Qiz bolalar qodirlar: Qizlarni mehr va rag’bat bilan tarbiya qilish bir kun kelib o’zini oqlaydi

Chop etish versiyasi
11 Oktabr 2017

nilufar1.jpg

Nilufar Kuchimova Vestminster universitetiga 16 yoshida kirib, uni 20 yoshida bitirdi. 23 yoshida esa u - Garvard Yuridik maktabining magistraturasi talabasi.

O’z onasidan madad olish - o’z qizini qo’llab-quvvatlash

Men o’zimni hamisha, huddi har qanday o’g’il bola kabi, barobar va har narsaga qodir deb hisoblab kelganman. Biz oilada uch farzandmiz, barchamiz qiz bolamiz va barchamizga bolaligimizdanoq o’z orzularimizga intilishimizda, shu orzularga erishishda sabotli bo’lishimizda hamda doimo yuqoriga qarab talpinishimizda ota-onamiz ulkan madad hamda xayrixohlik ko’rsatishgan. Men uch yashar qizaloqning onasiman va o’z turmush o’rtog’im bilan qizimga hozirgi kunda va kelajakda ota-onam kabi madadkor va xayrixoh bo’lishga harakat qilaman. Ota-onalarimiz bizga ana shunday munosabatdadirlar.

Qizlar o’g’il bolalarga nisbatan noqulay sharoitda bo’ladilar deb fikr yuritishni o’zgartirish zarur va u O’zbekistonda o’zgarmoqda. Bizning yoshdagi avlod orasida hamda jamiyatda bu kabi tushunchalar asta-sekin yo’q bo’lib borayotganidan mamnunman. 

Oilada birgalikda qaror qabul qilish

Qizlik uyimda, hamma xonadonlarda bo’lmasa ham, ko’pchilik xonadonlardagidek, ota-onam muhim qarorlarni doimo birgalikda qabul qilar edilar. Ammo, o’z farzandlariga taalluqli bo’lgan masalalar yuzasidan ular hamisha biz bilan maslahatlashar, yoki, eng kamida, unday qarorlar haqida bizni ogoh etishar edi. O’z kelajagimiz, o’qishimiz, yoqtiradigan mashg’ulotlarimiz va hatto turmushda biz bilan birga bo’ladigan insonlar bilan bog’liq bo’lgan masalalar yuzasidan ota-onalarimiz bizlarni o’zimiz qaror qabul qilishga, shuningdek bu hatti-harakatlarimiz va qarorlarimiz uchun mas’uliyatni o’z zimmamizga olishga rag’batlantirar edilar. Ular bizga mustaqil fikr yuritish qadr-qiymatini uqtirishga intilar edilar. Shunday bo’lsada, na men, na mening opa-singillarim ota-onamiz bilan maslahatsiz va ularning ma’qullashlarisiz hech qachon qaror qabul qilmaganmiz, hozirgi kunda ham unday qilmaymiz.

Bugungi kunda katta va kichik hayotiy masalalar bo’yicha turmush o’rtog’im bilan birgalikda qaror qabul qilamiz. O’z turmushimizning barcha jabhalari bo’yicha bir-birimizning g’oya va fikrlarimizni yuqori qadrlaymiz. Siz turmush qurib, oilaviy hayotni boshlar ekansiz, qabul qilishingiz mumkin bo’lgan barcha qarorlar bevosita yoki bilvosita oilaning qolgan a’zolariga o’z ta’sirini o’tkazadi. Shuning uchun ham biz turmush o’rtog’im bilan deyarli barcha narsa borasida maslahat qilamiz. Biz bir-birimizning tanlov, maqsad va orzularimizni hurmat qilamiz, xayrixohlik ko’rsatamiz va shu sabab bir-birimizni juda ham qo’llab-quvvatlaymiz. Bugungi kunda Garvardda tahsil olayotganimning asosiy sabablaridan biri ham, turmush o’rtog’imning behad madadi va doimiy ravishda ma’naviy qo’llab-quvvatlashi boisidandir. Bu g’alati tuyulishi mumkindir, ammo hayotimizda shunday vaziyatlar bo’ladiki, unda turmush o’rtog’im menga, men o’zimga ishonganimdan ham ko’proq ishonadi va aksincha. 

Ta’lim olishga bo’lgan muhabbatni qalbimga joylashgani uchun ta-onamdan minnatdorman

Juda ham baxtli va to’laqonli bolalikda o’sganim mening omadim bo’ldi. Ota-onam yoshliklarida bizlarda bo’lgani kabi, imkoniyatlari bo’lmagani sabab, ular biz ta’lim olishimiz uchun, ta’lim olganda ham puxta ta’lim olishimiz uchun qo’llaridan kelgan barcha sharoitni yaratib berdilar. O’ylaymanki, bizning ta’lim olishimiz yo’nalishida ota-onam bizlar uchun qilgan eng yaxshi ishlari – bu nafaqat sifatli ta’lim olishimizga sharoit yaratganlari, balki qalbimizga o’qishga bo’lgan muhabbatni solganlari bo’ldi. Shunday qilib ulg’ayar ekanmiz, biz nafaqat ta’lim olar, balki butun ta’lim olish jarayonidan benihoya lazzatlanar edik.

Sen dunyoga keraksan

nilufar2.jpg

Qiz bolalarga, ayniqsa o’z ona yurtimdagilarga aytadigan so’zim shuki,– o’zlariga ishonsinlar, hatto butun dunyo ularga shubha bilan qarasa ham. Nimaga qodir ekanimizni hamda kuchimiz nimada ekanini faqat o’zimizgina bilamiz va undan ezgu maqsadlar uchun foydalanishimiz kerak. Shuningdek, o’z orzu-umidlarimizga erishishda matonat ko’rsatishimiz zarur. Bilaman, ayrim odamlar imkoniyatlar nuqtai-nazaridan boshqalarga qaraganda omadlari chopgan, ammo bu bizni chalg’itishi kerak emas, balki yanada tirishqoqlik bilan ishlash va harakat qilishimiz uchun turtki bo’lishi zarur, buning uchun ko’proq kuch-g’ayrat sarf bo’lsa ham. Kim bo’lishimizdan qat’iy nazar, o’g’ilmi, qizmi, salohiyatimiz cheksizdir. Meni hamisha ilhomlantiradigan, umid qilamanki, boshqalarni ham ilhomlantiradigan quyidagi sozlar bilan fikr-mulohazalarimni yakunlamoqchiman: “Siz tug’ilgan kun Tangri bu dunyo endi sizsiz mavjud bo’la olmaydi deb qaror qabul qilgan kundir.”

Muallif: Nilufar Kuchimova

Muallif: UNICEF

Marta o’qilgan: 35


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar