Jahon bolalarni himoya qilish kuni: Erta lahzalar muhimdir! UNICEFning O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari bilan suhbat

Chop etish versiyasi
01 Iyun 2018

J-b Graumann, erta yoshdagi bolalar rivojlanishi haqida qanday fikrdasiz? Nima uchun bu muhim ahamiyatga ega?

Bolaning hayotida butun kelgusi umri davomida uning rivojlanishiga juda yuqori darajada ta’sir ko‘rsatadigan   davr bor. Homila paydo bo‘lganidan boshlab, bola ikki yoshga to‘lgunicha bo‘lgan, ba’zan «ilk 1000 kun» deb ataladigan davr – bolaning jadal o‘sishi va erta kechinmalari uning butun kelgusi hayotiga jiddiy ta’sir etadi. Shu davrda amalga oshirilgan investitsiyalar juda samarali bo‘ladi, chunki bolalar atrofdagi muhitga juda sezuvchan bo‘ladilar.

Global ma’lumotlar bolalarning sog‘lom rivojlanishi parvarishning eng muhim jihatlariga bog‘liq bo‘lishidan dalolat beradi – ularning orasida ovqatlantirish, ota-onaning diqqat-e’tibori, bolani parvarishlash hamda erta ta’lim berish ayniqsa ahamiyatlidir.

Shunday bo‘lsa-da, butun dunyoda qariyb 250 million nafar bolalar, shu jumladan aholi daromadi past va o‘rta darajada bo‘lgan mamlakatlardagi besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning 43 foizi kam ta’minlanganlik va muhtojlik sababli o‘z salohiyatlarini to‘liq namoyon qila olmaslik borasida yuqori xatarga duch kelmoqdalar, va bu ota-onalar o‘z farzandlarini eng muhim ehtiyojlarini ta’minlay olishga qodirlik darajasiga xavf tug‘diradi.

UNICEF oilalar va hamjamiyatlar har bir bola uchun umrining ilk kunlaridanoq eng maqbul sharoitlarni ta’minlashlari yo‘lida O‘zbekiston Hukumati bilan samarali ish olib bormoqda.

1P4A3553.jpg

Qanday sa’y-harakatlar ayniqsa ustuvor?

Eng avvalo, ovqatlantirish. Go‘daklar va erta yoshdagi bolalar to‘laqonli o‘sishi va rivojlanishi uchun to‘g‘ri va o‘z vaqtidagi ovqatlanishga muhtoj bo‘ladilar.

Iloji bo‘lsa, chaqaloqning ilk ozuqasi ko‘krak sutidan iborat bo‘lishi lozim, chunki u faqatgina ozuqa emas. Hisob-kitoblarga qaraganda, ko‘krak suti bilan boqish ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi butun dunyoda har yili 5 yoshgacha bo‘lgan 820 000 nafardar ortiq bolalar hayotini saqlab qolishi mumkin. Buning sababi, ona suti uning o’rnini bosuvchi formuladan farqli ravishda aynan go’dakka mo’ljallangan maxsus jonli moddadir.

Ko‘krak suti bilan boqish nafaqat o‘ta muhim, balki ko‘pincha og‘ir mehnatdir, va ba’zan onalar emizib boqishni samarali boshlashlari uchun ularga yordam berish talab etiladi. O‘zbekistonda shifokorlar va tibbiy hamshiralar UNICEF va Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shma dasturlari doirasida tegishli o‘quvdan o‘tdilar va bu jarayonda onalar tug‘ruqdan so‘ng chaqaloqni ko‘krak suti bilan boqishlariga yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarini va onalar tug‘ruqxonadan uylariga qaytganlaridan keyin emizib boqishni davom ettirishlariga yordam beradigan uslublarni o‘rgandilar.  

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalariga ko‘ra, bolalar eng yaxshi himoya va ozuqaga ega bo‘lishlari uchun ularni 2 yoshga to‘lgunlaricha va undan keyin ham ko‘krak suti bilan boqishni davom ettirish lozim. Go‘daklarning aksariyati qo‘shimcha ovqatni taxminan 6 oylik bo‘lgandan keyin iste’mol qilishni boshlaydilar. Ushbu muhim o‘tish davrida bolalar ozuqa moddalar va energiyaning to‘g‘ri muvozanatiga ega bo‘lishi uchun ularga beriladigan ovqatlar turli va sog‘lom bo‘lishi kerak. Shuningdek boqish jarayoni qanday kechishi, bolani zo‘rlab yoki o‘zi ishtiyoq bilan ovqatlanishi ham muhimdir. Bu bolani butun kelgusi umri davomida to‘g‘ri ovqatlanishga odatlantiradi.

2017 yilda UNICEF Sog‘liqni saqlash vazirligiga ovqatlanish masalalari bo‘yicha Milliy so‘rov o‘tkazishga yordam berdi. Ayollar va bolalar qanday oziqlanishini aniqlash uchun qishloq va shahar hududlarida 4 200 uy xo‘jaliklari so‘rov qilindi. Shuningdek mazkur tadqiqot Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik fondi va O‘zbekistonda kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. Tadqiqot natijalari yaqin vaqtlarda e’lon qilinadi va chiqarilgan xulosalar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2650-sonli «2016-2020 yillarda ona va bola salomatligini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, yetarlicha ovqatlanmaslikka qarshi kurashish dasturini ishlab chiqish va muvozanatlashgan va sog‘lom ovqatlanishga ko‘maklashishga yordam beradi.

DSC_7002.jpg

J-b Graumann, erta yoshdagi bolalar hayotida ota-onalar roli to‘g‘risida so‘zlab bersangiz.

Bolalarga o‘ynash, atrofdagi olamni o‘zi uchun kashf etish va o‘rganishga imkon beradigan xavfsiz va rag‘batlantiruvchi uy muhiti – bu bola rivojlanishining juda muhim shartidir. BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida shaxs to‘laqonli rivojlanishi uchun bola oilaviy sharoitda, mehr-e’tibor, baxt va hamfikrlik muhitida ulg‘ayishi lozim, deb e’tirof etilgan.

«Lancet» jurnalida chop etilgan global tadqiqotga muvofiq, erta yoshdagi bola miyasining hujayralari har bir soniyada 1000 tagacha yangi birikmalarni shakllantirishi mumkin. Ota-onalar o‘z bolalariga mehr berib, erkalatib muomala qilsalar, ularga eshittirib kitob o‘qib bersalar, bag‘riga bosib muloqot qilsalar va birgalashib ashula aytsalar, bolalar miyasida ana shunday birikmalar yanada samarali yaratiladi.

Bolaning ishonchi bir necha eng asosiy odamlarga bog‘lanib qolishi birinchi darajali ahamiyatga ega; eng yaxshi ko‘rgan odamlar bilan muloqot yuritish va o‘zaro harakat qilish orqali bolalar ijtimoy hamkorlikka o‘rganadilar.

Shu bilan birga, bolalar o‘z hayotining muallifi bo‘la olishlari uchun ularga erta yoshdanoq vakolatlarni taqdim etish ham muhimdir. Ular o‘zlarining shaxsiy qarorlarini qabul qilishga tayyor bo‘lishlari va jamiyatning kuchli va bilimli a’zolari bo‘lib ulg‘ayishlari lozim. Bunga erishish uchun erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash jarayoni ular hayotining eng dastlabki bosqichlarida boshlanadi va ko‘p jihatdan bola qanday muhitda tarbiyalanishiga bog‘liq bo‘ladi.

Ota sifatida ta’kidlashim mumkinki, bola rivojlanishida muhim rolni faqat onalarning o‘zigina o‘ynamaydi. Ko‘pgina tadqiqotlar erkaklar nafaqat bolalarni tarbiyalashga qodirligini, balki buni ayollardan ham yaxshi uddalay olishini ko‘rsatdi.

Erkaklar ko‘pincha o‘yinni alohida bosqichlarga bo‘lish va bolalar bilan hamkorlikni biron vazifa, o‘yin yoki loyiha atrofida shakllantirishga harakat qiladilar, ayollar esa o‘yinni tizimlashtirish va bolalar bilan biron g‘oya yoki faraziy vaziyatlar atrofida hamkorlik yaratishga moyil bo‘ladilar. Yondashuvlardagi bunday tafovutlar bolalarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bolalari bilan o‘zlarining noyob yo‘llari va ko‘pincha turlicha usullari yordamida o‘zaro harakat qiladigan ota va ona farzandalarining muloqot qilishida turli tajribalarni yaratadilar hamda bolaning ota va onaga alohida bog‘lanib qolish qobiliyatini rag‘batlantiradilar.

Bola hayotida ota vazifasini albatta bolaning biologik otasi bajarmasligi ham mumkinligini ta’kidlash muhimdir. Ota rolini bolaning o‘gay otasi, tog‘a va amakisisi, buvasi yoki oiladagi boshqa katta erkak kishi bajarishi mumkin.

DSC_7046.jpg


J-b Graumann, sizning nazaringizda, bola hayotida maktabgacha ta’lim qanday ahamiyatga ega?

Maktabgacha ta’lim har bir bola uchun, ayniqsa kam ta’minlangan oilalar farzandlari va nogiron bolalar uchun muhimdir. Maktabgacha ta’lim maktabda to‘laqonli bilim olish uchun zarur turtki beradi.

Erta yoshda o‘qitish sifati jamiyat uchun katta afzalliklarni taqdim etadi; maktabga ko‘proq bolalar borib, ularning o‘zlashtirish darajasi yanada yuqori bo‘ladi. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 77 foizi maktabgacha tarbiya muassasalariga bormaydilar va bu millionlab bolalar muhim ijtimoiy, emotsional, va til ko‘nikmalarini rivojlantirish va maktabga tayyorlanish imkonini qo‘ldan boy berishlarini anglatadi.

Lekin mamlakat Hukumati erta ta’lim sifatini oshirish ustida tinimsiz ish olib bormoqda va ushbu muhim muammoni hal qilishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ixtisoslashtirilgan Maktabgacha ta’lim vazirligi yaratilishi quvonarlidir.

Bolalar bog‘chalari soni ham asta-sekin ortib boryapti. UNICEF va O‘zbekiston Hukumati maktabgacha ta’lim xizmatlari sifatini yaxshilash ustida birgalashib ish olib borishmoqda va muhtoj oilalar bolalari bunday xizmatlardan bahramand bo‘lishlari imkoniyatini ta’minlamoqdalar. Barqaror rivojlanishning 4 maqsadi ta’lim bilan bog‘liq, va «barcha uzluksiz ta’lim olishi uchun har tomonlama va adolatli, sifatli ta’lim olish va imkoniyatlarni rivojlantirishni ta’minlash»ga qaratilgan. Biz mamlakat Hukumatining O‘zbekiston milliy rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib, barqaror rivojlanish bo‘yicha 2030 yil uchun Kun tartibi yuzasidan kelishish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholaymiz.

UNICEF O‘zbekiston Hukumatiga maktabgacha ta’lim to‘g‘risidagi yangi Qonun, erta ta’limni rivojlantirish standartlari, huquqiy negizga asoslangan o‘quv dasturi, maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishni kengaytirishning muqobil va innovatsion modellari, davlat-xususiy hamkorlik modellarini ishlab chiqish, moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish va, eng muhimi, maktabgacha ta’lim rivojlanishini monitoring qilish uchun ta’limni boshqarish bo‘yicha ishonchli informatsion tizim yaratishda yordam ko‘rsatmoqda.

Xulosa qilib aytganda, homila paydo bo‘lgan vaqtdan boshlab jamiyatning samarali va baxtli a’zosini rivojlantirish uchun imkon bor. Yaxshi ovqatlanish, ota-onalari bilan yaqin munosabatlar va erta ta’lim kabi uchta eng muhim jihatlar baxtli va sog‘lom bolalarni tarbiyalashga xizmat qiladi, ular esa baxtiyor va sog‘lom insonlar bo’lib ulg‘ayadi.

Bugun nima eksak, ertaga shuning hosilini olamiz.

Bola umrining ilk yillari - bu kelgusi avlod rivojlanishi yo‘lida investitsiya qilish uchun eng yaxshi davr. Bu teng darajada ham Hukumatga, ham UNICEF kabi tashkilotlarga taalluqlidir. Investitsiyalarning eng muhimi esa – bu ota-onalar o‘z farzandlariga har kuni hadya qiladigan vaqt va mehrdir.

Marta o’qilgan: 159


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar