Bola huquqlari himoyasiga bag‘ishlandi

Chop etish versiyasi

Yosh avlodni har tomonlama bilimli va sog‘lom etib tarbiyalash Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan. Bolalar huquqini himoya qilish, ularning hech kimdan kam bo‘lmasdan o‘sib-ulg‘ayishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratish, onalik va bolalikni muhofazalashga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ana shu ezgu maqsadning amaliy ifodasidir.

Jizzax shahrida «Bolalar huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasidagi loyihalarni samarali boshqarish bo‘yicha nodavlat notijorat tashkilotlari faollarining ko‘nikmasini oshirish» mavzusida o‘tkazilgan seminar-treningda bu alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va YUNISEF hamkorligida tashkil etilgan tadbirda bola huquqlarini himoya qilish borasida qabul qilingan normativ hujjatlar va bolalar mehnatining turli shakllariga barham berish bo‘yicha dastur ijrosini ta’minlashda NNTlar faoliyatini kuchaytirish masalasi atroflicha muhokama qilindi.

Bola huquqlari himoyasi bo‘yicha xalqaro va milliy dasturlar ijrosini ta’minlashda «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi viloyat bo‘limi, «Istiqbolli avlod» yoshlar axborot-ma’rifat markazi, «Qalb nuri» ayollar va ularning oilalariga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatish hamda «Jizzax shahar yoshlari» ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazlari kabi nodavlat notijorat tashkilotlari faol ishtirok etmoqda.

Tadbir doirasida «Bolalar qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishda NNTlar faoliyati samaradorligini oshirishning dolzarb masalalari» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini yaxshilash, imkoniyati cheklangan bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy dastur va rejalarni amalga oshirishda mahalliy NNTlarning faolligini kuchaytirish masalalariga asosiy e’tibor qaratildi.

— Mamlakatimizda bola huquqlari qonuniy kafolatlangan, ularning ijrosi to‘liq ta’minlanmoqda, — deydi Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gulnora To‘rayeva. — Bu yo‘nalishda davlat dasturlari, ijtimoiy loyihalar hayotga tatbiq etilayotgani va ularning ijrosida davlat va jamoat tashkilotlari, ijtimoiy muassasalar, ota-onalar ham faol ishtirok etayotgani mazkur tadbirlarning yanada samarali bo‘lishini ta’minlayotir.

Marta o’qilgan: 926