Nabiramga OIV yuqqanligini ma’lum qilishgandan keyin bir necha oydan buyon ilk bor tabassum qildi

Chop etish versiyasi
01 Dekabr 2018
2 photo.jpg


Navro‘z, 13 yoshda

Avvallari men sog‘lom edim. Bu xastalikka uchraganimga atigi 4-5 oy bo‘ldi. Isitmam 39 darajagacha ko‘tarilib, uzoq vaqt tushmay turdi. Limfatik tugunlarim kuchli yallig‘landi.

Men o‘zimni juda yomon his qildim. Avval Andijonda davolandim. Menga shamollading, keyinroq esa zotiljam bo‘lding deyishdi. Shundan so‘ng Toshkentga keldik. Bu yerda qarindoshlarimiz yashaydi. Men tahlil uchun qon topshirdim. Uning natijalarini olgandan keyin, otam menda OIV infeksiyasi aniqlanganligini aytdi. Keyin esa menda limfatik tugunlarim sil kasalligiga uchraganligi aniqlandi. Hozir ana shu xastalikdan davolanyapman.

Kasallanishimdan oldin Toshkentda o’qishimni rejalashtirgan edik. Lekin xastaligim sababli barcha rejalarimiz o‘zgardi. Andijonda maktabni tamomlab, so‘ng Toshkentda litseyga o‘qishga qaror qildim.

Toshkentga kelganimizda onam meni OIV bilan yashovchi bolalar va ularning oilalarini qo’llab-quvvatlash kunduzgi markaziga olib bordi. O‘shanda men birinchi marta o‘zimga o‘xshash tengdoshlarim bilan tanishdim. Xavfli kasallikka uchraganimdan ko‘pam siqilmadim. Mendan ko‘proq ota-onam va buvim bilan buvam tashvishlanishdi.

Markazda meni UNICEF tomonidan tashkil qilingan treningga taklif qilishdi. Trening menga juda yoqdi! Bolalar bilan do‘stlashdim, ko‘p foydali narsalarni bilib oldim.

Men Vestminster litseyiga, keyin esa Vestminster universiteti yoki Milliy universitetga o‘qishga kirishni orzu qilaman. Angliyaga bormoqchiman. Ehtimol, kasalligim sababli safarim amalga oshmay qolishi mumkin. Men matematika yoki ingliz filologiyasi sohasida olim bo‘lishni istardim. Bu maqsadimga O‘zbekistonda ham erishish mumkin.

Mamarasul Shodiyevich, Navro‘zning buvasi

Mening qizim birinchi eri bilan ajrashib, ikkinchi nikohda ikki nafar qizaloqlarni dunyoga keltirdi. Biz turmush o’rtog’im bilan qizimning birinchi eridan tug‘ilgan o‘g‘illarni o‘zimizga oldik. Andijonda qizimizning oilasiga yaqin joyda yashaymiz, bolalar onasining oldiga tez-tez borib turishadi.

Kichik nabiram Navro‘z 13 yosh bo‘lguniga qadar hech qachon kasal bo‘lmagan. Shu yilning boshlarida esa birdaniga uning isitmasi baland ko‘tarilib, ko‘p vaqtgacha tushmadi. Respublika OITSga qarshi kurashish markazida unda OIV infeksiyasidan tashqari, ko‘krakning ichki limfatik tugunlari silga chalinganligini aniqlashdi. Bola shifoxonaga tushganida, og‘irligi 30 kilogramm edi, u yerdan chiqayotganida esa vazni 40 kilogrammga etlib qolgan edi.

Navro‘zning organizmiga OIV infeksiyasi qanday tushib qolganligini haligacha hech kim tushunmaydi. Barcha oila a’zolari sog‘lom. Nabiramga hech qachon jarrohlik aralashuvi bo‘lmagan, unga qon quyilmagan, tishlari davolanmagan. O‘zining xastaligi to‘g‘risida bilganidan keyin yashashga umuman qiziqishi qolmadi, bunday ahvolga birgina o‘zi tushib qolgan deb o‘ylardi. «Buvajon, nima uchun bu aynan men bilan sodir bo‘ldi?» deb yig‘lab menga savol berar edi. Men unga qanday javob bera olardim, axir? O‘zim ham yolg‘izlikda unga achinib yig‘lardim.

Baxtimizga bizni OIV bilan yashovchi o‘smirlar va ularning oilalari uchun tashkil qilingan treningga taklif qilishdi. Navro‘zga bu tadbir juda ham ma’qul keldi. Birinchi kun qatnashganining o‘zidayoq u ruhlanib ketdi. Men ham anchagina o‘zimga kelib qoldim. Nabiram o‘z guruhida ko‘pgina tengdoshlarini, oddiy o‘quvchilarni uchratdi. Men esa o‘z guruhimda juda nufuzli va hatto ancha badavlat oilalarning ayollari bilan tanishdim. Avvallari men OIV faqat giyohvandlar va jamiyatning eng beobro‘ a’zolariga mansub xastalik deb o‘ylar edim.

Bu treningga qadar OIV kasalligi, uning sabablari, alomatlari, undan qanday davolanish haqida hech qanday bilimlarim bo‘lmagan. Agar undan butunlay davolanishning iloji bo‘lmasa, unda ARV-terapiyasini ham doim qabul qilish shart emas deb o‘ylardim. Endi esa bunday terapiya OIV bilan yashovchi bolaning hayotini saqlab qolish va uni ijobiy tomon o‘zgartirish uchun zarur ekanligini tushundim. OIV infeksiyasi bilan yashayotgan bolalarning huquqiy himoyasiga oid mavzu ham men uchun juda foydali bo‘ldi. Bu yerda men 18 yoshgacha bo‘lgan OIV bilan yashovchi bolaga nafaqa tayinlanishi to‘g‘risida birinchi marta eshitdim. Treningdagi ishtirokimiz sababli nabiram bilan mening yorqin kelajakka bo‘lgan ishonchimiz kuchaydi. Trening boshlangan kuni nabiram OIVga chalinganligini ma’lum qilishganidan keyin bir necha oydan beri ilk bor tabassum qildi.

Marta o’qilgan: 132


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar