Butunjahon emlash haftaligi diqqat markazida immunizatsiya muvaffaqqiyatlari va kun tartibidagi tugallanmagan masalalar

Chop etish versiyasi
22 Aprel 2013

Toshkent, O‘zbekiston, 22 aprel 2013 y. - Vaksina yordamida oldi olinishi mumkin bo‘lgan kasalliklardan himoyalangan bo‘lish bolalarning huquqi bo‘lib, barcha bolalar to‘laligicha moliyalangan va sifatli emlash xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha teng imkoniyatga ega bo‘lishlari lozim, - deb ta’kidlaydi UNISEF, JSST va Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekiston Butunjahon emlash haftaligini nishonlashga kirishar ekan (24-30 aprel 2013 y.).

Emlash omma salomatligini ta’minlash bo‘yicha dunyodagi bolalarning beshdan to‘rt nafariga yordam beruvchi eng muvaffaqqiyatli va sarf-xarajatlar nuqtai nazaridan eng samarali choralardan biri hisoblanadi. JSST/UNISEFning 2012 yil bo‘yicha “Jahon emlash ma’lumoti”ga ko‘ra, emlash tadbiri har yili difteriya, qoqshal, ko‘k yo‘tal va qizamiq kasalliklaridan o‘lishi mumkin bo‘lgan taxminan 2-3 million kishining hayotini saqlab qoladi.

Sog‘liqni saqlashning birlamchi tizimlarini kuchaytirish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan umumiy vazifalarning bir qismi sifatida UNISEF dunyodagi barcha bolalarga yordam berish uchun emlash xizmatlarini kengaytirish va davomiyligin ta’minlab borishni ustuvor vazifa qilib belgilagan. Immunizatsiya UNISEF tashkiloti missiyasining va yaqinda ishga tushirilgan “Bola hayotini saqlab qolishga ahd qilish: yangilangan va’da” deb ataluvchi harakatining o‘zagini tashkil qiladi. Hozirda ushbu harakat doirasida 172 ta davlat, jumladan O‘zbekiston hukumati, shu bilan birga yuzlab fuqarolik jamiyati tashkilotlari va din peshvolari har bir bolani oldi olinishi mumkin bo‘lgan o‘limdan saqlab qolish uchun ikki barobar kuchliroq harakat qilishga ahd qildilar.

“Emlash yanada yaxshi kelajakning asosidir. U butun boshli jamiyatlarga yordam beradi: emlangan bola sog‘lomroq bo‘ladi va maktabda darslarni yaxshiroq o‘zlashtiradi, ulg‘aygach ko‘proq daromad oladi va ota yoki ona bo‘lgach sog‘lomroq bolalarni ulg‘aytiradi”, - deydi UNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi boshlig‘i Jan-Mishel Delmot.

“Mustaqillikka erishgach O‘zbekiston vaksina yordamida oldi olinishi mumkin bo‘lgan kasalliklarni boshqarish bo‘yicha katta yutuqlarga erishdi. Bolalarni poliomelit, difteriya, ko‘k yo‘tal, qizamiq va qoqshalga qarshi emlash deyarli ikka barobar oshdi va 2009-2011 yillarda 99% ga yetdi. Ammo, emlash dasturining davomiyligini ta’minlash hamda hayotbaxsh vaksinalar va boshqa muhim xizmatlar har bir bolaga yetib borishini ta’minlash uchun yana bir qator ishlar qilinishi lozim”, - deydi u so‘zining davomida.

“Butunjahon emlash haftasi “Olamingizni himoya qiling, emlashda ishtirok eting” chorlovi yordamida emlashning salomatlikka foydalari bo‘yicha omma xabardorligini oshirishga yana bir imkoniyatdir”, - deydi JSSTning O‘zbekistondagi vakili doktor Asmus Xammerix. “O‘zbekiston yetti yildan buyon “Yevropa emlash haftaligi” mintaqaviy tadbirning faol ishtirokchi bo‘lib kelmoqda. Mamlakat e’tibordan chetda qolgan bolalarni aniqlash va emlash, xavf ostida bo‘lganlarni himoya qilish uchun qo‘shimcha emlash ishlarini olib borish hamda umuman emlash qamrovini kengaytirish yo‘lida ushbu imkoniyatdan muvaffaqqiyatli foydalandi.” - deb qo‘shimcha qildi doktor Asmus Xammerix.

UNISEF va JSST O‘zbekistonga o‘z Milliy emlash dasturini kuchaytirish va davomiyligini ta’minlash uchun maslahat va texnik yordam ko‘rsatib kelmoqda. Bunga yangi antigenlarni tatbiq etish, vaksinalar boshqaruvini takomillashtirish, emlashni amalga oshiruvchi tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish hamda UNISEFning Ta’minot boshqarmasi orqali muntazam immunizatsiya uchun vaksinalar xarid qilishga yordamlashishni o‘z ichiga oladi. Hozirda barcha yosh guruhdagilarni emlash butunlay davlat byudjeti hisobiga qoplanmoqda. 2010 yildan boshlab Sog‘liqni saqlash vazirligi Ta’minot boshqarmasi bilan imzolangan bitimini yangiladi va hozirda muntazam emlash uchun barcha vaksinalarni UNISEF orqali xarid qilmoqda.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash xodimlari hamjamiyatlar bilan samarali ish olib borishlari va emlashga bo‘lgan talabni shakllantirish maqsadida UNISEF ularning muloqot yuritish ko‘nikmalarini takomillashirishga yordam bermoqda.

JSST va UNISEF 2010 yilda mintaqada poliomielit tarqalishiga qarshi samarali chora ko‘rishga o‘z hissalarini qo‘shdilar, vaksinalar xarid qilishga, ularni saqlashda maxsus sovuq zanjirni ta’minlash, vaksinatsiya qiluvchilarning salohiyatini oshirish, ommani jalb etish, monitoring va baholashni olib borishga yordamlashdilar. O‘zbekistonda maqsad qilingan 2,9 million bolalarni emlash uchun 7162 doza poliomielit vaksinasi xarid qilindi va hayriya sifatida taqdim etildi.

2011 yilda UNISEF Sog‘liqni saqlash vazirligiga mamlakatdagi 8 million nafar bola (1-14 yoshlilar)ni qizamiq va qizilcha kasalligiga qarshi emlash milliy kampaniyasini o‘tkazishga yetishmayotgan 1,5 million vaksina dozasi va kerakli anjomlarni taqdim etish orqali texnik ko‘mak ko‘rsatdi. Ushbu kampaniya orqali O‘zbekiston qizamiq va qizilcha kasalliklarini bartaraf etish borasida mintaqaviy maqsadga erishish yo‘nalishida katta qadam qo‘ydi.

2012-2012 yillarda UNISEFning moliyaviy va texnik ko‘magi yordamida Sog‘liqni saqlash vazirligi “Aholining muntazam emlash xizmatlariga bo‘lgan talabini oshirish” loyihasini amalga oshirdi. Loyiha ota-onalar va parvarishlovchilarga o‘z farzandlari uchun emlashning ahamiyatini anglatish va bu borada ularning xabardorligin oshirish hamda vaksinatsiyaga bo‘lgan talabni oshirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Oilalarga emlashni targ‘ib etish uchun mashhur aktyorlar va sportchilar suratga tushgan bir qator multimediya materiallar va butun mamlakat bo‘ylab stendlar o‘rnatish kampaniyasi amalga oshirildi. Ko‘chalarda tomoshalar tashkil etish kabi hamjamiyatni jalb etish bo‘yicha innovatsion tadbirlar ham amalga oshirildi va ular aholining eng zaif guruhlari (ko‘chmanchi guruhlar, uzoq joylarda yashovchilar va hokazolar) o‘rtasida muntazam va qo‘shimcha emlashga bo‘lgan talabni oshirishga o‘z hissasini qo‘shdi.

Marta o’qilgan: 121


UNICEF is the driving force that helps build a world where the rights of every child are realized. We have the global authority to influence decision-makers, and the variety of partners at grassroots level to turn the most innovative ideas into reality. That makes us unique among world organizations, and unique among those working with the young.

Boshqa yangiliklar