UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann tashkilotning 2017 yilga belgilangan rejalari to’g’risida

Chop etish versiyasi
13 Fevral 2017
1 1 Fotosuratlar

UNICEF hukumatlarni Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga a’zo davlat sifatida o‘z majburiyatlarini bajarishlarida hamda Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan beriladigan tavsiyalarni amalga oshirishlarida qo‘llab-quvvatlaydi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistondagi bolalar soni 10 milliondan ziyodni tashkil etadi. UNICEF Hukumat bilan birgalikda barcha bolalar o‘z huquqlaridan foydalanishlari, shuningdek o‘z salohiyatlarini to‘liq amalga oshirishlari uchun imkoniyatlarni ta’minlash uchun ish olib boradi.

2017 yilda UNICEF Hukumatga bolalar manfaatlariga qaratilgan siyosatni yanada takomillashtirda, shunga muvofiq ravishda tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda zaruriy bo‘lgan ko‘mak ko‘rsatishni rejalashtirgan. Biz sog‘liqni saqlash, ta’lim va bola himoyasi sohalaridagi sifatli xizmatlar ijtimoiy jihatdan alohida e’tiborga muhtoj o‘g‘il va qiz bolalarni qamrab olishiga alohida e’tibor beramiz. 


Sog‘liqni saqlash:

O‘zbekistonda onalar va bolalar salomatligini saqlashga qaratilgan xizmatlarning sifatini yaxshilash yo‘lida yutuqlarga erishildi. Onalar va bolalar o‘limi ko‘rsatkichlarining pasayishi bunga misol bo‘la oladi. UNICEF sog‘liqni saqlash sifatini takomillashtirishda, ijtimoiy jihatdan alohida e’tiborga muhtoj bo‘lganlar, xususan, qishloq yerlarida yashovchi hamda nogironligi bo‘lgan bolalarni qamrab olishda ko‘mak berishni davom ettiradi. 

2015 yilgi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hayot uchun xavfli kasalliklardan himoya qilish maqsadida 99% dan ziyod bolalar emlangan. 2019 yilning oxiriga borib, vaksinalarni sotib olishda O‘zbekistonga ko‘rsatilayotgan tashqi ko‘mak nihoyasiga yetadi. Vaksinalarni xarid qilishga mo‘ljallangan byudjetni ishlab chiqishda, ularni to‘g‘ri taqsimlash va foydalanish jarayonini boshqarish rejalarini tuzishda UNICEF Hukumat bilan hamkorlikda ish olib boradi. Bu barcha bolalarni emlash imkonini yaratadi.

Har qanday go‘dak hayotidagi eng muhim davr uning birinchi 1000 kuni hisoblanadi, ya’ni ona qornida bo‘lgan vaqtidagi to‘qqiz oydan boshlab, bolaning ikki yoshga to‘lgunicha bo‘lgan davr. Bu vaqtda bolaning miyasi har soniyada 1000 tagacha yangi aloqalarni o‘rnatadi, va bu davr inson hayotida faqat bir marotabagina beriladigan imkoniyat hisoblanadi. Aynan shu davrda bolalarning kelajakda ta’lim olishlari va salomatliklari uchun poydevor barpo etiladi. G‘amxo‘rlik bilan parvarishlashning yetishmasligi – bu esa yetarli ovqatlanish, rag‘batlantirish, mehr ko‘rsatish, ruhiy zarba va zo‘ravonlikdan himoya qilishni o‘z ichiga oladi – bola miyasining rivojlanishiga to‘sqinlik qilishi mumkin. 

Agar umumjahon ma’lumotlariga murojaat etadigan bo‘lsangiz, past va o‘rta daromadli mamlakatlarda yashovchi besh yoshdan kichik bo‘lgan taxminan 250 million bolalar, yoki barcha bolalarning 43 foizi uchun to‘yib ovqatlana olmaslik, qashshoqlik va yetishmovchilik sababli o‘z salohiyatlaridan to‘la foydalana olmaslik xatari yuqori hisoblanadi. Bundan tashqari, past va o‘rta daromadli mamlakatlarda yashovchi bolalar ko‘pgina muammoli holatlarga yuz tutadilarki, bu pirovardida ularning salomatligiga, farovonligiga, shuningdek bilim olishlariga butun hayotlari davomida o‘z ta’sirini o‘tkazib keladi. Bu nafaqat qashshoqlik, tengsizlik va ijtimoiy yakkalanishning paydo bo‘lishiga ham sabab bo‘ladi. 

2017 yilda UNICEF homilador ayollar va yosh bolalar uchun munosib tibbiy xizmat, ozuqa, mehr va parvarish, havfsizlik, shuningdek erta ta’lim bilan ta’minlash uchun ish olib boradi. Mamlakatda keng tarqalgan patronaj hamshiralarining uylarga tashrif buyurishi tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu tizim orqali biz oilalarga to‘g‘ri ma’lumotlarni samarali tarzda yetkaza olish imkoniga ega bo‘lamiz. Hamshiralar bola hayotida muhim o‘rin tutadigan 1000 kun davomida unga zarur bo‘ladigan tibbiy xizmatlar, ozuqa hamda rivojlanish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oilalarga yetkazib boradilar. 


Ta’lim:

O‘zbekiston Hukumati yaqinda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha davlat dasturini qabul qildi. Rasmiy raqamlarga qaraganda, 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 77 % maktabgacha ta’lim muassasalariga jalb etilmagan. Bu esa, millionlab bolalar o‘zlarining ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda maktabga tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatlarini qo‘ldan boy bermoqdalar deganidir. 

Biz bilamizki, bu yo‘nalishda mamlakatning turli hududlaridagi vaziyat bir-biridan farq qiladi. Shaharlardagi holat qishloq yerlaridagiga nisbatan yaxshiroq, shuningdek ta’minlangan oilalarning ta’lim muassasalaridan foydalana olish imkoniyatlari o‘rta hol va kam ta’minlanganlariga nisbatan ko‘proq. Shu sababli e’tiborni yetarli ravishda rivojlanmagan hududlardagi kam ta’minlangan oilalarning bolalari uchun maktabgacha ta’limni ta’minlashga qaratish zarur. UNICEF barcha bolalar maktabga puxta tayyorgarlik ko‘rishlarini, shuningdek maktabgacha zarur bo‘lgan ta’limni olishlari uchun mazkur davlat dasturini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi. 

Shu bilan birga, UNICEF ta’lim sohasida sifatni, samaradorlikni hamda inklyuzivlikni yaxshilash yo‘lida ish olib boradi. 


Bola himoyasi:

Nogironligi bo‘lgan bolalarning ehtiyojlarini tushunish maqsadida UNICEF O‘zbekiston Hukumatiga ularning holatlarini o‘rganish bo‘yicha izlanish o‘tkazishda ko‘mak beradi. Mazkur izlanish natijalari bunday bolalarning ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirishga yordam beradi.

Rasmiy manbalarga qaraganda, 2015 yilda internatlarga joylashtirilgan bolalar soni 19896 nafarni tashkil etgan. Ayrim hududlarda o‘tkazilgan izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, ana shu bolalarning faqat 14 % gina yetim hisoblansa, u yerdagi yarmidan ko‘p bolalarning internat qaramog‘iga topshirilishiga ularning oilalari yuz tutgan qiyin ijtimoiy va iqtisodiy holat sabab bo‘lgan. 

2017 yilda UNICEF oilada voyaga yetish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan bolalarni maxsus muassasalarga joylashtirilishining oldini olish bo‘yicha o‘z faoliyatini davom ettiradi. Maslahatlar berish, zaif oilalar va bolalarning ehtiyojlarini qondira oladigan ijtimoiy nafaqalar singari xizmatlarni munosib tarzda uyg‘unlashtirish orqali mamlakat muassasalarga joylashtirilayotan bolalar sonini sezilarli darajada qisqartira olishi, ularni oilalari bilan bo‘lishlarini ta’minlay olishi, yoki bolaning oilaga o‘xshash muhitda o‘sishini ta’minlaydigan muqobil yechimlar topa olishi mumkin. 

UNICEF mamlakatda balog‘atga yetmaganlar ishlari bo‘yicha adliya tizimini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlamoqda, zero bolalarga nisbatan adliya tizimining qay tarzda qo‘llanilishi ularning qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchlari shakllanishiga sezilarli ta’sir o‘tkazadi. Biz muqobil choralar adliya tizimidagi islohotlarga kiritilayotganidan mamnunmiz. Adliya tizimidan chiqarish stigmatizatsiya yuzaga kelishini hamda bolalarga sud muhokamalari salbiy ta’sir o‘tkazishining oldini oladi, o‘zining past retsidivlik darajasi hamda yuqori iqtisodiy samaradorligi hisobiga omma havfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. 

UNICEF O‘zbekiston Hukumatining 2017 yilni Xalq bilan muloqot va inson manfaatlarini himoya qilish yili deb e’lon qilganini va bu orqali ushbu yilda qarorlar qabul qilinishiga jamoatchilikni jalb etishni orttirish niyatida ekanligini yuqori qadrlaydi. Bu Hukumat uchun Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga bola huquqlari bo‘yicha shikoyatlarni ko‘rib chiqish mexanizmini yaratishga qaratilgan Uchinchi fakultativ protokolni ratifikatsiya qilish masalasiga e’tibor qaratish uchun imkoniyat beradi. Umid qilamizki, 2017 yilda ijtimoiy jihatdan alohida e’tiborga muhtoj kishilarning, xususan bolalarning huquqlarini amalga oshirish yo‘lida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar uchun imkoniyatlar yaratiladi.

Muallif: UNICEF

Marta o’qilgan: 34


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar