Ekspert bilan suhbat: Ko‘krak suti bilan oziqlantirish hayot poydevoridir

Chop etish versiyasi
02 Avgust 2018
1 1 Fotosuratlar

Doktor Kamola Shavkatovna Salixova – Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari, ko‘krak suti bilan oziqlantirish bo‘yicha dasturning milliy koordinatori. Doktor Salixova nafaqat emizikli onalar, balki barcha oila a’zolari uchun muhim bo‘lgan savollarga javob beradi

 - Ko‘krak suti bilan oziqlantirish bola salomatligining poydevoridir. Chaqaloq tug‘ilgan ilk damlardanoq uni emizib boqishni boshlash nima uchun muhim?

 - Ko‘krak suti yangi tug‘ilgan chaqaloqlar dunyoga kelgach, ular uchun butunlay yangi bo’lgan sharoitga moslashishlari uchun juda muhimdir. Tug‘ruqdan so‘ng ilk ikki-uch kun davomida onada og‘iz suti ajralib chiqadi. Bola tug‘ilganidan keyin birinchi kuni og‘iz suti taxminan 40-50 ml. miqdorda hosil bo‘ladi. Uning tarkibida onada yetilgan sut paydo bo‘lgunga qadar chaqaloq uchun zarur bo‘lgan barcha ozuqa moddalari mavjuddir. Og‘iz suti leykotsitlar va antitelalarga, ayniqsa immunoglobulinga juda boy bo‘lib, shu bilan birga uning tarkibida oqsil, mineral moddalar va yog‘da eruvchan vitaminlar  (A, E va K) ko‘p bo‘ladi.  

 Yangi tug‘ilgan chaqaloqni erta muddatlarda, dunyoga kelgan damdan boshlab ilk 30 daqiqa ichida ko‘krakka qo‘yish, shu jumladan uni ko‘krak emishda cheklamaslik onada laktatsiya, ya’ni sut hosil bo‘lishi jarayoni boshlanishi va shakllanishiga xizmat qiladi. Onada hosil bo‘ladigan sut miqdori aynan shu bolaning ehtiyojlariga muvofiq bo‘ladi.

 Onada birmuncha kechroq hosil bo‘ladigan sut yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun xavfli bakterial infeksiyalar paydo bo‘lishining oldini oladi.     

- Nima uchun pediatrlar ko‘krak suti bola uchun ilk vaksina hisoblanadi deb e’tirof etadilar? Bola emlanganda ko‘krak suti uni qo‘shimcha himoya qilishga yordam beradimi?

- Ko‘krak suti bolani turli infeksiyalar va allergiyadan noyob ravishda himoya qilishni ta’minlaydi hamda uning o‘z immunitet tizimi rivojlanishini rag‘batlantiradi.  

Bola tug‘ilganidan so‘ng uning terisiga, nafas olish va ovqat hazm qilish organlarining shilliq pardalariga virus va bakteriyalar faollik bilan o‘rnashib oladi. Ko‘krak sutining himoyalovchi xususiyatlari passiv immunitet onadan bolaga tabiiy o‘tishi bilan belgilanadi, bu esa bolaning oshqozon-ichak tizimini zararli mikrofloradan himoya qilishda birinchi omildir. Sun’iy boqiladigan bolalarga nisbatan emizib boqiladigan yangi tug‘ilgan chaqaloqlar orasida kasallanish va o‘lim holatlari ancha kam bo‘lishi aynan shu bilan izohlanadi.  

 Faqat ko‘krak suti bilan boqiladigan bolalar emlashni ancha yengil boshdan kechiradilar hamda bunday bolalarda asoratlar yuzaga kelishi xatari ancha past bo‘ladi. Vaksinatsiyani tavsiya etilgan emlash jadvaliga muvofiq o‘z vaqtida amalga oshirish bilan bir qatorda, bolalarni ko‘krak suti bilan boqish ularni turli xastaliklardan himoya qilishning samarali usulidir.  

 - Chaqaloqni to‘g‘ri ovqatlantirish deganda nima nazarda tutiladi? Bolani ko‘krak suti bilan qanchalik tez-tez va qay muddat davomida boqish kerak? Bolaga qachon va qanday qilib qo‘shimcha ovqat berishni boshlash lozim?

- Chaqaloqni to‘g‘ri oziqlantirish u 6 oylik bo‘lgunicha istisnosiz ko‘krak suti bilan boqishdir. Bu bolani faqat ko‘krak suti bilan boqish lozimligini anglatadi. Bola 6 oylik bo‘lgunicha ko‘krak suti uni ozuqaviy moddalarga bo‘lgan barcha ehtiyojlarini to‘liq qoplaydi.

Bola 6 oylik bo‘lganidan so‘ng tegishli qo‘shimcha ovqat berishni boshlab, ko’krak suti bilan oziqlantirishni u ikki yoshga to‘lgunicha yoki undan keyin ham davom ettirish kerak. Qo‘shimcha ovqat berishni asta-sekin joriy etish va ovqatni faqat ana shu bola uchun mo‘ljallangan kosachaga solib, choy qoshig‘i yordamida berish lozim. Bolani so‘rg‘ich ishlatib boqishga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Ko‘krak suti chaqaloq ozuqasining eng muhim tarkibiy qismi bo‘lib qolmoqda, chunki u bolaning markaziy asab tizimi samarali rivojlanishi, u jismoniy o‘sishi va aqliy rivojlanishiga xizmat qiladi. Ayni paytda ko‘krak suti ona va bola o‘rtasida ruhiy bog‘liqlikni saqlab turadi va shu tufayli bola o‘zini himoya ostida his qiladi   

Chaqaloqni uning talabiga qarab ham kunduzi, ham tunda, u istagan muddat davomida boqish lozim. Bolani 2 yoshga to‘lgunicha va undan keyingi davrda ham ko‘krak suti bilan oziqlantrish tavsiya etiladi.   

Marta o’qilgan: 205


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar