Aktivatsiya. Teng huquqlar. Dadil ovozlar

Chop etish versiyasi
04 Dekabr 2017

1 dekabrda Toshkent shahrida 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni arafasida UNICEF tomonidan tashkil etilgan «Aktivatsiya» forumi bo‘lib o‘tdi. Nogironligi bo’lgan bolalar va kattalar, ota-onalar va mutaxassislar hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashish va nogiron bolalari bo‘lgan oilalarni farzandlari jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etishlari uchun barcha to‘siqlarni yengib o‘tishi uchun harakat qilishga rag’batlantirish maqsadida to‘plandilar. 

“Jamiyatdagi har bir inson, shu jumladan hukumatlar, ish beruvchilar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, ota-onalar assotsiatsiyalari va xalqaro tashkilotlar  Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konventsiya va Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi Konventsiyaning tamoyillarini amalga oshirishda ma’lum rol o‘ynaydilar, – deb ta’kidladi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Rahbari Sasha Graumann. – Barcha bolalar manfaatlari hisobga olinmagunga qadar jamiyat adolatli bo‘la olmaydi, nogiron bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘ilib va tahlil qilinib, jamiyat e’tiborini ularga qaratmagunga qadar, nogiron bolalarning manfaatlari hisobga olinmay qolaveradi”.

0L2A1292.jpg

O‘zbekiston Milliy universiteti ijtimoiy fanlar fakultetining katta o‘qituvchisi Abdulla Abduxalilov  shunday dedi: “Men bir vaqtlar ko‘rish qobiliyati zaif bolalar uchun mo‘ljallangan maktabning qoloq o‘quvchisi edim, lekin ota-onamning mening noyob qobiliyatlarimga bo‘lgan cheksiz ishonchi menga ajoyib yutuqlarga erishishga yordam berdi. “Ota-onalar nogironligi bo’lgan bolalariga ishonishlari muhim, asossiz bo’lsa ham, bu mantiqqa to’g’ri kelmasa ham, mo’jizaga ishongandek ishonish zarur. Faqat shundagina farzandingiz bilan muvaffaqiyatlarga erisha olasiz.”

0L2A1261.jpg

Kasbi bo‘yicha buxgalter, “Mehribonlik” nogironlar jamiyati qoshidagi yoshlar markazi a’zosi Nodira Tillaeva faqat sog‘lom odamlar istiqomat qilishi uchun moslashtirilgan shaharda yashash qanchalik qiyin ekanligi va odatiy muhitda yashash huquqini qanday himoya qilishga to‘g‘ri kelayotganligi yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. “Har bir binoda lift, har bir avtobusda qulaylik va yordam bo'lganida edi, mening imkoniyatlarim hech kimnikidan kam bo'lmas edi,” deb ta’kidladi Nodira.

0L2A1251.jpg

Ko‘rish qobiliyati zaif bolalar uchun mo‘ljallangan maktab bitiruvchisi, musiqashunoslik/fortepiano kursi bo‘yicha Davlat konservatoriyasi talabasi, xalqaro tanlovlar laureati  Sevara Mirsidiqova erishgan yutuqlari haqida so‘z bilan emas, musiqa asarlarini ijro etib ifodalab berdi, lekin bundan uning chiqishi ta’sirliligini aslo yo’qotmadi. “Musiqa yurakda yashaydi,” deydi Sevara. “Uni ko’z bilan ko’rib bo’lmaydi. Musiqa sababli men boshqalardan farq qilshimni his etmayman.”

0L2A1313.jpg

Daun sindromi bol’gan bolaning onasi, bunday bolalari bo‘lgan ota-onalar uchun qo‘llab-quvvatlash guruhi raisi Shaxnoza Ikramova quyidagilarni bayon qildi: “Bunday bolalar tug‘ruqxonaning o‘zidayoq diskriminatsiyaga duch keladilar. Biroq uy sharoitidagi tarbiya va parvarish, yaqinlarning mehribon munosabati, rivojlanish dasturlaridan bahramand bo‘lish imkoni va tibbiy ko‘mak ularga yaxshiroq rivojlanishga yordam berishga qodir”. Shuningdek, u tug'ruqxona va shifoxonalar xodimlari alohida e'tibor berishi zarur bo'lgan onaning ruhiy ahvoli bolaning keyinchalik rivojlanishi uchun o’ta muhimligini ta'kidladi.

0L2A1343.jpg

«USTOM» stomali nogironlar jamoat birlashmasining muvofiqlashtiruvchisi Vladimir Zubenko ushbu birlashma bu turdagi nogironlarga, shu jumladan bolalarga qanday yordam ko‘rsatayotganligi to‘g‘risida so‘zlab berdi.  "Operatsiyalarni amalga oshiruvchi jarrohlarimiz bor, ammo biz yangi badanimiz bilan qanday qilib yashashni davom ettirishni, qanday qanday parvarishlashni, protezlarni qayerdan olishni va ulardan qanday foydalanishni o'rgatadigan mutaxassislarimiz yo’q," deb ta’kidlar ekan, Vladimir Pavlovich bu jamoat birlashmasining ishi nima uchun o’ta muhim ekanini tushuntirib berdi.

0L2A1222.jpg

“Qizim bilan tinimsiz mashqlarimiz unga muvaffaqiyatli rivojlanishga yordam berdi,” – dedi Aziza Karimova ishtirokchilarni Daun sindromi bo’lgan qizi Robiya bilan tanishtirar ekan. – Robiya oddiy bog‘chaga qatnagan, hozir esa eksperimental asosda umumta’lim maktabida bilim olmoqda”.  Azizaning fikricha, ota-onalar uchun eng muhim narsa farzandlarini qabul qilishdir, chunki ota-onalarning idroki farzandlari jamiyat tomonidan idrok etilishiga bevosita ta'sir qiladi.

0L2A1236.jpg

El’vira Ligay eshitish qobiliyati zaif bolalar maktabida jismoniy tarbiya bo‘yicha dars o‘tadi, jamoatchilik faoliyati bilan shug‘ullanadi. “O‘z farzandlaringiz uchun kurashing!” deb murojaat etdi u kar bolalar ota-onalariga qarab. “Ularga barcha oddiy bolalar qila oladigan narsalarga o‘rgatin! Ular muloqot qiladigan tillaridan boshqa hech nima bilan qolganlardan farq qilmaydilar.”

0L2A1357.jpg

Shodiya Saidqosimova, shoira, yosh rafiqa va ona, farzandining kasalligi va uning oqibatlarini bayon qilish o‘rniga o‘zining “Bolaligim” deb atalgan she’rini o‘qib berishni afzal ko‘rdi.

Ko‘z-o‘ngimdan karvon kabi yillar o‘tar,
Sharqirashib shoshqin soylar oqib ketar.
Endi bugun olcha shoxga qo‘lim yetar.
Bolalikka yalang oyoq qaytsam edi,
Qo‘g‘irchog‘im quchib alla aytsam edi.

Qani endi, yopsam kuygan kulchalarim,
Chopib yurgan sariq turpoq ko‘chalarim,
Oymo‘mani orzu qilgan kechalarim?
Kechalari yulduz sanab yotsam edi,
Bolaligim, yana senga qaytsam edi.

Buvim o‘sma qo‘ygan qoshim barno hamon,
Sochim tortib qochar edi darsda Omon.
Maktab chog‘im sog‘indimku seni yomon.
Dugonamni eshigida kutsam edi,
Bolaligim yana senga qaytsam edi.

Alamlardan kipriklarim nam emasdi,
Dunyo topib, to‘ymas ko‘zim kam demasdi.
Yuzim kulib, ich-etimnm g‘am yemasdi.
O‘yinlarim g‘alabasin totsam edi,
Bolaligim yana senga qaytsam edi.

Sog‘inaman. Yuragimga tosh botadi,
Ortga yo‘l yo‘q. Qaytolmayman. Bosh qotadi.
Shodiyani ko‘zidagi yosh sotadi.
Qo‘g‘irchog‘im quchib alla aytsam edi,
Bolalikka yana bir bor qaytsam edi.

0L2A1375.jpg

Natalya Plotnikova, «Opa-singillar» Qibray tumani nogiron ayollar jamiyati raisi, nogiron qizini katta qilgan. So‘ng qizi Moskva Davlat Universitetini bitirib, endilikda turmush o‘rtog‘i bilan birga nogiron odamlarga ko‘maklashadigan jamoat tashkilotida faoliyat yuritmoqda. Natalya Nikolaevna qizining xodisalarga boy, to'laqonli va yorqin hayoti haqida gapirganida u bilan qanchalik g’ururlanishini ko'rish mumkin edi. Bu ko'p jihatdan Natalya va uning oilasining to'g'ri munosabati va ajoyib ishlarining natijasidir.

0L2A1383.jpg

Yana Chicherina, nogironlar muammolari bo‘yicha BMT Birlashgan dasturi muvofiqlashtiruvchisi, nogiron bolalar va kattalar huquqlarini ilgari surish bilan shug‘ullanadi. «Biz» va «ular» degan tushunchalarning o‘zi yo‘q, ya’ni odamlarni sog’lom va nogironlarga bo’lish noto’g’ri” deb ta’kidladi u. “Faqat «biz», ya’ni biz barchamiz birgalikda mavjudmiz. Insoniyat – bu bir butun organizmdir. Oyog‘ingiz og‘rib turganda, qo‘lingizni hech narsa bo‘lmagandek his eta olmaysiz. Yonimizdagi odamlar kamsitilganda, bu bizga ham daxl qilmay qolmasligining hech qanday iloji yo‘q. Chunki barchamiz bir-birimizga bog‘liqmiz. Farovon va baxtiyor bo‘lishi uchun insoniyat barchani va har bir insonni hisobga olishi lozim. Nogironlar huquqlari to’g’risidagi konvensiya aynan shu to’g’risidadir.

0L2A1390.jpg

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova eshitganlaridan ilhomlanib, qatnashchilarga o’z minnatdorligini izhor etdi va O‘zbekiston Prezidentining nogiron a’zolari bo‘lgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash haqidagi tashabbusi to‘g‘risida so‘zlab berdi: bunday oilalarga uy-joy sotib olish uchun maxsus grant ajratiladi.

0L2A1454.jpg

Bildirilgan fikrlarning umumiy ma’nosi: odamlarning imkoniyatlarini nogironlik emas, jamiyat cheklab qo‘yadi. Nogiron bolalarga achinish emas, ularga boshqa bolalar bilan teng sharoitlarda jamiyat hayotida ishtirok etish imkoniyatini ta’minlab beradigan hamma bilan teng bo’lgan huquqlarini hurmat qilish kerak.

Muallif: UNICEF

Marta o’qilgan: 170


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar