UNICEFning O‘zbekistondagi vakili Sascha Graumann bilan «Maktabga bexatar qaytish» kampaniyasiga bag‘ishlangan suhbat

Chop etish versiyasi
06 Sentabr 2018
- Janob Graumann, o‘quv yurtlarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik masalasi bo‘yicha o‘z fikringiz va UNICEFning nuqtai nazari to‘g‘risida so‘zlab berasizmi?

- Butun dunyo bo‘ylab, turli sharoitlarda, zo‘ravonlik natijasida har besh daqiqada bir nafar bola nobud bo‘lmoqda. Shunindek ko‘pgina boshqa bolalar kaltaklash va tahqirlash shaklidagi jismoniy, shahvoniy va psixologik zo‘ravonlikdan jarohatlanib, aziyat chekmoqdalar. Bunday holatlar shu qadar tarqalganki, hatto ba’zan ularning yuzaga kelishi muqarrardek tuyuladi. Lekin aslida unday emas. Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish mumkin. Bunga yo‘l qo‘ymaslik mumkin ekan, biz buni albatta amalga oshirishimiz lozim.

Bironta bola maktabga borishdan cho‘chishi kerak emas. Shunday bo‘lsa ham, butun dunyo bo‘ylab juda ko‘p o‘quvchilar uchun maktab xavfli makon hisoblanadi. Bu borada ba’zi statistika ma’lumotlari va faktlar bilan o‘rtoqlashishga ijozat bergaysiz.

• UNICEF o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, butun dunyoda 13 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilarning yarmi maktabda va maktabdan tashqarida o‘z tengdoshlari tomonidan qilingan zo‘ravonlikka duchor bo‘lganlar.

• 13 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilarning har uch nafaridan biri xo‘rlashni boshdan kechirgan va jismoniy mushtlashishlarda qatnashgan.

• Maktab yoshidagi qariyb 750 million nafar bolalar maktablarda jismoniy jazolashlar butunlay taqiqlanmagan mamlakatlarda yashaydilar. Bu esa juda ko‘p o‘qituvchilar hanuzgacha o‘zlari bilim berayotgan bolalarni urishlari, xipchin bilan savalashlari yoki do‘pposlashlarini anglatadi.

Ta’lim tinch jamiyatlarni shakllantirishning o‘ziga xos kaliti hisoblanadi, lekin shunday bo‘lsa-da, butun dunyoda millionlab bolalar uchun maktabdagi muhitning o‘zi xatar omili bo‘lib kelmoqda. Zo‘ravonlik o‘quvchilarning farovonligiga, ularning bilim olish qobiliyati va fanlarni yaxshi o‘zlashtirishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa ularning o‘zini baholashi, o‘ziga bo‘lgan ishonchini pasaytiradi, davomatni kamaytiradi, baholarini tushirib yuboradi va ko‘pgina bolalarni maktabdan umuman voz kechishga majbur qiladi. Shuningdek zo‘ravonlik sog‘likni saqlash sohasiga investitsiya kiritish, erta yoshlikda rivojlanish va ta’lim olishga putur yetkazadi. Bu esa o‘z navbatida iqtisodiy rivojlanishga to‘sqinlik qiladi.

Maktablarda zo‘ravonlikka barham berilishi bolalarga muloqot qilish va bilim olishda yutuqlarga erishishga imkon yaratadi. Demak, biz hozirdanoq bunga harakat qilishimiz lozim. Biz har bir sinf, har bir maktab, har bir mamlakatda zo‘ravonlik va tahqirlashga qarshi izchil kurashib, barcha o‘quv yurtlarida bunday illatni butunlay yo‘q qilishga erisha olamiz.

- Nima uchun maktablarda xo‘rlash holatlari ro‘y beradi? Ular ta’limga qanchalik davomli zarar yetkazyapti?

- O‘quvchilar ko‘pincha shaxsiy xususiyatlari va yashayotgan makonlari sababli tahqirlash nishoniga aylanadilar. Bolalarni nogiron bo‘lganligi, kambag‘alligi, etnik yoki jinsiy mansubligi va boshqa sabablarga ko‘ra xo‘rlashlari mumkin. Muassasalarda yashayotgan bolalar bundan ham zaif vaziyatlarga tushib qoladilar.

Bu masalada harakatsizlikka yo‘l qo‘yilishi bolalar, ularning oilalari va hamjamiyatlari, hamda umuman jamiyat uchun juda qimmatga tushadi.

Xususan, erta bolalikda zo‘ravonlikka duchor bo‘lganlik bilan bog‘liq stress, ya’ni ruhiy siqilish holati bolaning miyasi va asab tizimining rivojlanishiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Ikkinchidan, bunday salbiy tajriba davomli hayajon holatiga olib kelishi va kelgusida bolalarning o‘zi qoida buzuvchi yoki jabrlanuvchiga aylanishi mumkin.

Dunyo miqyosida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik bir yilda 7 trillion dollargacha zarar yetkazadi, bu esa bolalar rivojlanishiga kiritiladigan muhim investitsiyalarga ziyon yetkazadi.

Va eng muhimi, avval ta’kidlaganimdek, bu bolalarning o‘z-o‘zini baholashiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, davomatni kamaytiradi, bilimlarni o‘zlashtirish qobiliyatini pasaytiradi va oqibatda bolalar maktabni tashlab ketishiga olib keladi.


- O‘zbekistondagi maktablarni xavfsiz qilish uchun UNICEF qanday tavsiya beradi?

- O‘zbekiston sharoitlarida muammo shundaki, bolalarga nisbatan qilinayotgan suiiste’molliklar, zo‘ravonlik va mensimaslik holatlari to‘g‘risida ishonchli ommaviy ma’lumotlar yo‘q. Shuningdek, zo‘ravonlikni boshdan kechirgan yuqori xatar guruhiga mansub bolalarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash uchun doimiy vositalar mavjud emas.

Bolalarni himoya qilish borasidagi ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilishni yanada kuchaytirish bolalarni himoya qilishga oid qonunlar, siyosat va qoidalarni ishlab chiqish va takomillashtirish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Yaqinda ommaviy axborot vositalarida bir qator salbiy holatlar yoritildi, masalan, Marg‘ilondagi boshpanada va Namangan viloyatida ro‘y bergan yana bir janjal to‘g‘risida xabar berildi. Shuningdek Samarqanddagi axloq tuzatish-tarbiyalash maktabida sodir bo‘lgan zo‘ravonlik holati yuzasidan ommaviy axborot vositalarida xabar chop etildi va ijtimoiy tarmoqlarda ommaviy muhokamalar qilindi.

O‘zbekiston hukumati bolalar o‘quv yurtlarida zo‘ravonlikdan azoblangan holatlarga munosabat bildirganligi quvontiradi, albatta. Lekin shunday bo‘lsa ham, zo‘ravonlikning oldini olish uchun aynan mos choralar ko‘rilsa, mamlakat yanada yuqori natijalarga erishishi mumkin.


- Janob Graumann, O‘zbekistonda bolalarga zo‘ravonlik qilinishi muammosini hal qilishda UNICEF hukumatga qanday yordam beryapti?

- UNICEF bolalarga zo‘ravonlik qilinishi muammosini hal qilish masalasida O‘zbekiston hukumati bilan turli yo‘llar orqali yaqin hamkorlik qilyapti.

Yuqorida aytib o‘tganimdek, bolalarni himoya qilish bo‘yicha ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish zo‘ravonlik sabablarini aniqlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Agar qarorlarni qabul qiluvchi, xizmatlarni taqdim etuvchi shaxslar, oilalar va jamiyat zo‘ravonlik sabablarini tushunib yetsalar, ularning oldini olish va bolalarni yaxshiroq himoya qilish yengilroq bo‘ladi.

Shu ma’noda UNICEF mamlakat hukumatiga KIKT ya’ni Ko‘p indikatorli klasterli tadqiqot uchun ma’lumotlarni yig‘ishda yordam beradi. Bolalarni yanada yaxshi himoya qilish yo‘lida samarali qarorlarni qabul qilishda davlatga yordam berish maqsadida biz hukumat bilan birgalikda uydagi zo‘ravonlik, beshafqat muomala va mensimaslikka oid ma’lumotlar hisobga olinishi ustida ish olib boramiz.

Bundan tashqari, 2013 yilda Bola huquqlari bo‘yicha Qo‘mita O‘zbekistonda bolalarga zo‘ravonlik qilish yuzasidan samarali hisobdorlik tizimini yaratish; zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, tekshirish va ko‘rib chiqish uchun tegishli mutaxassislarga ega bo‘lishi lozimligini ta’kidladi. UNICEF Qo‘mitaning tavsiyalarini, shu jumladan o‘quv yurtlarida zo‘ravonliklarning oldini olishga doir maslahatlarini ko‘rib chiqish uchun hukumat bilan birgalikda harakatlar rejasini ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda.

Ta’lim muassasalarida zo‘ravonlik muammolarini hal qilish uchun ijtimoiy xodimlar ham muhim ahamiyatga ega. Zo‘ravonlik holatlarini o‘z vaqtida aniqlab, yordam ko‘rsatish uchun tegishli choralarni ko‘ra oladigan ijtimoiy xodimlar mavjud bo‘lganda maktabda va internat shaklidagi muassasalarda bolalarga beshafqat muomala qilinishi holatlarining oldini olish mumkin bo‘lardi.

O‘tgan yili O‘zbekiston mamlakatda bolalarni himoya qilish tizimini baholash ishlarini o‘tkazdi. Unda mamlakatda qator samarali choralar ko‘rilayotganligi, lekin ushbu vazifalar turli vazirlik va idoralarga tarqalganligi to‘g‘risida aytib o‘tilgan. Biz hukumatga ushbu vazifalarni bir butunga birlashtirish va harakatlar rejasini ishlab chiqishni taklif qilyapmiz. Ushbu rejaga, bolalarning yashash sharoitlaridan qat’i nazar, ularni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha to‘g‘ri strategiyalar kiritiladi.

Hozirgi vaqtda UNICEF hukumat bilan hamkorlikda bolalar xavfsiz va ishonchli muhitga muhtoj bo‘lgan turli joylarda ijtimoiy xodim kasbini ilgari surish ustida ish olib bormoqda.

Hukumat tomonidan O‘zbekistonda maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun loyihasini muhokama qilinayotganligini mamnuniyat bilan ta’kidlayapmiz. Bu juda muhim, chunki ko‘pincha bolalar, afsuski, o‘z uylarida jismoniy, shahvoniy va emotsional zo‘ravonlikni boshdan kechiradilar.

Bolalarni uyda yaxshiroq himoyalashga qo‘shimcha, biz maktablar zo‘ravonlikdan xoli, xavfsiz makon bo‘lishi ustida ham ish olib borishimiz lozim. Butun dunyoda bolalar maktablarda zo‘ravonlikning turli shakllariga, shu jumladan jismoniy jazolash, urishish va tahqirlashga duchor bo‘lmoqdalar.

Shu ma’noda biz ta’lim to‘g‘risidagi Qonunning tahrirlarini ishlab chiqish maqsadida hukumat bilan yaqin hamkorlik qilyapmiz. Tavsiyalarimizdan biri qayta ko‘rib chiqilgan qonun hujjatiga barcha bolalar uchun xavfsiz maktab muhitini yaratish to‘g‘risidagi talabni kiritishdan iborat.

Maktab dasturi ustida ish olib borish vaqtida biz hukumatga o‘quvchilar va o‘qituvchilarning o‘ta muhim hayotiy ko‘nikmalariga mojarolarni boshqarishni qamrab oladigan ko‘nikmalarni ham kiritishni taklif qilyapmiz. Bu bolalar va o‘qituvchilarga salbiy holatlarning oldini olish, boshqarish va nazorat qilishga imkon beradi.

Yoshlarga tegishli muammolarni hal qilishda ularning ishtirokini kengaytirish maqsadida yaqinda UNICEF O‘zbekistonda «U-Report» loyihasini boshlab yuboradi. Ushbu SMS ga asoslangan platformaning asosiy maqsadi yoshlar o‘z holatlari to‘g‘risida qanday fikrda ekanligi haqida ma’lumot olishdan iborat.

«U-report» bolalar va yoshlar uchun xavfsiz makon va platforma sifatida xizmat qilishga qodir bo‘lib, ular ana shu asosda o‘z fikrlari va muammolarini bayon qilishlari hamda ularning hayotiga ta’sir qiladigan qarorlar yuzasidan o‘z fikrlarini ifodalashlari mumkin bo‘ladi.

Bolalar qanday sharoitlarda bo‘lmasin, ularga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish va munosabat bildirish yo‘lida UNICEF mamlakat hukumati va barcha sheriklarimiz, shu jumladan oilalar, mahalliy hamjamiyatlar va yoshlar bilan yaqin hamkorlik qilish tarafdori ekanligini yana bir bor ta’kidlamoqchiman.

- O‘quv yurtlarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashish masalalariga jalb etilgan odamlarga qanday maslahat berasiz?

- O‘quv yurtlarida zo‘ravonlikka barham berish barchamizdan, shu jumladan oilalar, o‘qituvchilar va yoshlardan, bor kuchlarni ishga solishni talab qiladi. Shuning uchun talabalar, o‘qituvchilar va ota-onalarni mamlakatimiz o‘quv yurtlarida zo‘ravonlikning har qanday shakllarini bartaraf qilish maqsadida o‘z sa’y-harakatlarini birlashtirishga undamoqchiman.

O‘quvchilarga da’vatim – agar siz tengdoshlaringiz tomonidan qilingan xo‘rlash yoki zo‘ravonlik qurboni yoki guvohi bo‘lsangiz, jim turmang. O‘zingiz ishonadigan, sizni tinglash va sizga maslahati yoki harakati bilan yordam berishga tayyor turgan odamni topib, sodir bo‘lgan voqea to‘g‘risida aytib bering. O‘zgarishlar himoyachisi bo‘ling va o‘z maktablaringiz va hamjamiyatlaringizda zo‘ravonliklar davriga butunlay chek qo‘yishga yordam bering.

O‘qituvchilarga da’vatim – o‘quvchilar o‘zlari boshdan kechirgan yoki guvohi bo‘lgan har qanday zo‘ravonlik holati to‘g‘risida so‘zlab berishlariga imkon taqdim eting, ular bilan ishonchli munosabatlarni o‘rnating, o‘quvchilarga shunday saboq beringki, ular o‘zlariga va atrofdagi odamlarga nisbatan zo‘ravonlikning hech qanday shakliga chidab turmaydigan bo‘lsinlar.

Va nihoyat, ota-onalarga da’vatim – o‘z bolangizga ishoning, unga quloq tuting va bolangiz qiyin vaziyatga tushib qolgan bo‘lsa, uni qo‘llab-quvvatlash imkonlarini izlang. Yodingizda saqlangki, zo‘ravonlikning barcha shakllari – bu jismoniy, emotsional, psixologik yoki og‘zaki bo‘ladimi – farzandingiz uchun zararli va uning emotsional, psixologik va jismoniy rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi.

Marta o’qilgan: 204


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar