O'zbekistonda yanada yaxshi oziqlanishga zamin yaratadigan milliy tadqiqot

Chop etish versiyasi
27 Oktabr 2017

Kuz faslining salqin kunlaridan biri. O’zbekiston poytaxti Toshkent shahrining chet hududlari. Sherzod o'zining ikki nafar hamrohi bilan xonadonlar zich joylashgan mahalla oralab tez-tez yurib ketmoqda. "Shoshilaylik, bugun yana o'nta xonadonga borishimiz kerak,”- deydi u uylardan birining eshigini taqqillatar ekan.

Eshik ochilib, xonadon bekasi Dildora tashrif buyurganlarga salom berdi. "So'rov o'tkazayotgan kishilar sizlar bo’lsangiz kerak, marhamat, kiring. Menga kelishingizni aytishgan edi," – deydi u.

Mehmonlar odatga ko’ra salom-alik qilib, uyga kiradilar va suhbatlarini oiladagi ovqatlanish odatlari to’g’risida savollar bilan boshlaydilar. Ba'zi savollar Dildorani chuqurroq o’ylashga majbur qilsa-da, u barchasiga mamnunlik bilan javob beradi. "Menga bu tadqiqot g'oyasi judayam yoqdi, yakuniy natijalarini ko'rishni istardim,"- deydi Dildora suhbat yakunida.

DSC_8346.jpg

So'rov

Dildora maktab o'qituvchisi va to'rt farzandning onasi. U ham 2017 yil oktabr oyida O'zbekiston bo'ylab oziqlanish bo’yicha holatni aniqlash tadqiqotida ishtirok etayotgan bir necha minglab kishilar qatorida.

Sog'liqni saqlash vazirligi va UNICEF tomonidan tashkil etilgan oziqlanish bo’yicha milliy tadqiqot davomida ayollar va bolalar o'rtasida yetarlicha oziqlanmaslik darajalariga oid zarur ma'lumotlarni to'plash rejalashtirilgan. Tadqiqot mikronutriyentlar tanqisligi miqyosi, jumladan, temir moddasi va A vitamini yetishmovchiligining ko’lamini yanada aniqlashtirishni ko'zda tutadi. Bu kabi tanqislikni aniqlash oson emas. U ko’rinmaslik xarakteriga ega bo’lgani va inson uchun jiddiy xavf tug’dirishi sababli “yashirin o’lim” deb ham ataladi.

Tadqiqot natijalari hukumat uchun yangi maqsadli oziqlanish bo’yicha dasturlarni ishlab chiqish, mavjudlarini esa  mukammallashtirish uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Dildora bilan bir mahallada yashovchi 3 yoshli Saidalining otasi Saidakbar ham so'rovnoma sog'liqni saqlash organlariga aniq ma’lumotlarga asoslangan holda qaror qabul qilishlarida katta yordam beradi deb umid qilmoqda. "Natijalarni bilish juda yaxshi bo'lar edi, odamlar oziq-ovqat muammolari haqida shikoyat qilmasdilar. Bunday tadqiqotlar qaror qabul qiluvchilarga muayyan masalalarni hal qilish imkoniyatini beradi," - deya fikr yuritadi u.

DSC_8439.jpg

Tadqiqot 5 yoshgacha bo'lgan bolalar, reproduktiv yoshdagi ayollar (15-49) va homilador ayollarning oziqlanishi bo’yicha holatlarini o’rganadi. Umuman olganda, mamlakat bo'ylab qishloq joylarda va shaharlarda jami 4200 ta tasodifiy tanlab olingan xonadonlarda suhbat o’tkaziladi.

Ma'lumot yig'uvchilar bolalarning emlash holati to’g’risida ham ma'lumot to’playdilar.

Jamoalar

Tadqiqot mamlakatning 12 mintaqasi, shuningdek, Qoraqalpog'iston Respublikasi va Toshkent shahrida mustaqil jamoalar tomonidan olib boriladi.

Sherzod Toshkentning markaziy hududida ishlayotgan jamoaga etakchilik qilmoqda. Uning jamoasi ikki nafar suhbat o’tkazuvchilar, hamshira, laborant va haydovchidan iborat.

"Tadqiqotga oldidan maxsus tayyorgarlik ko'rdik,” – deydi Sherzod. “Jamoa sardorlari, suhbat o’tkazuvchilar va tibbiyot xodimlariga batafsil ko’rsatmalar berildi, jumladan, odamlar bilan ishlash va ma'lumotlarni to'plash davomida yuzaga keladigan muammolarni hal qilish bo'yicha maslahatlar berildi".

DSC_8321.jpg

Sherzodning aytishicha, jamoa belgilangan muddatda topshiriqlarni bajarish uchun harakat qilmoqda. "Qishloq joylarda yashovchi odamlar barvaqt ishga ketadilar, uylariga esa kechqurun qaytadilar. Shuning uchun biz erta tongdan kechgacha ishlayapmiz. Ba’zi oilalar katta, ularda 12 kishigacha oila a’zolari bo’lib, biz ularning har birini ro’yxatga kirityapmiz,"- deydi u.

Xonadonlarga tashrif buyurish va odamlar bilan suhbatlashishdan tashqari, jamoalar mahalliy klinikalarda ayollardan, shu jumladan, homilador ayollardan qon va siydik namunasini to'playdilar. Buning uchun alohida xonalar ajratilgan. Respondentlar klinikalarga vazn va bo’y o'lchovlarini aniqlash, hamda shu yerda qon va siydik namunalarini topshirish uchun taklif qilinadilar, olingan namunalar esa viloyat markaziga yuboriladi.

"Odamlar savollarga javob berishdan bosh tortmaydilar, lekin qon va siydik namunalarini berishda ba'zi kishilar ikkilanib qolayapdilar," - deydi Sherzod bilan birga ishlovchi flebotomist Baxtigul. "Biz loyihaning jamiyat uchun va shaxsan ular uchun foydali tomonlarini tushuntirishga harakat qilayapmiz, shundan keyin ularda biz bilan hamkorlik qilishga rozi bo’lyaptilar," – deb qo’shimcha qiladi u.

Xonadonlarga borib ishlovchi jamoa a'zolari Toshkent shahridagi laboratoriyada tekshirilishi uchun o’zlari tashrif buyurgan oilalarda iste’mol qilinayotgan un va tuz namunalarini ham olishadi. Dildora ham shular qatorida suhbat o’tkazuvchilarga oshxonasidan bir necha qoshiq un va tuz olishlariga ruxsat berdi. "Tuzni yodlangan deb hisoblashadi, lekin bunga ishonchimiz komil emas, umuman olganda, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish ustidan davlat nazoratini kuchaytirilishini istayman. Chunki bolalarim va nabiralarimning salomatligi haqida qayg'uraman," – deydi u.

Muhim ma'lumotlar

Dildoraning xavotir bo’lgani bejizga o’xshamaydi, chunki so'nggi 20 yil ichida mamlakatning rivojlanishiga qaramay, O'zbekistonda minerallar va vitaminlar tanqisligi hanuz mavjud.

Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan 2008 yilda o’tkazilgan so'rov natijalariga ko'ra, reproduktiv yoshdagi ayollarning 34 foizdan ko'prog'ida kamqonlik, 30 foiz ayollarda esa temir moddasi tanqisligiga kuzatilgan.

Ayrim hududlarda kamqonlik va o'sish sur'atlari bo'yicha tadqiqotlar olib borilgan bo’lsa-da, ayollar va bolalarning sog’lom oziqlanish holatlari to'g'risidagi ma'lumotlar juda kam. Temir moddasi, A vitamini, folat va B 12 vitamini yetishmasligi haqida ma'lumotlar mavjud emas.

Hozirda olib borilayotgan milliy tadqiqot ushbu bo’shliqni to'ldirishni maqsad qilib, birinchi bor oziqlanish holatiga tegishli mintaqaga xos ko'rsatkichlarni taqdim etadi. Muhim ko'rsatkichlar va ishonchli ma'lumotlarga ega bo'lish O'zbekiston ayollari va bolalarining farovonligini ta'minlash bo'yicha davlat dasturlarini rejalashtirish va monitoring qilishda ko’mak beradi.

DSC_8523.jpg


Muallif: UNICEF

Marta o’qilgan: 234


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar