Rano Yuldasheva: “Har bir qiz bola go’zaldir. Har bir qiz bola oila mehriga loyiqdir”

Chop etish versiyasi
10 Aprel 2018

Rano Yuldasheva - Farg’ona viloyati Qo’qon shahar maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejining direktori. U bu maskanda 20 yildan beri mehnat qilib keladi. Rano opa qizlarning ta’lim olishi va tarbiyasiga yordam berish ishining fidokordir. Biz unga bolalarni voyaga yetkazish tizimidagi masalalar va bu sohadagi keyingi qadamlar xususida uchta savol bilan murojaat qildik.

rano.png

Qizlar ushbu maxsus ta’lim kollejiga asosan qanday sabablarga ko’ra joylashtiriladilar?

Kollejimizda butun O’zbekistondan kelgan 200 dan ortiq qizlarimiz bor. Ularning bu yerga joylashtirilishlariga asosiy sabab oilalaridagi salbiy muhit va mehrning yo’qligidir. Ko’p hollarda oila a’zolari o’rtasidagi munosabatlarning taranglashuvi sababidan qizlar uylaridan chiqib ketadilar va maktabga bormay qo’yadilar.

Yana bir sabab oilaning ahvoli tangligidir. Ba’zi ota-onalar migrant ishchilar bo’lib, ular ish izlab Turkiya, Rossiya, Qozog’iston va boshqa mamlakatlarga chiqib ketadilar. Natijada, ularning farzandlari o’z bobo va buvilari yoki boshqa qarindoshlari qaramog’ida qoladilar. Ular esa ko’pincha bolalar bilan yaxshi munosabat o’rnata olmaydilar, ularga yetarlicha e’tibor va mehr bera olmaydilar. Bolalar o’z ota-onalarini sog’inadilar, ba’zan maktabga bormaydilar, ko’chalarda begona insonlar bilan tanishib, ular bilan do’stlashadilar. Ba’zilari esa, huquqbuzarliklar qiladilar.

Qanday qilib bunday holatlarning oldini olish mumkin?

Ota-onalar farzandlariga mehr ko’rsatishga yetarlicha vaqt ajratmaydilar. Ular pul ishlash bilan bandlar. Bolalar esa e’tibordan chetda qoladilar. Hayotning eng og’ir damlarida ham bolalar o’z ota-onalari bilan birga bo’lishlari lozim. Ularning mehri va parvarishi bilan bir qatorda kerakli ijtimoiy xizmatlar asosiy muammolarni yechishga yordam berishi mumkin.

Biz qiz bolalar xususida gap yuritayotgan ekanmiz, shu narsani ta’kidlab o’tmoqchimanki, qiz bolaning eng yaqin do’sti uning onasidir. Har qanday qiz bola o’z onasidan ibrat oladi. Hozirda qiz bolalar uchun ta’lim olish, musiqa o’rganish, sport bilan shug’ullanish va boshqa ko’plab imkoniyatlar mavjud. Biz ular bilan birgalikda vaqtimizni mazmunli o’tkazish, ular bilan suhbatlashish orqali ularning xulqi buzilishining oldini olishimiz mumkin.

Agar ota-onalar o’z farzandlariga keraklicha e’tibor qaratmayotgan bo’lsalar, mahalliy tashkilotlar ushbu oilalarga yordam ko’rsatishga e’tibor berishi kerak. Bu tashkilotlar oiladagi holatdan xabardor bo’lsalargina kerakli yordamni ko’rsatishi, zo’ravonlik, tahqirlash va beparvolikning oldini olishi mumkin bo’ladi. Xotin-qizlar qo’mitasining mahalliy bo’linmalari ham bolalar, ayniqsa qizlarni himoya qilishda muhim rol o’ynashlari mumkin.

Yana bir masala shundan iboratki, mahalla faollari va mutasaddilari ham ota-onalar hamda bolalar bilan to’g’ri muloqot qilish bo’yicha malakalarini oshirishlari lozim. Ular oila muammolariga qanday yondashish, holanti monitoring qilish va kerakli choralarni ko’rish bo’yicha maxsus ko’nikmalarga ega bo’lishlari lozim.

Yopiq muassasada ishlashning asosiy qiyinchiliklari nimalardan iborat?

Qizlar bizning kollejimizga kelganida avvalambor ularning yuragiga yo’l topishimiz zarur.

Biz o’qituvchilarimizning salohiyatini oshirish uchun ularni maxsus o’quv kurslariga yuborish imkoniyatlariga ega emasmiz. Shuning uchun ham ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oqitishni kollejimizning o’zida tashkil qilishimiz lozim. Men holatni tushuna oladigan, qiyinchiliklarni e’tiborga olib, muntazam ravishda amaliy tavsiyalar bera oladigan malakali trenerlarni taklif qilishni istar edim.

Qizlar muassasamizga kelgach, dastlabki olti oyda jiddiy qiyinchiliklarga yuz tutamiz. Ular o’z olilalarini sog’inadilar, qochib ketishga harakat qiladilar va biz bilan muloqotdan o’zlarini olib qochadilar. Biz qo’limizdan kelganicha harakat qilamiz va oxir-oqibatda ular bilan yaxshi munosabatlarni o’rnatishga erishamiz. Ammo, bilim va kasbiy ko’nikmalarni shakllantirish bo’yicha maxsus treninglar tashkil qilinsa, bu o’qituvchi va tarbiyachilarimizga katta yordam bergan bo’lar edi.

O’qituvchilarimiz o’z fanlari bo’yicha kuchli mutaxassislardir, ammo ular ijtimoiy xizmat xodimlari emaslar. Ular o’z o’quvchilari bilan muloqot qilishda qiyinchiliklarni boshdan kechiradilar. Ba’zan ular oldimga kelib, qanchalik harakat qilmasinlar talabalari bilan o’zaro muloqot va tushinishni shakllantira olmayotganliklarini bildiradilar. Men o’zimni ularning o’rniga qo’yib ko’rishim mumkin. Bu oson emas. Shuning uchun ham ularning salohiyatini oshirish uchun nazariy va amaliy mashg’ulotlar tashkil qilinsa ayni muddao bo’lar edi.

Hozirda biz har bir qizimizning holatini baholash hamda qizlarning reabilitatsiyasi va o’z oilalari va jamiyatga qayta integratsiyasi bo’yicha individual rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo’yicha loyihani amalga oshirmoqdamiz. Harakat rejasi, shuningdek, qizlarning reabilitatsiyasiga yordam beruvchi boshqa tadbirlarni ham o’z ichiga olgan. Yaqinda O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi va BMT Bolalar jamg’armasi (UNICEF) birgalikda qizlar uchun terapiya sifatida fotosessiyani tashkil qildilar. Kelgusida ruhshunoslarimiz qizlarimizga malakali maslahat berishda ularning portretlaridan foydalanadilar. Shu bilan birga, kollejimizda fotosuratlar ko’rgazmasini tashlik etish rejamiz ham bor.

200 dan ortiq qizlar suratga tushdilar. Ushbu tadbirni qizlarimiz qanday qabul qilayotganliklarini ko’rib juda xursand bo’ldim. Bu qizlar o’ziga bo’lgan ishonch va e’tiborga muhtojlar. Ularning barchalari mehribon va e’tiborli oila muhitiga loyiqdirlar.

Muallif: UNICEF

Marta o’qilgan: 935


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar