Jabrlangan va jinoyat guvohi bo'lgan bolalarni so’roq qilishda alohida yondashuv

Chop etish versiyasi
08 Noyabr 2018
Mavjud so’roq qilish tartibini bilmaslik, takroriy suhbatlar va ayblanuchvichalr bilan yuzma-yuz kelish bolaning holatiga salbiy ta’sir ko’rsatib, bo’lib o’tgan hodisa taflisotlarining noto’g’ri talqiniga sabab bo’lishi mumkin.

So’roq jarayonida bolaning xavotirini kamaytirish uchun alohida yondashuvlar mavjud. Xususan, voyaga etmaganlarni malakali mutaxassis alohida jihozlangan xonada so’roq qiladi. Bolaning eng yaxshi manfaatlarini himoya qilish uchun ikkita muhim omil mavjud: birinchi navbatda, bola uchun qulay muhit yaratish va uning yoshiga mos maxsus so'rov protokolidan foydalanish; Ikkinchidan, suhbatlar sonini kamaytirish. Bunday yondashuvlar, bolalarga ruxiy ziyon etkazishdan asraydi hamda sudda foydalanish mumkin bo’lgan sifatli dalillarni to'plashda yordam beradi.

Ushbu masalalar UNICEFning ichki ishlar tergovchilari, Bosh prokuratura akademiyasi o’qituvchilari va jinoiy ishlar bo’yicha sud’yalar uchun tashkil etilgan treningda muhokama qilingan asososiy mavzular bo’ldi. Treningning maqsadi jabrlangan va jinoyat guvohlari bo’lgan bolalarni so'roq qilish borasidagi ilg’or xalqaro tajribani o’rganishdir.

“Bolalarning sud jarayonida ishtiroki ahamiyatli bo’lishi uchun do'stona muhit yaratish zarur. Shu bilan birga, adliya sohasidagi mutaxassislar ham jabrlanganlar va jinoyat guvohlari bilan ishlashga tayyor bo’lishlari juda muhimdir,” - dedi UNICEFning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann. “Xususan, tergovchilar, prokurorlar, sudyalar va advokatlar jabrlangan va jinoyat guvohi bo’lgan bolalarni so'roq qilish bo'yicha o'qitilishi kerak. Bu jarayonda bolaga nisbatan do’stona munosabatda bo’lish bolalarni keyingi ruxiy jarohatlardan himoya qiladi”.

UNICEF balog'atga etmagan bolalarga nisbatan adliya tizimidagi islohotlarni amalga oshirishda, jumladan, jabrlangan va jinoyat guvohi bo’lgan bolalarni himoya qilish maqsadida tergov qilishning innovatsion usullarini joriy etish va maxsus bolalar xonalarini yaratish borasida O'zbekiston hukumati bilan samarali ish olib bormoqda.

Ayni damda ichki ishlar vazirligi tergov boshqarmasining Toshkent shahri va viloyat bo’limlarida 16 ta bolalar bilan suhbat o’tkazish xonalari ishga tushirilgan. Shularning ilk uchtasi UNICEF ko’magida tashkil etilgan.

“Bolalar kattalardan farq qiladi. Ularning turli xil ehtiyojlari mavjud. Bolalarning aqlan rivojlanishi, gapirishi, fikr yuritishi va bo’lib o’tgan voqealarni anglab etishidagi farqlarni e’tiborga olgan holda bolalar bilan boshqacha muloqot qilishimiz zarur,”- dedi UNICEFning bolalar bo’yicha adliya mutaxassisi Ursina Vaidkun.

Boshqacha muloqot deganda adaptatsiya tartiblari, do'stona muhit va til, bolaning shaxsiy ehtiyojlari haqida ma'lumotga ega bo’lish nazarda tutiladi. Shuningdek, so'roq paytida bolani qo'llab-quvvatlashga qodir shaxs uning yonida bo’lishi ham muhimdir.

9.jpg

Trening qatnashchilari shuningdek xalqaro protokol asosida bola bilan muloqotga kirishish, ochiq savollardan foydalanish, yopiq va yo’naltiruvchi savollarni bermaslik singari uslublar bilan tanishdilar. Ushbu protokol Amerika Qo’shma Shtatlari bolalar salomatligi va inson taraqqiyoti instituti (NICHR) tomonidan ishlab chiqilgan. Ilmiy izlanishlarga asoslangan ushbu hujjat bolalarning kognitiv rivojlanishi aniq ma'lumot berish qobiliyatini yaxshilash singari jihatlarni o’z ichiga oladi. Protokol bir necha tillarga tarjima qilingan va ko'plab mamlakatlarda maqul ko’rilgan uslub sifatida ishlatiladi.

“Men treningda ko’p yangi uslublarni o’rgandim,”- dedi nukuslik tergovchi Oynura Sabirbayeva. “Skandinaviya mamlakatlarining “bolalar uchun uy” yondashuvi menda kuchli taassurot qoldirdi. Jabrlangan bolalarga barcha xizmatlarni bir joyning o’zida ko’rsatish juda muhimdir.”

Barnahus modeli (bolalar uchun uy) o’z ichiga yuridik, tibbiy va ijtimoiy yordamlarni birlashtirib, bolani takroriy ko’rsatmalar berishdan hamda ruxan qiynalishdan saqlaydi. Afzalliklari inobatga olingan holda, bu uslub bolalarga nisbatan zo’ravonlik va beparvolikning oldini olish xalqaro tashkiloti mukofotiga sazovor bo’lgan (IPSCAN).

Besh kunlik trening jarayonida qatnashchilar jabrlangan va jinoyatga guvoh bo’lgan bolalar bilan ishlashda yuzaga keladigan muammolarni ham muhokama qilishdi. Shu kungacha O’zbekiston qonunchiligiga ayblanuvchining huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bir necha o’zgarishlar va qo’shimchalar kiritilgan. Ammo, jabrlanuvchi hamda jinoyatlar guvohlari huquqlari etarlicha himoyalanmagan. Ayblanuvchi va jabrlanuvchi o’rtasidagi bevosita muloqotning oldini olish muhimdir. Sudgacha va sud jarayoni paytida alohida xonada video tasvirga olingan intervyular va audio yozuvlar bolalar va jabrlanuvchilarni ayblanuchvi bilan uchrashishdan va bosimdan himoya qilishi mumkin.

“Kelgusi yilgacha barcha hududlarimizda bolalarni so’roq qilish xonalarini yaratishni rejalashtirganmiz,”- dedi Jasurbek Saidov, ichki ishlar vazirligi tergov boshqarmasining tergov va muvofiqlashtirish bo’limi rahbari. “Har bir tergovchi voyaga etmaganlar bilan bu xonalarda ish olib borishi nazarda tutilgan. Treningda olgan bilimlarimiz ishimizni nafaqat engillashtiradi, eng muhimi bolalar huquqini yanada yaxshiroq ta’minlash imkonini beradi”.


Marta o’qilgan: 81


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar