Sog‘liqni saqlash muassasalari chaqaloqlarni emizib boqish amaliyotini ilgari surishda muhim omil bo‘lmoqdalar

Chop etish versiyasi
05 Avgust 2010

Toshkent, O‘zbekiston, 2010 yil 5 avgust - 35ta tug‘ruqxonalar, oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlariga bolaga nisbatan do‘stona munosabatdagi va muvaffaqiyatli emizib boqish yo‘lidagi 10 qadamni ta’minlovchi tuzilmalar sifatida sertifikatlar taqdim etildi, deb e’lon qilindi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va UNICEFning 1-7 avgustda Bolani ko‘krak suti bilan boqish jahon haftaligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida.

«Ko‘krak suti bilan boqish chaqaloqlar sog‘lom o‘sishlari va rivojlanishlari uchun tanlangan eng oqilona usuldir. Tibbiyot xodimlari chaqaloq tug‘ilgan damdan boshlab uni ko‘krak suti bilan boqishda yosh onalarga to‘liq yordam ko‘rsatishlari muhim ahamiyatga ega. Biz O‘zbekistonning barcha tug‘ruqxonalarida va birlamchi tibbiyot muassasalarida chaqaloqlarni ko‘krak suti bilan boqishni ilgari surish yo‘lidagi Sog‘liqni saqlash vazirligining sa’y-harakatlarini ma’qullaymiz», deb ta’kidladi UNICEFning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Oyuunsayxan Dendevnorov.

Joriy yilda Bolani ko‘krak suti bilan boqish jahon haftaligi ko‘krak suti bilan boqishni ilgari surishda sog‘liqni saqlash muassasalarining hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan roliga jiddiy e’tibor qaratmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST), Jahon emizib boqishni qo‘llab-quvvatlash ittifoqi, UNICEF va dunyoning ko‘pgina mamlakatlari, shu jumladan O‘zbekiston ushbu haftani “Emizib boqish: bolaga nisbatan do‘stona munosabat yo‘lida faqat 10 qadam” shiori ostida nishonlamoqdalar.

Muvaffaqiyatli emizib boqish yo‘lidagi 10 qadam

JST va UNICEF tomonidan ilk bor 1989 yilda e’lon qilingan 10 qadam barcha tibbiyot muassasalarini homilador ayollarga, yosh onalarga va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga yordam ko‘rsatishga da’vat etadi:

1. Emizib boqish borasida har kuni butun tibbiy xodimlarga yetkaziladigan yozma siyosatga ega bo‘lish;

2. Barcha tibbiyot xodimlarini mazkur siyosatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarga o‘rgatish;

3. Barcha homilador ayollarga emizib boqishning va mazkur amaliyotning naqadar foydaliligi to‘g‘risida xabar yetkazish;

4. Chaqaloq tug‘ilgandan so‘ng 30 daqiqadan keyin uni emizib boqishni boshlashda onalarga yordam ko‘rsatish;

5. Chaqaloqni ko‘krak suti bilan qanday to‘g‘ri boqish, chaqaloq onadan alohida saqlangan vaziyatda ham laktatsiyani qanday saqlab turish kerakligini onalarga ko‘rsatish;

6. Tibbiy ko‘rsatmalar mavjud bo‘lmagan vaziyatda, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga ko‘krak sutidan boshqa hech qanday ovqat yoki ichimlik bermaslik;

7. Ona va chaqaloq bir kecha-kunduzda 24 soat davomida doimo birga bo‘lishlari amaliyotini qo‘llash;

8. Chaqaloq talabi bo‘yicha uni emizib boqishni rag‘batlantirish;

9. Ko‘krak suti bilan boqiladigan chaqaloqlarga so‘rg‘ich bermaslik;

10. Chaqaloqlarni emizib boqishga ko‘maklashuvchi guruhlar yaratilishini qo‘llab-quvvatlash va tug‘ruqxonalardan chiqqan onalarni ushbu guruhlarga yo‘naltirish.

Muvaffaqiyatli emizib boqish yo‘lidagi 10 qadam onalarga ko‘rsatiladigan barcha xizmatlarda standart amaliyotga aylanishi lozim. Shuningdek, onalar nafaqat tug‘ruqxonalarda, balki o‘z uylarida ham axborotga ega bo‘lishlari mumkin bo‘lishi uchun tug‘ruqxonalarda emizib boqishni qo‘llab-quvvatlash jarayoni birlamchi tibbiyot muassasalari, hamjamiyat xizmatlari va ish joyidagi xizmatlar bilan to‘ldirilishi lozim. O‘zbekistonda muvaffaqiyatli emizib boqish uchun qadamlar ro‘yxati kengaytirildi. 11-qadam faqat tug‘ruqxonalar uchun joriy etilib, ular ko‘krak suti bilan boqishga doir barcha masalalar bo‘yicha yaqin atrofda joylashgan yana ikkita tibbiyot muassasalari xodimlarini o‘rgatishlariga mo‘ljallangan. Bu emizib boqish amaliyotining barqarorligini hamda bo‘lajak va yangi onalarni parvarishlash uzluksizligini kafolatlashga yordam beradi.

Sog‘liqni saqlash xodimlari yosh onalar chaqaloq tug‘ilganidan so‘ng uni emizib boqishlarini rag‘batlantirishda yetakchi rol o‘ynaydilar. Onalar tibbiyot xodimlaridan oladigan axborot ularning ko‘krak suti bilan boqishga bo‘lgan yondashuvlariga kuchli ta’sir ko‘rsatadi.

Bola hayotining dastlabki ikki yilida maqbul ravishda emizib boqilishi va ayniqsa dastlabki olti oyi davomida faqat ko‘krak suti bilan oziqlantirilishi chaqaloqlar yashab ketishlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, besh yoshgacha bo‘lgan bolalar orasidagi o‘lim darajasini 12-15 foizgacha qisqartirishi mumkin. Ayni paytda, emizib boqish amaliyoti ichketar, nafas olish yo‘llari kasalliklari kabi yuqumli xastaliklardan himoyani shakllantiradi hamda bolaning immunitet tizimini mustahkamlaydi va kelajakda uni surunkali kasalliklardan himoya qilishga yordam beradi. Shu bilan birga, emizib boqish ona va bola o‘rtasidagi ruhiy aloqani mustahkamlaydi.

Chaqaloqni emizib boqish foydali ekanligiga hech qanday shubha yo‘q bo‘lishiga qaramasdan, faqat ko‘krak suti bilan boqish bo‘yicha dunyo bo‘yicha ko‘rsatkich hanuzgacha taxminan 35 foizni tashkil etmoqda (JSST). O‘zbekistonda emizib boqish amaliyoti keng tarqalgan, biroq faqat ko‘krak suti bilan boqish darajasi past va atigi 26 foizni tashkil qiladi (“Multi indikatorli klasterli tadqiqot”, 2006 y.). Onalar uchun emizib boqish qanchalik foydali ekanligi to‘g‘risidagi to‘g‘ri axborot yetishmasligi, uy yumushlari bilan ko‘p vaqt band bo‘lish, oila tomonidan yetarlicha yordam berilmasligi hamda ko‘krak sutining o‘rnini bosuvchi ozuqalar to‘g‘risidagi marketing erkin yuritilishi chaqaloq hayotining dastlabki olti oyida uni faqat emizib boqishga va bunday amaliyotni bola ikki yoshga to‘lguncha davom ettirishni qiyinlashtirmoqda. Onalarga oila tomonidan doimiy ko‘mak berilishi emizib boqishni qo‘llash va bunday amaliyotni ilgari surishda muhim omil hisoblanadi.

UNICEF 1996 yildan boshlab O‘zbekiston Hukumatiga va boshqa sheriklariga emizib boquvchi onalarga yordam berilishini kuchaytirish, shu jumladan sog‘liqni saqlash xizmati xodimlari, maslahatchilar, onalarga yordam berish guruhlari, ish beruvchilar, qonun chiqaruvchilar, mahallalar va oilalar orqali yordam ko‘rsatilishida ko‘maklashib kelmoqda. Mamlakatda ko‘krak sutining o‘rnini bosuvchi ozuqalar marketingi bo‘yicha Xalqaro kodeks qabul qilinishi juda muhim ahamiyat kasb etadi va UNICEF bu borada butun dunyo bo‘ylab texnik yordam ko‘rsatib kelmoqda.

Emizib boqishni ilgari surish bo‘yicha advokativ faoliyat O‘zbekiston Hukumati va UNICEFning qo‘shma salomatlik dasturlarining tarkibiy qismi hisoblanadi. Birgina keyingi ikki yil davomida onalik va bolalikni muhofaza qilish strategiyasining bir qismi bo‘lgan bolaga nisbatan do‘stona munosabatdagi shifoxonalar Tashabbusi Andijon, Namangan, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining tibbiyot muassasalarida emizib boqish borasida yaxshi amaliyotni joriy etishga yordam berdi. 3000dan ortiq tibbiyot xodimlari ko‘krak suti bilan boqish masalalari bo‘yicha saboq oldilar va endilikda o‘z tajribalari va bilimlari bilan hamkasblari, qarindoshlari, yosh onalar va mahallalar yashovchilari bilan o‘rtoqlashmoqdalar.

Bolani ko‘krak suti bilan boqish jahon haftaligi

Bolani ko‘krak suti bilan boqish jahon haftaligi ilk bor 1992 yilda nishonlangan va endilikda UNICEF va uning hamkorlari, shu jumladan Jahon emizib boqishni ilgari surish ittifoqi va JST tomonidan 120dan ortiq mamlakatlarda o‘tkazib kelinadi. Mazkur tadbirning asosiy maqsadi chaqaloqni hayotining dastlabki olti oyi davomida faqat emizib boqishni ilgari surishdan iborat, chunki bu bola salomatligi uchun juda foydali bo‘lib, uni eng muhim ozuqa moddalari bilan ta’minlaydi. Bunday amaliyot o‘pka yallig‘lanishi kabi o‘ta xavfli kasalliklardan himoyani ta’minlaydi hamda bola yaxshi o‘sishi va rivojlanishiga yordam beradi. Bola olti oylik bo‘lganidan keyin, uni ikki va undan katta yoshgacha emizib boqishni davom ettirish va bu amaliyotni tegishli va xavfsiz qo‘shimcha ozuqalar bilan boyitish bolani eng maqbul boqish usuli hisoblanadi.

Marta o’qilgan: 165


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar