Ijobiy hayotga ijobiy yondashuv - OIV bilan yashayotgan o‘smirlarning barqaror salomatligini ta’minlash uchun ularni qo‘llab-quvvatlash

Chop etish versiyasi
05 Sentabr 2017

“Hayotdagi eng katta maqsadim – uchuvchi bo‘lish” – deydi “Salomatlik va qo‘llab-quvvatlash asoslari” treningiga Buxoro viloyatidan tashrif buyurgan 15 yoshli Muzaffar, o‘tkir nigoh tashlab. Darhaqiqat, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika OITSga qarshi kurashish markazi va UNICEF tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar OIV bilan yashayotgan o‘smirlarga orzularini muhokama qilib, to‘laqonli hayot kechirishga umid bermoqda.

0L2A6195 (2).JPG


Joriy yilning iyul oyida bo‘lib o‘tgan treningda OIV bilan yashayotgan jami 34 nafar yigit-qizlar, ularning ota-onalari hamda pediatr-shifokorlar ishtirok etishdi. Trening ishtirokchilari respublikamizning Toshkent, Buxoro, Sirdaryo, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahridan keldilar. O‘smirlar kelgusida, o‘z uylariga qaytib borgandan so‘ng, treningda orttirilgan ko‘nikmalarini o‘z tengdoshlari bilan samarali o‘rtoqlashish maqsadida o‘tkazilgan sessiyalarda faol qatnashdilar.

“Ushbu tadbirning asosiy maqsadi - bolalar va ularning ota-onalariga OIV hamda OITS haqida muhim ma’lumot berish va bunday tashxis bilan to‘laqonli hayot kechirish ko‘nikmalariga o‘rgatishdan iborat”, - deb ta’kidladi UNICEF maslahatchisi Kamila Fatixova treningning rasmiy ochilish marosimida. Shu bilan birga mazkur trening tengdosh-tengdoshga tamoyiliga amal qilgan holda bolalarda yetakchilik fazilatlarini shakllantirish hamda ular OIV bilan yashayotgan boshqa bolalarga ko‘mak beruvchi murabbiylar bo‘lib yetishishlariga yordam beradi.” 

0L2A6678.JPG

Mening ijobiy hayotim!

O‘smirlar uchun tashkil etilgan mashg‘ulotlarda dastlab bolalar ikkilanib, tortinib turishdi. Keyin esa “Men treningdan nimalarni kutyapman” mavzusida o‘tkazilgan interfaol mashq bolalarni bir jamoa bo‘lib faol qatnashishga undadi, chunki ushbu mashq yigit-qizlarning orzu-umidlariga asoslangan edi. 
“Mana olti yildirki, tengdosh-tengdoshga tamoyili asosida o‘tkaziladigan treninglarni olib boryapman. Bu safar tashkil etilayotgan tadbirda biz bolalarga o‘z tashxisini qabul qilish va OIVga oid bilimlarini yanada kengaytirishga harakat qilyapmiz,” – deydi UNICEF treneri Doston Xolosboyev. 

0L2A6175.JPG

Bolalar o‘z tashxislari to‘g‘risida xabar topganlaridan keyin, ko‘pincha cho‘chib ketadilar va atrofdagilardan “berkinib” oladilar, chunki hayotdan ko‘ngillari sovib ketishi holatlari namoyon bo‘ladi. Bunday vaziyat bolalar o‘z xastaliklariga oid to‘g‘ri ma’lumotlarga ega emasliklari sababli yuzaga keladi. Ular treninglarda ishtirok etib, bu tashxisni to‘g‘ri idrok etsalar va barcha ko‘rsatmalarga amal qilib, dori-darmonlarni o‘z vaqtida qabul qilsalar, ularning hayoti boshqa bolalarning turmush tarzidan hech farq qilmasligini anglab yetadilar. Natijada ularing ertangi kunga bo‘lgan ishonchi yanada mustahkamlanadi. 

Quvonarli jihati shundaki, ushbu treningda avvallari o‘zlari shu kabi tadbirlarda qatnashgan besh nafar o‘smirlar trenerlar va ularning yordamchilari sifatida ishtirok etdilar. Ayni paytda, bu kabi tadbirlarda ishtirok etgan bolalar keyinchalik o‘z mintaqalariga qaytib, u yerlardagi viloyat OITSga qarshi kurashish Markazlarida va Bolalar markazlarida tengdoshlari bilan bilim va tajriba almashishlari juda muhim ahamiyat kasb etadi. 

OIV bilan yashayotgan farzandimga qanday yordam berishim mumkin?

Ko‘pgina odamlar OIV/OITS to‘g‘risida cheklangan bilimlarga ega bo‘lganlari va ota-onalar o‘z farzandlarining savollariga doim ham to‘g‘ri javob bera olmasliklari sababli OITSga qarshi kurashish Markazining tajribali pediatrlari ota-onalar uchun “OIV bilan yashayotgan o‘smirlarga tibbiy yordam ko‘rsatish” mavzusida mashg‘ulot o‘tkazdilar. Tadbir davomida mutaxassislar bolalar va ularning ota-onalarini tashvishlantirgan ko‘pgina savollarga atroflicha javob berdilar, birgalikda mavjud muammolarni muhokama qildilar, OIVga chalingan bolalar qanday turmush tarziga amal qilishlari yuzasidan ota-onalarga amaliy maslahat berdilar. 

0L2A6896.JPG

“OITSga qarshi kurashish Markaziga kelgan ota-onalar ko‘pincha markaz xodimlariga “Farzandim bu kasal bilan qancha yashay oladi” kabi savol bilan murojaat etadilar. Chunki bu savol ularni ayniqsa kuchli tashvishlantiradi. Biz ularga agar farzandlari antiretrovirus (retrovirusga qarshi) terapiyasiga qat’iy amal qilib, tayinlangan barcha dorilarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri qabul qilsalar, ularning salomatligi albatta yaxshilanadi, deb tushuntiramiz, - ta’kidlaydi Respublika OITSga kurashish Markazi pediatri Hulkaroy Ashurova. - “Bunday treninglar ota-onalarning bilimlarini oshirib, ularga ruhiy va ma’naviy madad berishga xizmat qiladi.”

Chindan ham “Kerakli ma’lumotga ega bo‘lib, butun dunyoni egallash mumkin” deb aytilishi bejiz emas. Ba’zida o‘smirda kerakli bilimlar yo‘qligi va ruhiy zarbaga bardosh berish ko‘nikmalari mavjud bo‘lmasligi uning hayotini salbiy tomonga burib yuborishi hech gap emas. Buni treningning birinchi kunida ishtirok etgan o‘smirlar va ularning ota-onalari hissiyotlaridan anglab olish qiyin emas. Mashg‘ulotga “Endi nima bo‘ladi?”, “Bu yog‘iga qanday yashayman?”, “Farzandim yana qancha umr ko‘radi?” kabi qo‘rqinchli savollar iskanjasida tashrif buyurgan ishtirokchilar treningdan keyin “yelkalaridan tog‘ ag‘darilgan” kayfiyatda, ko‘zlarida umid uchqunlari porlab, kelajakka ishonch bilan uylariga qaytadilar.

0L2A6293.JPG

Muallif: UNICEF

Marta o’qilgan: 296


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar