O‘zbekiston “Harakatga da’vat: uch yoshgacha bo‘lgan bolalarni maxsus muassasalarga joylashtirishga chek qo‘yilsin” harakatiga qo‘shilmoqda

Chop etish versiyasi
21 Noyabr 2012

Sofiya, Bolgariya, 2012 yil 21 noyabr, va Toshkent, O‘zbekiston, 23 noyabr - O‘zbekiston uch yoshgacha bo‘lgan bolalarni maxsus muassasalarga joylashtirishga chek qo‘yish maqsadida Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarini birlashtirgan muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlovchi harakatga qo‘shildi.

20ta mamlakatdan, shu jumladan O‘zbekistondan tashrif buyurgan hukumat delegatsiyalari Bolgariya hukumati tomonidan ushbu davlat Prezidenti Rosen Plevneliyev va UNICEF ko‘magida tashkil etilgan ikki kunlik konferensiyada ishtirok etdilar. O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi tarkibi Oliy Majlis, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Adliya vazirligi va Moliya vazirligi vakillaridan iborat bo‘ldi.

Konferensiyaning asosiy maqsadi hukumatlar oilalarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi siyosatni yanada samarali amalga oshirishlari uchun tajriba va bilim almashishdan iborat edi. Mamlakatlar birgalikda harakat qilib, erta yoshdagi bolalar maxsus muassasalarga tushib qolishlariga yanada samarali yo‘l qo‘ymasliklari mumkin.

Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda MDH mintaqasida kamida 1,3 mln. nafar bolalar ota-onalarining qaramog‘isiz qolgan. Ko‘pincha bunga oilalarning kambag‘alligi yoki og‘ir turmush sharoitlari sabab bo‘ladi, deb bayon etiladi «Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar davlat qaramog‘ida: bola huquqlariga asoslangan bolalar ahvolining mintaqaviy tahlili» deb nomlangan tadqiqotda. Ushbu tadqiqot Bolgariyada bo‘lib o‘tgan vazirlarning mintaqaviy konferensiyasida e’lon qilindi.

Ota-onalarining qaramog‘isiz qolgan 1,3 mln. nafar bolalardan uch yoshgacha bo‘lgan 31 000 nafari maxsus muassasalarda yashamoqdalar. Bu bolalarni erta yoshdanoq bolalar uylari yoki internat muassasalariga joylashtirish tuzatib bo‘lmas salbiy oqibatlarga, jismoniy va aqliy rivojlanish sustlashib qolishiga olib kelishi mumkin.

Shu bilan birga, yordamga o‘ta muhtoj bo‘lgan bolalar o‘z oilalarida yashashlari va rivojlanishlari mumkin bo‘lishi uchun konferensiya mintaqadagi 22ta mamlakat hukumatlarini muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashga da’vat etdi. Bugungi kunga kelib mintaqadagi barcha mamlakatlardan faqat Ruminiya, Serbiya va Xorvatiya erta yoshdagi bolalarni maxsus muassasalarga joylashtirishning oldini olishga qaratilgan qonunlarni qabul qildilar. Konferensiyadan keyin yana bir qator davlatlar shunday qaror qabul qilishlari kutilmoqda.

Bolgariya Prezidenti Rosen Plevneliyev o‘zining tabrik so‘zida quyidagilarni bayon etdi: «Bolaning erta yoshdanoq rivojlanishiga yo‘naltirilgan investitsiyalar eng samarali hisoblanadi. Xavf ostida turgan bolalar to‘g‘risida gap ketayotganda bunday investitsiyalar ayniqsa yuqori natija beradi. Kelgusida bunday muammolarning yechimlarini topish uchun zarur bo‘lgan moliyaviy va ijtimoiy xarajatlar miqdori sezilarli darajada ortadi».

«Har bir bola to‘laqonli rivojlanishini ta’minlash orqali biz taraqqiy etgan jamiyatni shakllantirish uchun millat salohiyatini ham kuchaytirib boramiz», - deb qo‘shimcha qildi Bolgariya Prezidenti.

«Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiyada ular o‘z oilalari muhitida o‘sib rivojlanishlari uchun oilalarga ko‘mak berish naqadar muhim ekanligi e’tirof etilgan. Oila - bolani tarbiyalash uchun eng yaxshi makon, - deb ta’kidladi Markaziy va Sharqiy Yevropa va MDH mamlakatlari bo‘yicha UNICEF mintaqaviy direktori Mari-Pyer Puarye. - Bolgariya hukumatining yordami tufayli biz tajriba almashish va kelgusi qadamlarni ishlab chiqish imkoniga ega bo‘ldik. Bizning mintaqamizda muammolar talaygina, lekin bu yerda ularni hal qilish borasida jiddiy bilim va tajriba ham to‘plangan. Biz bolalarga boshidanoq eng maqbul yashash sharoitlarni ta’minlash uchun mamlakatlar birgalikda faoliyat yurita oladigan tizimni yaratishga intilmoqdamiz».

UNICEFning bolalarni himoya qilish bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Jan-Klod Legran ayrim mamlakatlarda uch yoshgacha bo‘lgan bolalar boshqa bolalarga nisbatan ko‘proq maxsus muassasalarga tushib qolayotganlaridan xavotirda ekanligini bildirdi. Bolalar uylari va internatlarda yashovchi bolalarning qariyb 30 foizi nogironlikka ega, bir mamlakatda esa ushbu ko‘rsatkich 60 foizni tashkil qiladi. Bunday bolalar eng stigmalanuvchi guruhga mansub bo‘ladi. Aynan shuning uchun ijtimoiy himoya birinchi navbatda eng muhtoj guruhlarning eng erta yoshdagi bolalariga qaratilgan bo‘lishi lozim.

O‘zbekiston delegatsiyasi konferensiyaga bo‘lgan murojaatnomasida quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi: «O‘zbekiston Respublikasi ham qabul qilingan xalqaro majburiyatlarga muvofiq, erta yoshdagi bolalik - tug‘ilishidan uch yoshli bo‘lgunicha, uning hayotida rivojlanishning eng muhim bosqichi ekanligini chuqur anglagan holda, bola huquqlarini himoya qilish, oilani qo‘llab-quvvatlash va mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirishni davom ettiradi va bolaning eng oliy manfaatlari va farovonligini ta’minlash yo‘lida davlat va fuqarolik jamiyatining, shu jumladan nodavlat va jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarining bir-birini to‘ldiruvchi imkoniyatlarini birlashtirib, barcha zaruriy va samarali choralarni ko‘radi».

Marta o’qilgan: 67


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar