Bolalarni ijtimoiy himoyalashda O‘zbekiston tajribasi

Chop etish versiyasi
26 Noyabr 2014

Davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining
vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish,
tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlaydi, bolalarga
bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarni rag‘batlantiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 64-moddasidan.

Poytaxtimizda «Bola uchun ijtimoiy sheriklik: milliy va xorijiy tajriba» mavzuida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.

Anjuman Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi, «Sen yolg’iz emassan» respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Sog‘liqni saqlash, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, Madaniyat va sport ishlari, Moliya vazirliklari, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, Toshkent shahar hokimligi hamda BMT Bolalar jamg‘armasi — YuNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, turli vazirlik va idoralar, xalqaro va jamoat tashkilotlari rahbarlari, xorijlik mutaxassislar, ekspert va olimlar, pedagoglar hamda shifokorlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov, sog‘liqni saqlash vaziri A.Alimov, «Sen yolg’iz emassan» respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi direktori R.Mustayev, YuNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari R.Fuderich, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari K.Pikkat va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida sog‘lom avlodni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotgani, ularning huquq va manfaatlari ta’minlanayotganini alohida ta’kidladi.

Mamlakatimizda «Sog‘lom ona — sog‘lom bola» tamoyili asosida onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning samarasida mustaqillik yillarida yurtimizda onalar o‘limi 3,1 barobar, go‘daklar o‘limi 3,2 barobar kamaydi. «Ona va bola skriningi» dasturi amalga oshirilishi natijasida tug‘ma nuqsonli bolalar tug‘ilishi 2000-yildan buyon 1,8-marta kamaydi. Bugungi kunda mamlakatimiz bolalarining 92 foizi rivojlanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti standartlariga to‘la mos keladi. «Save the Shildren» xalqaro tashkiloti reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyodagi bolalar salomatligi to‘g‘risida eng ko‘p g‘amxo‘rlik ko‘rsatadigan o‘nta mamlakat qatoridan joy oldi.

Joriy yilning mamlakatimizda Sog‘lom bola yili deb e’lon qilinishi har tomonlama yetuk barkamol avlodni tarbiyalashga yo‘naltirilgan davlat siyosatining mantiqiy davomi bo‘ldi.

O‘zbekistonda bola huquqlariga oid beshta xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilingan, o‘ndan ortiq qonun qabul qilingan. BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasida nazarda tutilgan maqsad va vazifalar hayotga izchil joriy etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonun asosida voyaga yetmaganlarning huquqlari ta’minlanmoqda.

2014-yil 25-sentabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida"gi qonuni barkamol avlodni voyaga yetkazish, ona va bola huquqlarini himoya qilish borasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xalqaro forumda yosh avlod kamoloti yo‘lidagi ijtimoiy sheriklikni mustahkamlash, soha muassasalari faoliyatini va o‘zaro hamkorlikni takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Oilada ma’naviy qadriyatlarni keng qaror toptirish, ehtiyojmand oilalar va ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga manzilli ko‘mak berish, ularning jamiyatga integratsiyalashuvini ta’minlash, kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish borasidagi milliy va xorijiy tajriba yuzasidan fikr almashildi.

Forum ishtirokchilari O‘zbekistonda bola kamoloti yo‘lidagi bu kabi dolzarb vazifalarning muvaffaqiyatli ijrosi oilalar, maktablar, sog‘liqni saqlash tizimi, davlat va jamoat tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining o‘zaro hamkorligida ta’minlanayotganini yuksak baholadi. Mamlakatimizda onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilishga oid milliy model xalqaro miqyosda ham keng e’tirof etilayotgani ta’kidlandi.

Yurtimizda homilador ayollarni skrining tekshiruv bilan to‘liq qamrab olish, bolalarni xavfli yuqumli xastaliklarga qarshi emlash, yoshlarning tibbiy madaniyatini yuksaltirishga oid chora-tadbirlar bolalikdan nogironlik, tug‘ma va irsiy xastaliklarning oldini olish imkonini bermoqda. «Oila — mahalla — ta’lim muassasasi» hamkorligi jamiyatimizda yuksak ma’naviy muhitni qaror toptirish, milliy mentalitetimizga yot zararli ta’sirlarga qarshi turishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondi, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi, Xalq ta’limi vazirligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida barcha mahallada «Ota-onalar universiteti» tashkil etilgan. Farzand tarbiyasining huquqiy, psixologik, ijtimoiy jihatlarini ota-onalarga atroflicha tushuntirish, zarur maslahat ko‘magini ko‘rsatishda ushbu jamoat tuzilmalari muhim o‘rin tutayotir.

Mamlakatimizda ota-ona mehridan mahrum va imkoniyati cheklangan bolalar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotir. Mehribonlik uylari faoliyatini yanada takomillashtirish, ularda tarbiyalanayotgan bolalarning to‘laqonli ta’lim-tarbiya olishi va kasb-hunar egallashiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

«Sen yolg’iz emassan» respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi va Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi qator tashkilotlar bilan hamkorlikda ehtiyojmand oilalar farzandlari, murakkab taqdirli bolalar salomatligini mustahkamlash, ularning huquq va manfaatlarini himoyalash, jamiyatga integratsiyalashuviga yordamlashish borasida izchil ishlarni amalga oshirmoqda. Kam ta’minlangan oilalar farzandlari, alohida ehtiyojli bolalar yurtimiz va xorijiy klinikalarda davolanayotir. Tug‘ma xasta bolalar uchun korreksion-davolash kurslari, tibbiy ko‘riklar o‘tkazilib, ota-onalarga ijtimoiy, huquqiy, ma’naviy ko‘mak berilmoqda.

Bunday tizimli ishlar xalqaro miqyosda ham o‘rnak olishga arzigulik tajriba sifatida e’tirof etilmoqda.

— O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar, bu borada tobora faollashib borayotgan ijtimoiy sheriklik haqida ma’lumotga ega bo‘ldik, — dedi YuNISEFning bolalarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha eksperti Smaranda Popa (Ruminiya). — Bolaning barkamol rivojlanishi uchun eng muhim maskan — bu oila. O‘zbekistonda oilalarni mustahkamlash, turmush madaniyatini yuksaltirishga katta e’tibor qaratilayotgani diqqatga sazovor. Bundan ko‘plab mamlakatlar o‘rnak olsa arziydi. O‘zbekiston Respublikasining «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida"gi qonuni bilan tanishib, juda to‘lqinlandim. Unda ijtimoiy sheriklik qilish mumkin bo‘lgan barcha sohalar qamrab olingani g‘oyat e’tiborlidir.

Anjumanda xorijlik mutaxassislar O‘zbekistonda barkamol avlodni tarbiyalash, bolalar manfaatlarini ta’minlash, ayniqsa, ota-ona mehridan bebahra qolgan bolalarga g‘amxo‘rlik qilish, ularni farzandlikka olish, ehtiyojmand oilalarga har taraflama ko‘mak berishga oid ezgu sa’y-harakatlar kuchli ijtimoiy yo‘naltirilganini, turli tashkilotlar hamkorligida ijtimoiy sheriklik asosida aniq va manzilli tarzda amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi. O‘zbekistonning bu boradagi ilg‘or tajribasi ko‘pgina mamlakatlar uchun o‘rnak bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.

— O‘zbekistonda inklyuziv ta’lim rivojlangani e’tiborga molik, — dedi xalqaro ekspert Metyu Griffits (Buyuk Britaniya). — Ushbu ta’lim tizimini izchil takomillashtirishga Prezident Islom Karimov rahnamoligida katta e’tibor berilayotgani, Toshkent davlat pedagogika universitetida mazkur yo‘nalishda kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish yo‘lga qo‘yilgani mamlakatingizning kelgusida mazkur sohada yanada katta yutuqlarga erishishiga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda ta’lim tizimini rivojlantirishda ijtimoiy sheriklikning ahamiyati, bolalarni samarali himoya qilish uchun kuratorlik tizimi (geytkiping), bolalar salomatligini muhofaza qilish sohasida erishilgan yutuqlar va istiqbollar, bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ijtimoiy sheriklikning asosiy yo‘nalishlari, inklyuziv ta’limni tatbiq etishda ijtimoiy sheriklik va xalqaro tajriba, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikni bartaraf etish borasida qilinayotgan ishlar kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi va muhokama etildi.

Xalqaro forumning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.

Marta o’qilgan: 24