizning ham tuyg’ularimiz, istaklarimiz va fikrlarimiz bor. Nogiron insonlarni oddiy insonlarday qabul qilishimiz lozim.

Marta o’qilgan: 781


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar