Bolalarni poliomiyelitdan himoya qilish milliy kampaniyasi 2010 yil 7-13 iyun

Chop etish versiyasi
07 Iyun 2010

Toshkent, 2010 yil 7 iyun - Bugun O‘zbekistonda poliomiyelitga qarshi emlash bo‘yicha Milliy kampaniyaning ikkinchi bosqichi boshlanmoqda. Tadbir davomida 5 yoshgacha bo‘lgan uch millionga yaqin bolalar emlanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa byurosi mintaqaviy direktori Jujanna Yakab xonim va Markaziy va Sharqiy Yevropa va MDH mamlakatlari bo‘yicha UNICEF mintaqaviy direktori o‘rinbosari Kirsi Madi xonim poytaxtda va Toshkent viloyatida kampaniyaning rasmiy ochilishida ishtirok etadilar.

Jujanna Yakab va Kirsi Madi xonimlarning birinchi rasmiy tashriflarining asosiy maqsadi mamlakatga chegaradosh yurtlardan poliomiyelit kirib kelishining oldini olishda JSST va UNICEF yordam berishiga O‘zbekiston Hukumatini ishontirish hamda hozirgi vaqtda olib borilayotgan poliomiyelitga qarshi emlash bo‘yicha umummilliy kampaniyaning borishi haqida bevosita mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi rahbariyatidan ma’lumot olishdan iborat.

JSST va UNICEF O‘zbekiston hukumati mamlakatga poliomiyelit kirishi xatariga javoban tegishli choralarni o‘z vaqtida qo‘llaganligini, shu jumladan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarni ommaviy emlashning yuqori sifati, o‘tkir sust falaj holatlarini o‘rganish bo‘yicha hisobotlar zudlik bilan taqdim etilishi va bu boradagi xalqaro tajriba ma’qullanayotganligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Poliomiyelitga qarshi emlash bo‘yicha Milliy kampaniya O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan UNICEF, JSST va poliomiyelitga qarshi Global hamkorlik dasturi, shuningdek AQSH Xalqaro rivojlanish agentligi (USAID), Kasalliklarni nazorat qilish markazi (CDC) va Rotari Interneshnl kabi tashkilotlar ko‘magida amalga oshirilmoqda. Butun mamlakat bo‘ylab 7000ta klinikalar, qishloq tibbiyot markazlari va maxsusemlash punktlarida bolalar oral (og‘iz orqali yuboriladigan) poliomiyelit vaksinasi (OPV) bilan emlanadi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash xodimlari emlanish imkoniyatlarini kengaytirish tadbirlarini o‘tkazadilar va bir vaqtning o‘zida barcha bolalarni emlash uchun chekka hududlarga ham safarga chiqadigan sayyor guruhlar tashkil etadilar.

JSSTning butun Yevropa mintaqasiga, shu jumladan O‘zbekistonga, 2002 yilda poliomiyelitdan holi hudud sifatida sertifikat taqdim etilgan. O‘sha vaqtdan buyon O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan rejali asosda emlash tadbirlari o‘tkazilishi tufayli mamlakatda ushbu maqom saqlanib kelmoqda. Biroq yaqinda Markaziy Osiyoda poliomiyelitga chalinishning yangi holatlari qayd etilganligi sababli, ushbu kasallik O‘zbekiston hududiga kirib kelishi xavfi yuzaga keldi. Shuning uchun poliomiyelitga qarshi Milliy emlash kunlarini o‘tkazish lozim deb e’tirof etilmoqda.

“Emlash bolalarni poliomiyelitdan himoya qilishning yagona samarali usulidir, - deb ta’kidladi Bosh davlat sanitariya vrachi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Baxtiyor Ibragimovich Niyazmatov. - O‘tkaziladigan tadbirlar davomida besh yoshgacha bo‘lgan har bir bola emlanishi o‘ta muhim ahamiyatga ega”.

Tadbir davomida 2,9 mln. bolalarni qamrab olish uchun UNICEF O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga 6,6 mln. doza oral poliomiyelit vaksinasini xarid qilishga yordam berdi. Bundan tashqari, bolalarni poliomiyelitga qarshi emlash naqadar muhim ekanligi yuzasidan oilalarni xabardor qilish maqsadida UNICEF ko‘magida 2,6 mln. nusxa axborot materiallari ishlab chiqarildi hamda televizion va radioroliklar yaratildi. Shu bilan birga JSST kampaniyani barcha darajalarda rejalashtirishda Sog‘liqni saqlash vazirligini qo‘llab-quvvatladi hamda emlash va monitoring o‘tkazish bo‘yicha mutaxassislar va supervayzerlar uchun treninglarni o‘tkazishda texnik va moliyaviy yordam ko‘rsatdi. UNICEF va JSST tomonidan O‘zbekistonda Milliy emlash kunlarini o‘tkazishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratilgan investitsiyalarning umumiy miqdori 2,5 mln. AQSH dollaridan ortib ketdi.

Poliomiyelit davolab bo‘lmaydigan o‘tkir infeksion kasallikdir, va har bir bolani faqat poliomiyelitga qarshi oral poliomiyelit vaksinasi (OPV) bilan emlash orqali saqlab qolish mumkin. Ushbu vaksina xavfsiz va samarali bo‘lib, har bir bolaga, shu jumladan chaqaloqlarga ikki tomchidan beriladi. Poliomiyelitga qarshi oral vaksina ushbu og‘ir xastalikdan butun dunyo bo‘ylab ikki milliard bolalarni himoya qildi.

Milliy emlash kunlarining ikkinchi bosqichi doirasida ota-onalar o‘zlarining 5 yoshgacha bo‘lgan barcha farzandlarini, shu jumladan chaqaloqlarni, poliomiyelitga qarshi emlatish uchun yaqin-atrofdagi tibbiyot muassasasiga, klinika yoki emlash punktiga poliomiyelitga qarshi emlatish uchun olib borishlari lozim, chunki bu bolaning poliomiyelitga qarshi immunitetini kuchaytirishga yordam beradi. Bolalar ushbu kasallikka qarshi avval emlangan bo‘lsalar ham, mazkur kampaniyaning har bir bosqichida albatta yana emlanishlari kerak. Tadbir davomida emlanmay qolgan har bir bola o‘zining va boshqa bolalarning salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi. Poliomiyelitga qarshi emlash bepul amalga oshiriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi va poliomiyelitga qarshi emlash bo‘yicha hamkorlar Milliy emlash kunlari doirasida har bir bolani qamrab olish maqsadida jamiyatning barcha sektorlarini ushbu kampaniyani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga da’vat etdilar. Sog‘liqni saqlash vazirligi, UNICEF va JSST poliomiyelitga qarshi kampaniya to‘g‘risida o‘z vaqtida va aniq axborot taqdim etish hamda besh yoshgacha bo‘lgan har bir bola emlanishining naqadar muhimligini yetkazish orqali oilalar va mahallalarni safarbar etishda ommaviy axborot vositalari muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlab o‘tdilar.

Marta o’qilgan: 13


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar