UNICEF ovqatlanishni yaxshilash milliy strategiyasini amalga oshirishni jadallashtirishga ko‘maklashmoqda

Chop etish versiyasi
02 Iyun 2010

TOSHKENT, O‘zbekiston, 2010 yil 2 iyun - Hukumat, ixtisoslashgan sog‘liqni saqlash muassasalari, rivojlanish agentliklari, oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilari va boshqa hamkorlar vakillari aholi ovqatlanishini yaxshilash Milliy strategiyasining ijrosi borishini ko‘rib chiqish va uni amalga oshirish borasidagi kelgusi choralarni muhokama qilish uchun jam bo‘ldilar. Uchrashuv Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ko‘magida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil qilindi.

Aholi ovqatlanishini yaxshilash Milliy strategiyasi UNICEF, Jahon banki va boshqa milliy va xalqaro sheriklar bilan birgalikda O‘zbekiston Hukumati, vazirliklari va boshqa davlat agentliklari tomonidan 2009 yilda ishlab chiqilgan. Ushbu strategiya aholi, ayniqsa bolalar va ayollar orasida mikroelementlar tanqisligini kamaytirishga qaratilgan integratsiyalashgan, har tomonlama va samarali choralar majmuini ilgari suradi.

Tegishli darajada ovqatlanish bolalar sog‘lom rivojlanishlari uchun juda muhim ahamiyatga ega va ularning onalari, oilalari, umuman jamiyat uchun foydalidir. Shu bilan birga, O‘zbekistonda yod, temir mikroelementlari, “A” vitamini, foliy kislotasi va boshqa mikronutriyentlarning tanqisligi keng tarqalgan va bu turli salbiy holatlarga sabab bo‘lmoqda. Bolalarni ko‘krak suti bilan boqishga onalar tomonidan past darajada amal qilinayotganligi, bolalar va homilador ayollar ovqatlanishining noto‘g‘ri usullari yuqori darajada mikroelementlar tanqisligiga olib kelib, bolaning erta rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Pirovardida mikroelementlar yetishmovchiligi aholining salomatligi, odamlar umr ko‘rishining davomiyligi va turmush sifatiga salbiy ta’sir qiladi.

UNICEF ovqatning ozuqaviy ahamiyatini yaxshilash va bolalarni ovqatlantirishning muvofiq amaliyotini ta’minlash uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa tegishli hamkorlar bilan birga ish olib bormoqda. Shuningdek, ovqatlanish va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha qonun va dasturlarni ishlab chiqish masalalarida ham yordam berilmoqda. Keyingi yillarda UNICEF chaqaloqlar va kichik bolalarni oziqlantirish, “A” vitamini kabi mikronutriyentlar bilan ta’minlash dasturini amalga oshirishda ko‘maklashdi hamda unni vitaminlar bilan boyitish, osh tuzini yodlash va olti oygacha bo‘lgan bolalarni faqat ko‘krak suti bilan boqish g‘oyalarini surishni qo‘llab-quvvatlamoqda.

2006 yilda o‘tkazilgan Multiindikatorli klasterli tadqiqotga muvofiq uy xo‘jaliklarining 53 foizi yodlangan tuzni iste’mol qiladilar. «O‘zdonmahsulot»ning ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan birinchi navli unning 60 foizi fortifikatsiya qilinadi, ya’ni boyitiladi. Mamlakatda yod tanqisligi kasalliklari profilaktikasi to‘g‘risidagi qonun qabul qilingan va amal qilmoqda, ayni paytda mikronutriyentlar yetishmovchiligining oldini olishga qaratilgan boshqa qonun Senat muhokamalarida ma’qullanishi kutilmoqda. Mazkur Milliy strategiyani qo‘llab-quvvatlashga yuqori malakali ekspertlar jalb etilib, ular tegishli tadqiqotlarni olib borish, dasturiy hujjatlarni tekshirish, kamchiliklarni aniqlash va strategiyani amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha tavsiyalar taqdim etish bilan shug‘ullanmoqdalar.

Shu bilan birga, mikroelementlar tanqisligini barqaror bartaraf etish uchun siyosat ishlab chiqish va xizmatlarni taqdim etish darajasida hali ko‘pgina ishlarni amalga oshirish lozim. Zaruriy resurslarni ta’minlash uchun jalb etilgan va turli manfaatlarga ega bo‘lgan tashkilotlarning uyg‘unlashuvini yaxshilash va aholi ovqatlanishini yaxshilash Milliy strategiyasini yanada keng miqyosli hukumat dasturlariga muvofiqlashtirish va birlashtirish kerak. Yana bir muhim vazifa manfaatdor shaxslar orasida mikroelementlar bilan boyitish dasturining foydali ekanligi to‘g‘risidagi advokatsiyani kuchaytirish hamda muvofiqlashtirilgan ovqatlanishning ahamiyati to‘g‘risida jamoatchilik xabardorligi darajasini oshirishdan iborat.

«Ushbu strategiyalar yordamida yetarlicha ovqatlanmaslikning bevosita sabablarini bartaraf etishga qaratilgan samarali va dalillarga asoslangan dasturlar yanada kengaytirilishi mumkin bo‘ladi. Lekin, aholi dasturda bayon etilgan eng muhim tadbirlardan foyda ko‘rishi uchun, barchamiz ushbu hujjatni muayyan harakatlarga aylantirish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa ekanligini anglayapmiz, - deb ta’kidladi UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Jan-Mishel Delmot. - Bir necha muhim misollarni keltirishimga ijozat bergaysiz: olti oygacha bo‘lgan barcha bolalarni faqat ko‘krak suti bilan boqish eng yuqori samara berib, bolalar o‘limi darajasini 9 foizga qisqartiradi. Osh tuzini yodlashga barchani jalb etish har yili to‘qqiz milliard so‘m mablag‘ iqtisod qilinishiga olib keladi. Sifatli qo‘shimcha ovqatlanish, diareya xastaligini o‘z vaqtida davolash va sink mikroelementlari bilan ta’minlash yo‘li bilan surunkali ovqat yetishmovchiligi masalasini hal qilish har yili 61 milliard so‘m miqdorida foyda keltiradi. Bular oddiy, kamchiqim va yuqori samarali tadbirlar bo‘lib, fuqarolar ular to‘g‘risida bilishlari va amalda foydalanishlari lozim. Go‘daklarni faqat ko‘krak suti bilan boqish, sifatli qo‘shimcha ovqatlanish va tuzni umumiy yodlashni targ‘ib etish maqsadida UNICEF Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda faoliyat yuritmoqda. Lekin bu boradagi ishlar miqyosini kengaytirish va butun mamlakat hududini qamrab olish maqsadida ko‘p tomonlama yondashuvlar va ushbu yo‘nalishda faoliyatga uzoq muddat davomida sodiq bo‘lish talab etiladi».

Bugungi uchrashuv barcha jalb etilgan tomonlarning majburiyatlarini mustahkamlashga yordam berishi va aholi ovqatlanishini yaxshilash Milliy strategiyasi jadal bajarilishi uchun harakatlar rejasini taklif qilishi kutilmoqda.

Marta o’qilgan: 152


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar