Loyiha davom etadi

Chop etish versiyasi

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi vakolatxonasi va YuNISEFning “O‘zbekistonda onalik va bolalikni muhofaza qilish xizmatlarini takomillashtirish” qo‘shma loyihasining yangi ofisi ochildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.Alimov, YuNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari J.Delmot va boshqalar O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov rahnamoligida izchil amalga oshirilayotgan “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” maqsadli dasturi inson manfaatlarini muhofazalash, onalar va bolalarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishda yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi. “Obod turmush yili” Davlat dasturi doirasida bu boradagi ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda.

“O‘zbekistonda onalik va bolalikni muhofaza qilish xizmatlarini takomillashtirish” loyihasidan ko‘zlangan maqsad onalar va bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, onalik va bolalikni muhofazalashga oid innovatsion ishlanmalardan oqilona foydalanish, oilada tibbiy madaniyatni yuksaltirishdan iborat.

Loyihaning birinchi bosqichi 2008-yildan 2011-yilgacha amalga oshirildi. Loyiha doirasida shifokor va hamshiralar uchun onalik va bolalikni muhofaza qilish, to‘g‘ri ovqatlanish, sanitariya-gigiyena masalalariga oid zamonaviy o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar tayyorlandi.

Ikkinchi bosqich 2016-yilgacha davom etadi. Bu davrda qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalar, tug‘ruqxonalar va bolalar shifoxonalarining vrachlari, doyalar va hamshiralarni o‘qitish rejalashtirilgan. Shu maqsadda bir qator tibbiyot muassasalarida o‘quv markazlari tashkil etildi.

Tadbirda mazkur loyihaning ahamiyati, uni amalga oshirish chora-tadbirlari, onalar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamni takomillashtirish masalalari xususida fikrlashildi.

Manba’: O‘zA

Marta o’qilgan: 916