Ko‘krak suti bilan oziqlantirish to‘g‘risidagi hikoyam

Chop etish versiyasi
08 Avgust 2018

Kamila Fatixova, UNICEFning O‘zbekistondagi OIV/OITS masalalari bo‘yicha maslahatchisi

Farzandlarimni ko‘krak suti bilan oziqlantirishga oid mening tajribamni ikki bosqichga bo‘lish mumkin. Birinchi bosqich muddatidan ancha avval (homiladorlikning 31-haftasida) tug‘ilgan to‘ng‘ich qizimni emizib boqish bilan bog‘liq.

received_565145033903718.jpeg

Bu men va turmush o’tog’im uchun ilk tajribamiz bo‘lgan. Ushbu jarayon oson kechmadi va atigi besh oygina davom etdi. Shundan ikki oy qizalog‘imni ko‘krak emish va sutni yutishga o‘rgatdim. Birinchi qizim besh oylik bo‘lganda, yana homilador bo‘lib qolganligimni bildim. Darvoqe, shu vaqtgacha men, ko‘pgina boshqa onalar qatori, bolamni ko‘krak suti bilan oziqlantiradigan davrda homilador bo‘lib qolmayman deb o‘ylagan edim. Lekin amalda unday bo’lmadi. Shifokorlarning tavsiyasiga ko‘ra, homilam tushib qolishi xavfiga yo‘l quymaslik uchun chaqalog‘imni emizib boqishni to‘xtatishga majbur bo‘ldim.

Ikkinchi qizim yaqinda bir yoshga to‘ladi va uni ko‘krak suti bilan oziqlantirishimning tajribasi umuman o‘zgacha. Hozir men uni emizib boqishni davom ettiryapman. Qizig‘i shundaki, men bolani ko‘krak suti bilan oziqlantirish naqadar yaxshiligini aynan ikkinchi qizalog‘im bilan to‘laqonli his qilyapman va bolam bilan juda yaqin aloqamni butun vujudim bilan sezyapman.

Ko‘krak suti bilan oziqlantirish jarayonining men o‘zim uchun belgilagan o‘ziga xos xususiyatlari bor. Jumladan, chaqaloq tug‘ilganidan keyingi ilk kunlar va oylarda uni emizib boqishni istash juda muhim. Ko‘krak suti bilan imkon qadar uzoq vaqt oziqlantirib turish muhim ahamiyatga ega, chunki ko’krak suti bolani infeksiyadan himoya qiluvchi eng yaxshi ozuqa: masalan, qizim dunyoga kelganidan boshlab bugungi kungacha biron marta kasal bo‘lmadi va unga qilingan emlashlar hech qanday salbiy holatlarga olib kelmadi. Shuningdek, ko‘krak suti bilan oziqlantirayotganimda bolam meni juda kuchli his qiladi. U xarxasha qilayotganda, og‘riq his qilganda yoki bezovta bo‘layotganida uni ko‘krak suti bilan oziqlantirish – bu ajoyib tinchlantiruvchi amal, bizning haqiqiy «sehrli tayoqchamiz!»

Bolamni emizib boqayotganimda o‘zim ham bir oz dam olishimga imkon bo‘ladi. Ayniqsa, birinchi qizimni emizib boqishni to‘xtatganimdan so‘ng bo‘lgani kabi, tunda turish va ozuqa aralashmalarini tayyorlashga hojat yo‘q. 

received_1738804769565652.jpeg

Farzandimni ko‘krak suti bilan oziqlantirishda erimning ko‘magi men uchun eng muhim omildir, chunki u meni ruxlantiradi, dalda beradi, qizimizni yaxshi ishtahasi uchun maqtaydi va onalarda tabiatning haqiqiy mo‘’jizasi mujassamlashganini e’tirof etadi. Chunki ona suti kichkintoylar uchun juda muhim va foydali ozuqadir, shuningdek u doimo iliq holatda bo‘lib, ataylab isitishni talab qilmaydi.   

Marta o’qilgan: 509


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar