Bu yerda barcha bolalarning muammolari bir xil, shu bois ularga o‘zaro til topishish osonroq

Chop etish versiyasi
01 Dekabr 2018
5 photo.jpg

Dilyara, 14 yoshda

Ikki yil avval onam vafot etdi. Hech qachon kasal bo‘lmagan va o‘zimni noxush his qilmagan bo‘lishimga qaramasdan, men ham xasta ekanligim ma’lum bo’ldi.

Meni va katta opamni UNICEF tomonidan tashkil qilingan treningga taklif qilishdi. Agar men o‘z vaqtida tegishli dorilarni qabul qilib tursam va boshqa qoidalarga amal qilsam, jismimdagi OIV infeksiyasi menga hech qanday ziyon yetkaza olmasligini aynan ana shu treningda tushundim.

Trening menga juda yoqdi. Biz nafaqat xastaligimizga qarshi kurashishga o‘rgandik, balki suhbat qurdik, o‘ynadik, raqsga tushdik, o‘z qo‘llarimiz bilan sovg‘alar yasadik va ularni bir-birmizga tortiq qildik. Bu yerda vaqtni qiziqarli va xursandchilik bilan o‘tkazdik. Men ayrim qizlar bilan do‘stlashib qoldim va biz telefon raqamlarimiz bilan almashdik.

Men rasm chizishni xush ko‘raman. Ayniqsa, menga turli liboslarni o‘ylab topish va chizish yoqadi. Katta bo‘lganimda liboslar dizayneri yo‘nalishida o‘qishga kiraman.

Asmira, Dilyaraning katta opasi

Mening singlimga OIV infeksiyasini tug‘ilayotganda onadan yuqqan. Afsuski, biz onamizning xastaligi haqida juda kech, 2015 yilning oktyabr oyida bilib qoldik. Onamda doimo yuqori isitma bo‘lgan, shuning uchun ular paratsetamol va aspirin ichib yurar edilar. Onamni va bizni Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markaziga OIVga chalinganlik yuzasidan tahlildan o‘tish uchun jo‘natishdi. Avvallari men OIV to‘g‘risida umuman eshitmagan edim. Menda ham OIV infeksiyasi topilishiga 100 foiz ishonchim komil edi, chunki biz umumiy tish yuvish chyotkasi, sochiq va kiyimlardan foydalanar edik.

OIV onamda, otamda va singlimda aniqlandi. Akam qon topshirishdan bosh tortdi, lekin keyinroq uni bunga majbur qilishdi. Men va akam sog‘lom ekanligimiz aniqlandi. Afsuski, singlim o‘z sog‘lig‘iga qarash o‘rniga, 12 yillik umrini bekorga sarfladi. U OIV infeksiyasidan davolanish uchun zarur dori-darmonlarni qabul qilmadi. Singlim hech qachon kasal bo‘lmagan va doimo bi roz to‘la va baquvvat bo‘lgan. Keyinroq esa unda, OIVdan tashqari, epilepsiya, DVS-sindromi, ya’ni qon quyilishi xususiyati buzilganligi va yana bir qator boshqa kasalliklar borligi aniqlandi. Shunga qaramay, u doimo butunlay sog‘lom bo‘lib ko‘ringan va hozir ham shunday ko‘rinadi.

Onam kasalxonaga tushib qoldi. Onamning xastaligi eng oxirgi bosqichga borib qolgan ekan va shu bois unga yordam berishning hech iloji yo‘q edi. Shifokor menga «Onangning bir oydam ham qisqaroq umri qoldi,» deb aytdi. U haq bo‘lib chiqdi. Onam 44 yoshda edi, men esa atigi 18 yoshda.

Biz singlim bilan birga OITSga qarshi kurashish markaziga bordik, va u yerda singlimga davolanish uchun ARV-terapiyasini tayinlashdi. Endi u kerakli dorilar yordamida davolanyapti. Dilyara 8 sinfga o‘tdi, yaxshi o‘qiyapti. Lekin onamning vafotidan so‘ng u g‘amgin, sust va odamovi bo‘lib qoldi. Dilyarya va onam juda yaqin bo‘lib, bir-biriga dugonaday edilar.

Biz oilamiz bilan kechki ovqatga o‘tirganimizda, Dilyara ovqatlanishdan voz kechadi. Singlim ochiqqanligini bilaman, biroq u buni tan olmaydi va hamma bilan birga dasturxon atrofiga o‘tirmaydi. Lekin agar men likopchaga ovqat solib, uni oshxonada qoldiradigan bo‘lsam, 15 daqiqadan so‘ng likopchani bo‘sh topaman.

Hozir men singlim uchun ham opa, ham ona, ham aka bo‘lib turibman. Akam uylandi, uning o‘z farzandlari ham bor. Otam 51 yoshda, payvandchi bo‘lib ishlaydi. Onam vafot etgandan keyin otam ko‘p ichadigan bo‘ldi va shu sababli jigar sirroziga uchradi. Endi otam va singlimga g‘amxo‘rlik qilish – mening burchim.

Men OIV to‘g‘risida juda ko‘p materiallarni o‘qidim. Payshanba kunlari biz singlim bilan birga Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti qoshidagi OIV bilan yashovchi bolalar va ularning oilalarini qo’llab-quvvatlash kunduzgi markaziga boradigan bo‘ldik. U yerda biz psixolog-shifokor, OIVga uchragan boshqa bolalar va ularning ota-onalari bilan tanishdik. Men UNICEF treningiga ilk bor qatnashdim va bu tadbir menga juda yoqdi. Ushbu treningni tashkil qilish va o‘tkazishda qatnashgan barchaga, xususan UNICEF va Sog‘liqni saqlash vazirligiga minnatdorchilik bildiraman. Orttirilgan bilimlar menga singlimni parvarishlashga yordam beradi, unga esa ko‘mak juda zarur. Dilyarani qiziqtirish, rag’batlantirish kerak.

Dilyaraga trening juda ma’qul bo‘ldi: uni qiziqtiradigan har qanday savolni berib, atroflicha javob olish mumkin edi. U bu yerda do‘stlar ottirdi. Mehmondorchilik ham yoqdi. Uzoq vaqtdan buyon ilk bor uning kulayotganini ko‘rdim. Dilyaraning o‘z sinfida dugonalari yo‘q. Maktabda uning epilepsiya xuruji bir-ikki marta sodir bo‘lgan keyin bolalar unga «Sen kasalmandsan!» deb, undan chetlanadigan bo‘lishdi. Bu yerda esa barcha bolalarning muammolari bir xil, shu bois ular bilan til topishish osonroq.

Marta o’qilgan: 215


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar