2011 yilning 12-18 sentyabr’ kunlari respublikada 1-14 yoshgacha bo‘lgan bolalarda qizamiq va qizilcha kasalliklariga qarshi milliy emlash kunlarini o‘tkazish bo‘yicha tashkil etiladigan matbuot anjumani

Chop etish versiyasi
12 Sentabr 2011

Respublikada qizamiq va qizilcha kasalliklari bo‘yicha mavjud barqaror epidemik vaziyatni saqlab turish, bu kasallikka moyil bo‘lgan aholi guruhlarida immunitet mustahkamligini talab darajasida bo‘lishini ta’minlash va emlanishi zarur bo‘lgan aholini emlash bilan to‘liq qamrab olish maqsadida, 2011 yil 12-18 sentyabr kunlari qizamiq va qizilcha kasalliklariga qarshi miliy emlash kunlari o‘tkazilishi rejalashtirib olindi.

Bunda respublika bo‘yicha 1-14 yoshgacha jami 8 mln. nafar bolalarni emlash rejalashtirildi.

Shu maqsadda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan BMT Bolalar Jamg‘armasi (UNICEF) va Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti (JSST) xalqaro tashkilotlari ko‘magida O‘zbekistonga Hindistonning “Serum” institutida ishlab chiqarilgan, 8 mln. 800 ming doza qizamiq va qizilcha kasalliklariga qarshi vaksina va shpritslar olib kelinib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlariga “sovuqlik zanjiri” qoidalariga to‘liq amal qilingan holda yetkazildi.

Qizamiq va qizilcha kasalliklariga qarshi milliy emlash kunlari davomida xavfsiz emlashni tashkil etish va o‘tkazish, bundan tashqari qizamiq va qizilcha kasalliklari bo‘yicha hushyorlikni oshirish maqsadida, kasallikning klinikasi, tashxisi va davolash mavzularida, respublikaning barcha ma’muriy hududlarda, tibbiyot xodimlari uchun seminarlar o‘tkazilmoqda.

Respublika bo‘yicha 8600 ga yaqin emlash brigadalari, 7762 ta emlash punktlari tashkil etildi. Milliy emlash kunlarini o‘tkazishda maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazilgan 9 mingdan ortiq vrachlar, 14962 nafar emlash va patronaj hamshiralari, maktabgacha ta’lim-tarbiya muassasalari hamda mehribonlik uylarining xodimlari ishtirok etadilar.

Ommaviy emlash tadbirlarini to‘laqonli va talab darajasida o‘tkazilishini ta’minlash uchun nafaqat tibbiyot muassasalari, balki tashkilotlar, idoralar, ommaviy axborot vositalari, mahalla fuqarolari yig‘inlari, keng jamoatchilik va har bir fuqaro faol ishtirok etishlari zarur.

Shu maqsadda, UNICEF xalqaro tashkilotining ko‘magi bilan 2500 dona bannerlar, 10 000 dona plakat, 2 500 000 dona flayer, vaksinatorlar, o‘qituvchilar, o‘smirlar hamda patronaj hamshiralar uchun 5 000 donadan eslatmalar, radio, videorliklar (o‘zbek va rus tillarida) hamda qizamiq va qizilcha kasalliklariga qarshi miliy emlash kunlari masalalari bo‘yicha suhbat qurish maqsadida teatrlashtirilgan ko‘rsatuvlar tayyorlab berildi.

Ushbu tadbir to‘laqonli o‘tkazilishini ta’minlash bilan bolalarimizni qizamiq va qizilcha kasalliklari va uning og‘ir asoratlaridan saqlab qolamiz.

Qizamiq va qizilcha kasalliklariga qarshi respublikaga olib kelingan vaksinaning xavfsizligi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maxsus sertifikati bilan kafolatlangan. Ota-onalar 1-14 yoshgacha bo‘lgan farzandlarini o‘zlari yashayotgan hududdagi tibbiyot muassasalariga milliy emlash kunlarida olib chiqib, emlatishlari kerak.

Emlangan bola nafaqat o‘zini, balki atrofdagi bolalarni ham qizamiq va qizilcha kasalliklariga chalinishining oldini oladi. Sog‘lom farzand - millat kelajagi. Zero shunday ekan, har birimiz farzandlarimiz salomatligiga befarq bo‘lmaylik!

Qo‘shimcha ma’lumot uchun, quyidagi telefonlar orqali murojaat qiling:

Mas’ul shaxs:

Muharrirlar uchun axborot


O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan so‘ng yuqumli kasalliklarga qarshi kurash va ularning oldini olish masalasi davlatimiz siyosati darajasiga ko‘tarildi. Respublikamiz rahbariyati, Hukumatimiz rahnamoligida, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha, maqsadga yo‘naltirilgan tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirib borilayotganligi natijasida, respublikamizda aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklar bo‘yicha epidemik vaziyatning barqarorligi ta’minlanib kelinmoqda. Jumladan, karantin va o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar, bundan tashqari poliomielit, difteriya, qoqshol kasalliklari qator yillar mobaynida qayd etilmadi. Virusli gepatitning V turi, qizamiq, qizilcha, ko‘k yo‘tal, tepki kabi, vaksinalar orqali boshqariladigan yuqumli kasalliklar sanoqli sonlarda ro‘yxatga olingan.

Qizamiq - o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, tana haroratining ko‘tarilishi, yuqori nafas yo‘llari, ko‘z shilliq pardalari, og‘iz bo‘shlig‘ining yallig‘lanishi va terida qizil, yirik dog‘li toshmalar toshishi bilan xarakterlanadi. Kasallik qo‘zg‘atuvchisi virus hisoblanib, bemor yo‘talganda, aksirganda, gaplashganda tupugining mayda tomchilari orqali havoga tushadi, keyin nafas yo‘llari orqali sog‘lom bolaning organizmiga o‘tadi. Qizamiqqa odatda hamma kishilar beriluvchan bo‘ladi. Kasallikdan so‘ng immunitet qoladi. Kasallik 4-bosqichda kechadi. Yashirin davr 6-18 kun. Kasallik belgilari deyarli sezilmaydi. Prodromol davr inkubatsion davrdan keyin 3-4 kun davom etadi. Kasallik o‘tkir boshlanib, gavda temperaturasi ko‘tariladi, bemor quruq yo‘taladi, tumov bo‘ladi, ko‘zi qizarib, yoshlanadi, tovushi bo‘g‘ilib qoladi, yorug‘likka qaray olmaydi. Bu davrda lunj shilliq pardasi atrofida qizil mayda dog‘lar paydo bo‘ladi.

Ular toshma toshishdan 2-3 kun oldin paydo bo‘lib, toshma toshgandan 1-2 kun keyin yo‘qolib ketadi. Yumshoq va qattiq tanglayning shilliq pardasida Enantema mayda qizil dog‘lar paydo bo‘ladi. Bolaning darmoni qurib, injiq bo‘lib qoladi, uyqusi, ishtaxasi yo‘qoladi, tez-tez ichi ketadi. Katta yoshli bolalarda bosh og‘rig‘i, qusish, burun qonashi, qorin og‘rig‘i kuzatiladi. Toshma toshish davrida bemor qayta isitmalaydi, tomog‘i qizaradi. 4-6 kunga kelib o‘ziga xos qizil, yirik dog‘ toshmalar toshadi, bir necha soatdan so‘ng butun yuzga yoyiladi. Toshma ikkinchi kuni badanga, 3 kuni qo‘l-oyoqa tarqaladi. Qizamiqda teri nam bo‘lib, bir oz qichishadi. 3-4 kundan so‘ng sog‘ayish davri boshlanadi. Yuzdagi toshmalar qoraya boshlaydi va jigar rang dog‘larga aylanadi. Zotiljam (o‘pka yallig‘lanishi), tomoqning shishi, o‘rta quloqning yallig‘lanishi (otit), ichak kasalliklari kabi asoratlar qoladi. Kizamiq 2 yoshgacha bo‘lgan, shuningdek boshqa yoshdagi nimjon bolalar uchun ayniqsa xavfli. Shu sababdan ularni qizamiqdan juda ehtiyot qilish kerak. 12-oylikdan boshlab qizamiq, qizilchaga qarshi emlash muhim ahamiyatga ega.

Qizilcha - o‘tkir yuqumli kasallik, gavda haroratining ko‘tarilishi, bir oz kataral holatlar, ensa limfa tugunlarning kattalashishi va og‘rishi hamda teriga toshmalar toshishi bilan ifodalanadi. Bemor yo‘talganda, aksirganda, gaplashganda balg‘ami, so‘ngra nafas yo‘llari orqali uning organizmiga kiradi. Qizilcha bilan og‘rigan bemorlar toshma toshishidan 2 kun oldin va toshma yo‘qolib ketguncha yuqumli bo‘ladi. Qizilcha virusi organizmda 16-21 kun mobaynida kasallik belgilarini paydo qilmay turishi mumkin. Prodromal davr bir oz tumov va yo‘tal bilan namoyon bo‘lib, aksari sezilmay qoladi. 1-2 kundan keyin yuzga va badanning hamma joyiga och pushti mayda-mayda dog‘lar toshadi. Toshma 2-3 kundan keyin hech qanday asoratsiz qaytadi. Harorat 1-1/2 sutka davomida 38,5-390 bo‘lib turadi. Avstraliya vrachi Greeg ayollarning homiladorlik davrida qizilcha bilan og‘rishi ko‘pincha bolalarning majruh bo‘lib to‘g‘ilishiga sabab bo‘lishini aniqladi. Homilador ayollarning qizilcha sindromi, ya’ni chaqaloqning ko‘r, kar, yurak porogi, aqlan zaif bo‘lib tug‘ilishiga sabab bo‘ladi.

Faqat profilaktik emlash tufayli aholi, bolalar kasallanishining oldini olish, kasallik asoratidan saqlash mumkin.

Marta o’qilgan: 95


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar