Barcha odamlar kabi men ham oddiy hayot kechiraman!

Chop etish versiyasi
11 Sentabr 2018

Barcha odamlar kabi men ham oddiy hayot kechiraman!

Shodiya, 15 yoshda

Men 10 yoshdaligimda ota-onam vafot etishgan. Men buvim bilan qoldim. Keyinroq esa voyaga yetamaganlar ishlari bo‘yicha komissiya meni bolalar uyiga yubordi, chunki buvim menga boshqa g‘amxo‘rlik qilolmasdi.   

Keyin men kasal bo‘lib qoldim: ko‘nglim aynidi, tomirim tortishadigan bo‘ldi, hushimdan ketib qolardim. Shunda meni OITS markaziga olib borishdi va u yerda men OIVga tekshirish uchun qon topshirdim. Ikki kundan keyin qanday xastalikka chalinganligimni bildim. O‘shanda 13 yosh edim. Men Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti qoshidagi kasalxonada uch oy yotdim. Menga antiretrovirus terapiyasi yordamida davolanishni tayinlashdi.

Avvaliga men erta o‘laman deb o‘ylardim. Lekin kasalligim to‘g‘risida batafsil tushuntirishgandan keyin, undan cho‘chimay qoldim. Mehribonlik uyida mening xastaligim to‘g‘risida hamma biladi va bu yerda do‘stlarim ham bor.

Meni OIVga chalingan o‘smirlar uchun tashkil qilingan treningga taklif qilishganida «U yerda nima qilaman?» deb o‘ylagandim. Lekin trenigdagi muhokamalarda qatnashganimdan keyin, o‘zim ham qiziqib qoldim. Masalan, o‘zimning xastalanishim sabablarini bilishni istar edim.

Treningda men ko‘p yangi narsalarni bilib oldim, bolalar bilan do‘stlashdim. Bu yerda menga o‘xshaganlarga nisbatan munosabat umuman o‘zgacha. Barchamiz teng edik. Mendan tashqari, bu yerga Mehribonlik uyidan yana 4 kishi keldi.

Men ovqat pishirishni bilaman, turli salatlar tayyorlashni yoqtiraman. Oshpazlikka o‘qishni orzu qilaman. OIV yuqtirgan odam oshpaz bo‘lib ishlashi mumkinligi to‘g‘risida ataylab so‘radim, va menga “Ha” deb javob berishdi. Kelajakda men ham, barcha odamlar kabi, oddiy hayot kechiraman!

Nigora Islamova, 23-sonli bolalar uyining pediatr-shifokori

Bizning Mehribonlik uyimizda 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tarbiyalanadi. OIVga uchragan bolalarni alohida parvarish qilamiz. Agar OIVga chalingan bolani bir nima bezovta qilsa, uni darhol Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markaziga yoki Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutiga yuboramiz. Agar kasalxonaga joylashtirish zarur bo‘lsa, davolashga jo‘natamiz. Biz har oyda OITSga qarshi kurashish markazidan antiretrovirus terapiyasi uchun kerak bo‘lgan dorilar va boshqa zarur preparatlarni olib turamiz.

OIV infeksiyasi bilan yashayotgan bolalar yaxshiroq ovqatlanishi lozim, chunki bu ularning immunitet tizimlarini saqlash va mustahkamlash uchun muhim. Shu bois oddiy bolalar bir kunda 4 mahal ovqatlanishsa, OIVga chalingan bolalar – 6-8 mahal ovqatlanishi talab etiladi. Bolalar uyida yashayotgan boshqa bolalar ularning xastalanganlarini bilishadi, chunki buni hech kim yashirmaydi. Mening fikrimcha, boshqa bolalar ularning muammolarini oddiy kasallik sifatida qabul qilishadi.

Bizning Mehribonlik uyimizda OIVga chalingan 11 nafar bolalar yashaydi. Ularning orasida eng injig‘i – bu Shodiya. U zarur dorilarni ichishni rad etyapti. Men, pediatr sifatida, besh ballik tizim bo‘yicha uning sog‘lig‘ini 3,5-4 ballga baholayman. Shuning uchun men uni, qoidaga muvofiq, yarim yilda bir marta emas, har 2-3 oyda dispanserizatsiyaga jo‘nataman.

Shodiyaga oson emas, albatta. Bir tomondan, uning ota-onasi yo‘q, ikkinchi tomondan esa – xastalikdan aziyat chekadi. U bilan bizning bolalar uyimiz psixologi doimo ish olib boradi. Shodiya xafa bo‘lmasligi uchun, u qayerga borishni xohlamasin: lagerga, futbolga, basseyngami, biz uni o‘sha yerga yuboryapmiz.

Menga OIVga chalingan bolalar bilan ishlash yoqadi. Men nafaqat ularning shifokori, balki onalari hamman. Bolalar uyida ishlaydigan barcha ayollar bolalar uchun onalari, erkaklar esa otalaridir. Shuning uchun o‘zimizni shunday tutamiz: bolalarni quchoqlaymiz, erkalatamiz, hazillashamiz.

Bizning bolalarimiz UNICEF tomonidan OIVga chalingan o‘smirlar uchun tashkil qilingan treningda ikkinchi marta ishtirok etdilar. O‘smirlarning o‘zlari buni juda xohlagan edilar, va shuning uchun mashg‘ulotlarda bajonudil ishtirok etdilar. Trening davomida bilib olganlarini boshqa bolalar bilan o‘rtoqlashdilar. Shodiyaga ham juda yoqdi. Bunday tajriba uning uchun foydali bo‘ladi deb umid qilaman.

Marta o’qilgan: 370


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar