Bolalarni poliomiyelitdan himoya qilish bo‘yicha Milliy immunizatsiya kampaniyasi: 17-23 may va 7-13 iyun 2010 yil

Chop etish versiyasi
10 May 2010

TOSHKENT, 10 may 2010 yil. - Poliomiyelitga qarshi Milliy immunizatsiya kampaniyasining ikki bosqichi davomida 2010-yilning 17-23 may va 7-13 iyun kunlari yangi tug‘ilgan chaqaloqlardan boshlab 5 yoshgacha bo‘lgan 2 million 890 ming nafar bolalarni emlash ko‘zda tutilgan.

Poliomiyelitga qarshi Milliy immunizatsiya kampaniyasi UNICEF va Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilmoqda. Butun mamlakat bo‘ylab 7000ta klinikalar, qishloq tibbiyot markazlari va maxsus emlash punktlarida bolalar oral (og‘iz orqali yuboriladigan) poliomiyelit vaksinasi (OPV) bilan emlanadi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash xodimlari emlanish imkoniyatini kengaytirish tadbirlarini o‘tkazadilar va bir vaqtning o‘zida barcha bolalarni immunizatsiyadan o‘tkazish uchun sayyor guruhlar tashkil etadilar.

JSSTning butun Yevropa mintaqasiga, shu jumladan O‘zbekistonga, 2002 yilda poliomiyelitdan xoli hudud sifatida sertifikat taqdim etilgan. O‘sha vaqtdan buyon O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan rejali asosda immunizatsiya tadbirlari o‘tkazilishi tufayli mamlakatda ushbu maqom saqlanib kelmoqda. Biroq yaqinda Markaziy Osiyoda poliomiyelitga chalinishning yangi holatlari qayd etilganligi sababli, ushbu kasallik O‘zbekiston hududiga kirib kelishi xavfi yuzaga keldi. Shuning uchun poliomiyelitga qarshi Milliy immunizatsiya kunlarini o‘tkazish lozim, deb e’tirof etilmoqda.

"Emlash bolalarni poliomiyelitdan himoya qilishning yagona samarali usulidir, - deb ta’kidladi Bosh davlat sanitariya vrachi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari Baxtiyor Ibragimovich Niyazmatov. - O‘tkaziladigan immunizatsiya tadbirlari davomida besh yoshgacha bo‘lgan har bir bola emlanishi o‘ta muhim ahamiyatga ega".

Poliomiyelit davolab bo‘lmaydigan o‘tkir infeksion kasallikdir, va har bir bolani faqat poliomiyelitga qarshi oral poliomiyelit vaksinasi (OPV) bilan emlash orqali immunizatsiyadan o‘tkazish yo‘li bilan saqlab qolish mumkin. Ushbu vaksina xavfsiz va samarali bo‘lib, har bir bolaga, shu jumladan chaqaloqlarga ikki tomchidan beriladi. Poliomiyelitga qarshi oral vaksina butun dunyo bo‘ylab ushbu og‘ir xastalikdan ikki milliard bolalarni himoya qildi.

Milliy immunizatsiya kunlari doirasida ota-onalar o‘zlarining 5 yoshgacha bo‘lgan barcha farzandlarini, shu jumladan chaqaloqlarni, poliomiyelitga qarshi emlatish uchun yaqin atrofdagi tibbiyot muassasasiga, klinika yoki emlash punktiga poliomiyelitga qarshi emlatish uchun olib borishlari lozim, chunki bu bolaning poliomiyelitga qarshi immunitetini kuchaytirishga yordam beradi. Bolalar ushbu kasallikka qarshi avval emlangan bo‘lsalar ham, mazkur kampaniyaning bosqichlari davomida albatta emlanishlari kerak. Tadbir davomida emlanmay qolgan har bir bola o‘zining va boshqa bolalarning salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi. Poliomiyelitga qarshi emlash bepul amalga oshiriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi va poliomiyelitga qarshi emlash bo‘yicha hamkorlar Milliy immunizatsiya kunlari doirasida har bir bolani qamrab olish maqsadida jamiyatning barcha sektorlarini ushbu kampaniyani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga da’vat etdilar. Sog‘liqni saqlash vazirligi, UNICEF va JST poliomiyelitga qarshi kampaniya to‘g‘risida o‘z vaqtida va aniq axborot taqdim etish yo‘li bilan oilalar va mahallalarni safarbar etishda ommaviy axborot vositalari muhim ahamiyatga ega ekanligini hamda besh yoshgacha bo‘lgan har bir bola emlanishining naqadar muhimligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Marta o’qilgan: 364


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar