Haftalik samarali o‘tmoqda

Chop etish versiyasi
08 Avgust 2014

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligida mamlakatimizda 4-9-avgust kunlari o‘tkazilayotgan bolalarni ko‘krak suti bilan oziqlantirish haftaligiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. BMT Bolalar jamg‘armasi(YuNISEF)ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tegishli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, shifokorlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari L.To‘ychiyev, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari N.Tojiboyeva va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida tibbiy-ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar onalik va bolalikni muhofaza qilish, xalqimizga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirishda yuksak samara berayotganini alohida ta’kidladi.

«Sog‘lom bola yili» Davlat dasturi doirasida bu yo‘nalishda bajarilayotgan ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda. Mamlakatimizda «Sog‘lom ona — sog‘lom bola» umummilliy dasturida belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etish, onalar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam va birlamchi tibbiy-profilaktika xizmatini takomillashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Chaqaloqlarni ko‘krak suti bilan oziqlantirish borasida an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan haftaliklar ana shunday tibbiy-ijtimoiy loyihalardandir.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ona suti bilan oziqlantirish orqali chaqaloqlar va emizikli ayollarda uchraydigan va ularning hayotiga jiddiy xavf tug‘diradigan ko‘plab xastaliklarning oldini olish mumkin. Shu bois mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalarida bolalarni ona suti bilan oziqlantirishga bag‘ishlangan «o‘n qadam» tamoyili hayotga tatbiq etilmoqda. Har yili ushbu masalalarga bag‘ishlangan haftaliklar o‘tkazish an’anaga aylangan. Bolalarni ko‘krak suti bilan oziqlantirish bo‘yicha milliy tajriba va jahon tibbiyotining ilg‘or usullarini tibbiyot xodimlari o‘rtasida keng ommalashtirish maqsadida muntazam ravishda seminar-treninglar tashkil etilmoqda.

Birlamchi tibbiyot muassasalari, tug‘ruq majmualari, bolalar shifoxonalari va boshqa salomatlik maskanlarida ona va bolaga zamonaviy tibbiy yordam ko‘rsatish, bolani parvarishlash, ko‘krak suti bilan oziqlantirishni targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotir. Bu borada faollik ko‘rsatayotgan tibbiyot maskanlari YuNISEFning «Bolaga mehri baland shifoxona» sertifikati bilan taqdirlanmoqda. 2011–2012-yillari mamlakatimizdagi to‘qsonga yaqin tibbiyot maskani shunday sertifikatga ega bo‘ldi.

Matbuot anjumanida ona suti bilan oziqlantirishni targ‘ib etish haftaligi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, sog‘liqni saqlash tizimida hayotga tatbiq etilayotgan dasturlar samaralari xususida atroflicha ma’lumot berildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.

Marta o’qilgan: 21