Styuardessa bo‘lishni orzu qilaman

Chop etish versiyasi
01 Dekabr 2018
4 photo.jpg

Sevara, 14 yoshda

Men erta bolaligimdan xastaman, lekin buni ancha keyin angladim. O‘zimni doimo yomon his qilardim, buvim esa menga g‘amxo‘rlik qilgan. Ikki yil oldin biz Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti qoshidagi OIV bilan yashovchi bolalar va ularning oilalarini qo’llab-quvvatlash kunduzgi markazi psixologining huzuriga bordik va u menga kasalligim haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Menga bu dorilar nima uchun kerak deb doim o‘ylab yurardim. Ularni qancha ko‘p qabul qilmay, infeksiya baribir yo‘q bo‘lib ketmasdi. Men onamdan dori ichishni qachon to‘xtataman va sog‘lom bo‘laman deb so‘rardim? Onam esa menga dorilarni qabul qilishni to‘xtatish mumkin emasligini tushuntirardi.

Markazda o‘zimga o‘xshash qizlar bilan tanishdim va yolg‘iz emasligimni tushundim. Men ham, boshqa bolalar kabi, bilim olish, ulg‘ayish, barcha qobiliyatlarimni xalqimiz va davlatimiz farovonligiga bag‘ishlashni istayman.

Men yaxshi o‘qiyman, tarix, biologiya, chet tillari fanlarini xush ko‘raman. Maktabda 11- sinfgacha o‘qish, ingliz va rus tillari, xoreografiya bilan shug‘ullanishni istayman. Kelajakda styuardessa bo‘lishni orzu qilaman. Men chiroyli moviy rangli libosda, bo‘ynimga ko‘rkam ro’molcha tashlagan holda havo kemasiga kirish joyida yo‘lovchilarni kutib olayotganligimni tasavvur qilaman.

Hamida, Sevaraning onasi

Men treningga katta qizim bilan keldim. Biz asli Toshkent viloyatidanmiz. Yana kichik qizim va o‘g‘lim bor.

To‘qqiz oyligida katta qizim Sevaraga plazma quyishdi va shu asnoda unga OIV infeksiyasini yuqtirib qo‘yishdi. Shundan keyin unda biz oldiniga alohida e’tibor bermagan alomatlar paydo bo‘la boshladi: yuzidagi toshma yoki burnidan qon oqishi. U tez-tez kasal bo’lar edi, lekin OIV infeksiyasiga chalinganligi xayolimizga ham kelmagan.

8 yosh bo‘lganidan keyin Sevaraning ahvoli yanada yomonlashdi: burnidan kuchli qon oqardi, limfadenit rivojlanib ketdi. Qizimni turli tibbiy muassasalarga tekshirishga jo‘natadigan bo‘lishdi. Mening qo‘limda 9 oylik o‘g‘lim bo‘lganligi sababli, qizim bilan kasalxonalarga onam qatnab yurdi. Oxiri ular Toshkent viloyati OITSga qarshi kurashish markazining pediatri Nargiza Karabayevaning qabuliga borishdi.

Biz butun oila bo‘lib tekshirish uchun qon topshirdik. Barchamiz sog‘lom chiqdik, Sevarada esa OIV infeksiyasi aniqlandi. Qizimiz kasalligi sababli turmush o’rtog’im meni uch nafar bolam bilan tashlab ketdi. U menga «Bizning avlodimizda bunday kasallik bo‘lmagan» dedi, men ham unga «Bizning avlodimizda ham yo‘q, barchamiz obro‘li odammiz» deb javob qaytardim. Lekin barchasi befoyda bo‘ldi. Endilikda uning yangi oilasi, bola-chaqasi bor.

Bu xastalikni qizimda 9 yoshligida aniqlashdi. U juda ozib ketgandi, yuzida doimo toshma paydo bo‘lardi, quloqlari og‘rir edi. Sevara hech kim bilan muloqot qilmasdi. Barcha bilganlarini, hatto 1-2 sinflarda orttirgan odiy bilimlarini ham esdan chiqardi. Uning ahvoli tobora yomonlashib borardi.

Baxtimizga, davlatimiz va UNICEF bizga katta yordam berdi va e’tibor qaratdi. Ularga qanday minnatdorchilik bildirish uchun so‘z ham topolmayman! Pediatr Nargiza Karabayeva bilan maslahatlashishni davom ettiryapman. Biz qizim bilan ikki yildan buyon OIVga uchraganlarini biladigan o‘smirlarga ko‘maklashuvchi guruhga qatnayapmiz. Shuningdek biz OIV bilan yashovchi bolalar va ularning oilalarini qo’llab-quvvatlash kunduzgi markazi psixologidan individual maslahatlarni olib turibmiz.

Avvaliga men qizimning kelajagi uchun juda tashvishlandim. Qizim hali butunlay davolanib bo‘lmaganligini tushunaman, lekin xastaligi rivojlanishini to‘xtatadigan dori-darmonlar ham mavjud.

Sevaraning kelgusi rejalari juda ko‘p. U menga «Onajon, endi men barcha odamlar kabi yashay olaman!» deb aytdi.

Atrofdagilarning birontasi bizning vaziyatimiz to‘g‘risida xabardor emas. Mening kichik bolalarim katta opasini hurmat qiladilar, uni tushunadilar, qo‘llab-quvvatlaydilar, hayotini yengillashtirishga harakat qiladilar. Men ham qizimga har tomonlama yordam beryapman, u dorilarini o‘z vaqtida qabul qilib turishini kuzatib turibman.

Marta o’qilgan: 145


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar