Bolalar masalalarini ahloq qoidalari doirasida yoritish

Chop etish versiyasi

Bolalar va yoshlar katta yoshlilarga taalluqli bo‘lgan barcha huquqlarga egalar. Bunga qo‘shimcha ravishda ular zarardan himoyalangan bo‘lish huquqiga ham egalar. Bolalar va yoshlar masalalarini matbuotda yoritishda, ayniqsa axborot tarqalishini chegaralashning deyarli imkoniyati bo‘lmagan hozirgi davrda bunga alohida e’tibor qaratiladi.

UNICEF bolalar masalalarini yorituvchi jurnalistlarga yordam berish maqsadida quyidagi tamoyillarni ishlab chiqdi. Ular yo‘riqnoma sifatida ishlab chiqilgan bo‘lib, UNICEFning fikricha, ommaviy axborot vositalariga bolalar bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni ularning yoshini hisobga olgan holda va ehtiyotkorlik bilan yoritishda yordam beradi. Ushbu ko‘rsatmalar ahloq doirasida ish olib boruvchi jurnalistlarning eng yuqori talablariga javob beradi. Boshqa so‘z bilan aytganda, ular jurnalistlarga bolalar huquqlarini poymol qilmagan holda omma manfaatiga xizmat qilishga yordam beradi.

Ba’zida bolalar masalalarining yoritilishi ularning “tamg‘alanishiga” (stigmatizatsiyasiga) sabab bo‘lgan hollar ham uchrab turadi. Jurnalist tayyorlayotgan materiali xususida gumonda bo‘lsa, u ehtiyotkor bo‘lishni tanlashi va bolaning zarardan himoyalangan bo‘lishi huquqini ta’minlashi lozim. Bunday holatlar har doim ham aniq va ravshan bo‘lmaganligi sababli jurnalistlar lozim bo‘lganda bolalarning oliy darajadagi manfaatlarini aniqlash uchun UNICEF xodimlari yoki boshqa mutaxasislar bilan maslahatlashlamog‘i kerak.

I. Bolalar masalalarini yoritish tamoyillari


1. Har qanday holatda har bir bolaning sha’ni va huquqlari hurmat qilinishi lozim.

2. Bolalardan intervyu olishda yoki ularning masalalarini yoritishda har bir bolaning shaxsiy daxlsizligiga va shaxsiy ma’lumotlarining maxfiyligiga bo‘lgan huquqi himoya qilinishi shart. Ular o‘z fikrini bayon etish, ularga bog‘liq bo‘lgan qarorlar qabul qilinishi jarayonida qatnashish, zarardan himoyalangan bo‘lish, jumladan ehtimoliy zarardan himoyalangan bo‘lish huquqiga egalar.

3. Bolalar oliy manfaatlarining himoyalangan bo‘lishi boshqa har qanday harakatlardan, jumladan bolalar masalalariga e’tiborni qaratish va bolalar huquqlarini targ‘ib qilish niyatidagi harakatlardan ham ustivor bo‘lmog‘i lozim.

4. Bolaning oliy manfaatlarini aniqlashda uning o‘z fikri inobatga olinishiga bo‘lgan huquqi bolaning yoshi va ulg‘ayish darajasidan kelib chiqqan holda hisobga olinishi lozim.

5. Bolaning muhitiga yaqin bo‘lganlar bilan muloqotga kirib tayyorlanayotgan har qanday xabarning siyosiy, ijtimoiy va madaniy qirrilariga e’tibor berish lozim.

6. Bolalar, ularning aka-uka va opa-singillarini yoki tengdoshlarini xafv ostiga qo‘yuvchi hikoya yoki suratni chop etmaslik lozim, hatto bunda ularning shaxsiyati yashirilgan yoki umuman tilga olinmagan bo‘lsada.

II. Bolalardan intervyu olish bo‘yicha yo‘riqnoma


1. Hyech bir bolaga zarar yetkazmaslik; tanqidiy bo‘lgan, madaniy qadriyatlarga hurmatsizlik bildiruvchi, bolani xavf ostiga qo‘yuvchi yoki bolaning tahqirlanishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan yoki bola boshdan kechirgan noxush hodisalarni uning yodiga tushirib, yarasini yangilovchi savollar berish, fikr bildirishdan o‘zingizni tiying.

2. Intervyu uchun bolalarni tanlashda ularning jinsi, irqi, yoshi, dini, mavqye’i, ma’lumoti yoki jismoniy qobiliyatlari asosida ajratmang, diskrminatsiyaga yo‘l qo‘ymang.

3. Rol o‘ynash: Bolalarni ularning boshdan kechirganlariga aloqasi bo‘lmagan voqyeani gapirish yoki shunday harakat qilishlariga chorlamang.

4. Bola yoki uning vasiysiga ular muxbir bilan suhbatlashayotganliklarini ma’lum qiling. Ular bilan olib borilayotgan intervyuning maqsadi va undan qanday foydalanilishini bildiring.

5. Boladan va uning vasiysidan intervyu olish va video sur'atga olish uchun ruxsat so‘rang va imkon bo‘lganda fotosur'atga olish uchun ham ruxsat oling. Imkon bo‘lgan va kerak bo‘lganda bu ruxsat yozma ko‘rinishda olinishi lozim. Ruxsat olishda bola va uning vasiysi hech qanday ta’sir va bosim ostida bo‘lmasligini ta’minlash zarur. Vasiy va bola ular to‘g‘risida tayyorlanayotgan xabar mahalliy miqyosda va butun dunyo miqyosida tarqalishi mumkinligidan xabardor bo‘lishlari shart. Bunday ruxsatga faqatgina bolaning ona tilida so‘rash orqali hamda bola bu xususdagi qarorni o‘zi ishonadigan katta yoshli inson bilan maslahatlashgan holda qabul qilishi orqali erishish mumkin.

6. Bola qayerda va qanday intervyu qilinishiga e’tibor bering. Intervyu oluvchilar va sur'atga oluvchilar sonini chegeralang. Bolalar o‘zini qulay his qilishi va tashqaridan, jumladan intervyu oluvchilar tomonidan hech qanday bosim va ta’sirsiz so‘zlashini ta’minlashga harakat qiling. Film tayyorlashda, video va radio intervyularda video yoki audio fon bola, uning hayoti va u to‘g‘risidagi hikoya borasida qanday malumot berishiga diqqat qiling. Bolaning uyi, mahallasi yoki manzilining ko‘rsatilishi unga xavf tug‘rdirmasligi yoki salbiy ta’sir etmasligiga ishonch hosil qiling.

III. Bola to‘g‘risida xabar tayyorlash bo‘yicha yo‘riqnoma


1. Bola qo‘shimcha tamg‘alanishi (stigmatizatsiyasi)dan qoching; tasniflash yoki boladan qasos olinishiga, jumladan unga qo‘shimcha jismoniy yoki ruhiy zarar yetkazilishi va yoki u butun hayoti davomida taziyq, diskriminatsiya yoki mahalliy hamjamiyatlar tomonidan yakkalab qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymang.

2. Bola to‘g‘risidagi xabar yoki tasvir doimo to‘g‘ri bo‘lishini ta’minlang.

3. Quyidagilardan biriga mansub bo‘lgan bolaning ismini o‘zgartiring yoki yuzining tasvirini aniq ko‘rsatmang:

a. Shahvoniy taziyq yoki ekspluatatsiya qurboni

b. Jismoniy yoki shahvoniy taziyq amalga oshirgan bola

c. OIV yoki OITS egasi. Bolaning o‘zi yoki uning ota-onasi yoki vasiysi to‘la anglagan holda bunga ruxsta berish holatlari bundan mustasno.

d. Jinoyatda ayblanuvchi yoki jinoyatni amalga oshirgan bola

e. Hozirda yoki o‘tmishda jangchi bo‘lgan, qurol tutib turgan bola.

4. Xatarli holatlarda yoki bolaga zarar yetishi, yoki undan qasos olishlari mumkin bo‘lgan hollarda quyidagilardan biriga mansub bo‘lgan bolaning ismini o‘zgartiring yoki yuzining tasvirini aniq ko‘rsatmang:

a. O‘tmishda jangchi bo‘lgan, hozirda qurolsiz, ammo xatarda bo‘lgan bola

b. Boshpana talab etayotan, qochoq yoki mamlakat ichida yashash joyidan ko‘chirilgan shaxs

5. Ba’zi hollarda bolaning shaxsiyatini ma’lum qilish, ya’ni uning ismi va/yoki tanib olish mumkin bo‘lgan tasvirini namoyish etish bola manfaati uchun kerak bo‘ladi, ammo, bolaning shaxsiyati ma’lum qilinganda ham ular zarardan himoya qilinishi va stigmatizatsiya yoki o‘ch olinishi mumkin bo‘lgan hollarda qo‘llab-quvvatlanishi lozim. Quyidagilar bunday hollarga misol bo‘lishi mumkin:

a. Bolalarning fikr erkinligi huquqini hamda o‘z fikrlariga e’tibor qilinishi huquqiga rioya etilishini ilgari surayotgan muxbir bilan aloqaga chiqqan bola;

b. Davomiy ravishdagi faoliyat dasturi yoki ijtimoiy safarbarlikning ishtirokchisi bo‘lgan va o‘zining shundayligini ma’lum etilishini istagan bola;

c. Ruhiy-ijtimoiy dasturning a’zosi bo‘lgani holda uning ismi va shaxsiyati sog‘lom rivojlanishining uzviy qismi bo‘lgan bola.

6. Bola berayotgan ma’lumotning to‘g‘riligini boshqa bolalar yoki katta yoshdagi inson bilan, imkoni bo‘lsa, har ikkovlari bilan suhbatlashish orqali tekshiring.

7. Bola xavf ostiga tushib qolishiga shubha paydo bo‘lgan holatlarda, uning hikoyasi qanchalik “xabarbop” bo‘lishiga qaramasdan, xabarni u to‘g‘risida emas, umumlashtirgan holda, butun bolalarga taalluqli qilib tayyorlang.

IV. UNICEF materiallaridan foydalanish


UNICEFning barcha materiallari mualliflik huquqi bilan himoyalangan. Bunga matnlar, fotosuratlar yoki boshqa tasvirlar va videotasmalar kiradi. UNICEF materiallaridan foydalanish uchun ruxsat UNICEFning mazkur materialni tayyorlagan vakolatxonasidan olinishi lozim va bunday ruxsat ushbu tamoyillar va yo‘riqnomaga rioya qilinishi sharti bilangina beriladi.

Manba’lar: Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya; Bola huquqlari va ommaviy axborot (Jurnalistlar uchun yo‘riqnoma), Xalqaro Jurnalistlar federatsiyasi; Maxsus himoyaga muhtoj bo‘lgan bolalar va ommaviy axborot vositalari(ichki hujjat), UNICEFning kommunikatsiya bo‘yicha boshqarmasi; OIV/OITS bo‘yicha ikkinchi xalqaro konsultatsiya, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Kotibi.