Chempion nazarida: bolalar va ota-onalar munosabatlari

Chop etish versiyasi
30 Iyun 2017

Iroda Tulaganova – sobiq professional tennischi bo’lib, 2002 yilda Ayollar Tennis Assotsiatsiyasining reytingiga ko’ra yakka o’yinchilar o’rtasida dunyoning 16-raketkasi hisoblangan. Iroda UNICEFga otasi to’g’risidagi xotiralari va o’zining onalik tajribasi xususida gapirib berdi.

photo_2017-06-30_15-18-39.jpg

- Sportdagi muvaffaqiyatlaringizda otangizning o’rnini qanday izohlagan bo’lar edingiz?

- Men sportning har xil turlariga qiziqar edim. O’g’il bolalar bilan hovlimizda futbol ham o’ynaganman, basketbol ham. O’zimni gimnastikada ham sinab ko’rganman, ammo formatim bir oz to’g’ri kelmagan (kuladi).

Bir kuni otam meni tennis murabbiysi bilan sinov mashg’ulotiga borishimni va u yerda bu sport turi meni qanchalik qiziqtira olishini sinab ko’rishimni aytib qoldilar. Shundan keyin ushbu sport turi haqida, uning qoidalari haqida umuman hech narsa bilmagan holda ilk mashg’ulotga yo’l oldim. Murabbiy menga eski raketkani tutqazib, devorga to’p urib qanday mashq qilishni ko’rsatib berdi. Men uning ko’rsatmalariga amal qilgan holda mashg’ulotni boshladim. Murabbiy mening harakatlarimni ko’rib, juda ham ajablandi va chindan ham bundan oldin hech qachon raketkani qo’limga olmaganim haqida qayta-qayta so’radi. Shuningdek, u keyingi mashg’ulotga otam bilan birga kelishimni tayinladi. Bu meni bir oz xavotirga soldi, chunki bunday talab hech qachon yaxshilikdan dalolat bermagan.

Otam kelganida, murabbiy meni kortga taklif qildi va biz oddiygina to’p otishni mashq qila boshladik. Shunda u yon-atrofdagi shogirdlaridan biri – o’sha vaqtda Sovet Ittifoqida yoshlar o’rtasida ikkinchi raketga hisoblanmish boladan uning fikricha men qanchadan beri tennis bilan shug’ullanishimni so’radi. Yigitcha “bir-ikki yil bo’lsa kerak”, - deb javob berdi. U shu uslub bilan mendagi tennis o’ynashga bo’lgan tabiiy iqtidorni namoyish qilishga harakat qilgan edi. O’sha kuni murabbiy bilan bo’lgan suhbatdan so’ng otam menga mash’hur ayol tennischilar, ularning hayoti va yutuqlari to’g’risida hikoya qiluvchi videofilmni qo’yib berdi. Keyin “Ulardan biri bo’lishni istaysanmi?” – deb so’radi va bu yo’l mashaqqatli mehnat va ba’zan nimalardandir voz kechishni talab etishini ta’kidladi. Men yulduzlar ichiga eltuvchi o’z yo’limni barpo etishga qaror qildim.

Xullas, savolingizga javob tariqasida shuni aytishim mumkinki, ha, tennisga meni chindan ham otam boshlab kelganlar, va ular aynan bu sport turida men muvaffaqiyatga erishishim mumkinligini oldindan qandaydir sezganlar. Ular menga o’zim qaror qabul qilishimga imkon berdilar va keyin meni qo’llab-quvvatlab turdilar.  Bundan tashqari, keyinchalik otam o’zining bor vaqti va e’tiborini mening sportda yutuqlarga erishishimga  bag’ishlashga qaror qildi. Ular mening menejerim bo’ldilar, homiylar topish bilan shug’ullanar edilar, xalqaro turnirlarga qilgan safarlarimda menga hamrohlik qildilar, va ular menga mening birinchi Wilson rusumli, chiroyli yulduzchalari bor raketkamni olib berganlar (kuladi).

- O’zingizning onalik tajribangiz va o’g’lingizning ilk bolalik davrlari xususida nimalarni ayta olasiz?

- Men boshqa davrda ulg’aydim. U vaqtlar ota-onalar farzandlarining erta rivojlanish masalalariga unchalik e’tibor qilmas edilar. Ammo o’tgan davr ichida katta o’zgarishlar bo’lib o’tdi. Shaxsan o’zim onalik zavqini to’laligicha his etishni istagan edim. Farzandimning chaqaloqlik davridagi har bir soniyasidan zavqlanar edim, uyqusiz tunlarimda yoki soatlab uni qo’limda ko’tarib yurishimga to’g’ri kelgan vaqtlarda ham.

Doim farzandim ta’lim olish uchun eng yaxshi sharoitlarga ega bo’lishini istardim, doim birgalikda o’yinlar o’ynab, sayr qilib, kitob o’qib, qo’shiqlar kuylab, ko’proq vaqtimni u bilan o’tkazishga harakat qilar edim.

U endigina ikki yarim yosh bo’lganida uni qanday to’garakka yozdirish haqida bosh qotira boshladim, chunki uning hayotda yaxshi start olishini ta’minlab berishni istar edim. Men uni “Pochemuchka” (bolalar rivojlanish markazi)ga olib borardim. Vaholanki, u hali yoshi bo’yicha ularga to’g’ri kelmas edi. Men hech bo’lmasa boshqa bolalar qanday qilib o’qib-o’rganayotganlarini kuzatishi uchun shunday qilar edim. Shuning uchun ham “Ilk davrlar muhimdir” kampaniyasini to’liq qo’llab-quvvatlayman va men o’g’limning oliy manfaatlari yolida qo’limdan kelgan barcha narsalarni qilib kelganman.

Afsuski, farzandim 2 yoshligida turmush o’rtog’im bilan ajrashdik. Ammo bizning ayrilishimiz sokin kechdi va o’g’lim Parisga hech qanday ta’sir ko’rsatmadi. Otasi hali ham uning qahramoni bo’lib kelmoqda. Agar otasi uni olib ketishga keladigan bo’lsa, Paris bir necha daqiqada tayyor bo’ladi. Ular juda tez-tez ko’rishib turishadi, haftasiga bir-ikki kunni birga o’tkazadilar. Biz bir-birimiz bilan yaxshi munosabatdamiz. U ham, uning ota-onasi ham istalgan vaqtda, taklifsiz biznikiga kelishlari mumkin. U biz bilan birga yashamayotgan bo’lsa ham hech ikkilanmasdan uni yaxshi ota deya olaman. Menimcha, munosabatlarimizni Paris manfaati uchun ma’qul tarzda tashkil etishga muvaffaq bo’ldik.

- Barcha ota-onalarga nimalarni aytgan bo’lardingiz?

- Onalik borasida unchalik katta tajribaga ega emasman, chunki bor-yo’g’i bitta o’g’lim bor. Ammo o’zimning xulosalarim bilan o’rtoqlasha olaman. Mening fikrimcha, bolalar mehr-muhabbatga yo’g’rilgan tarzda ulg’ayishlari lozim. Ular o’zlarini qanday tutsalar, yaxshi bo’lishini va nimalarni qilmaslik ma’qul bo’lishini o’rganadilar. Menimcha, bolalar o’z ota-onalari oldida qo’rquvni his etmasliklari lozim. Maktabdagi va tengdoshlari bilan munosabatlaridagi muammolarini, qo’yinki ularni bezovta qilayotgan har qanday narsani o’z ota-onalariga aytishdan cho’chimasliklari lozim. Biz goho qattiqqo’l bo’lishimiz mumkin, ammo biz ular har qanday sharoitda ham murojaat qilishlari va ishonishlari mumkin bo’lgan insonlar bo’lib qolishimiz lozim. Shundagina biz ularni kimdir xafa qilsa yoki qandaydir noma’qul ishlarga jalb qilishga harakat qilayotgan bo’lsa, bundan birinchi bo’lib xabardor bo’lishimizga ishonchimiz komil bo’lishi mumkin. Biz e’tiborli va mehribon bo’lishimiz kerak, ammo, shu bilan birga, ularga mustaqil ravishda qaror qabul qilishni ham o’rgatib borishimiz lozim. 

photo_2017-06-30_15-18-42.jpg
Muallif: UNICEF

Marta o’qilgan: 219


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar