Ming yillik rivojlanish maqsadlari

Deklaratsiya va Ming yillik rivojlanish maqsadlari: rejalashtirilgan taraqqiyot


2000 yilning sentyabr oyida Nyu-Yorkda, Birlashgan Millatlar Tashkilotining qarorgohida insoniyat tarixida dunyo yetakchilarining eng yirik uchrashuvi - ming yillik Sammiti bo‘lib o‘tdi. O‘sha muhim burilish yasagan yili Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lgan 189ta davlatlar vakillari butun sayyoramiz miqyosida eng dolzarb rivojlanish masalalarini muhokama qilish uchun uchrashdilar. Mamlakatlar yanada jadal rivojlanish, aholining yanada yuqori turmush darajasi va yangi imkoniyatlarni va’da qiluvchi rivojlanib borayotgan globallashuv jarayonlari tufayli bir-biri bilan har qachongidan samarali aloqalarni yo‘lga qo‘ygan edilar.

Biroq turli mamlakatlarda odamlar hayotining sifati tenglashtirib bo‘lmaydigan darajada edi. Ayrim mamlakatlar o‘z taraqqiyoti va global hamkorligini rejalashtirib, shu yo‘lda dadil odimlayotgan bir paytda, qashshoqlik botqog‘iga g‘arq qilingan, hech tugamaydigan qambag‘allik, mojarolar va atrof-muhit yomonlashayotgan sharoitlarida hayot kechirayotgan ko‘pgina boshqa mamlakatlarning kelajagi dargumon edi.

Ushbu muammolarni birgalikda hal qilishga kirishish uchun 2000 yilda mamlakatlar yetakchilari ming yillik Deklaratsiyasini qabul qildilar. Ushbu hujjatda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, atrof-muhitni yaxshilash va inson huquqlarini himoya qilish uchun birgalikdagi ustuvorliklar bayon etilgan. Bu sa’y-harakatlar butun insoniyat kelajagini ta’minlash hamda uning omon qolishi uchun zarur bo‘lgan muhim qadamlar bo‘ldi. Davlatlar yetakchilari inson rivojlanishi barcha mamlakatlar ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga va butun jahon xavfsizligiga erishishning eng asosiy omili, degan fikrga yakdillik bilan qo‘shildilar.

Lekin ushbu eng muhim ustuvorliklarga javob beradigan vazifalar bajarilishiga dunyo hamjamiyati qanday erishishi mumkin edi? Bir qator xalqaro tashkilot va agentliklar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilgandan so‘ng Ming yillik rivojlanish maqsadlari (MRM) belgilandi. Mamlakatlar yetakchilari 2015 yilga qadar butun dunyoda inson rivojlanishining eng muhim sohalarida sezilarli yutuqlarga erishiladi, deb va’da berdilar. MRM ushbu yutuqlarni o‘lchash uchun nafaqat rivojlanayotgan mamlakatlar, balki rivojlanish dasturlarini moliyalashtirishga ko‘maklashayotgan va boshqa mamlakatlarga ushbu dasturlarni amalga oshirishga yordam berayotgan Jahon banki yoki BMT Taraqqiyot dasturi kabi ko‘p tomonlama tashkilotlar uchun ham tegishli mezonlarni belgilaydi.

Barqaror Rivojlanish Maqsadlari

Global harakat uchun yangi kun tartibi

Mingyillik rivojlanish maqsadlari bundan 15 yil avval qabul qilingan edi. Bu maqsadlar taraqqiyot uchun yaxshi asos bo’lib xizmat qildi va natijada bir qator yo’nalishlar bo’yicha salmoqli oldinga siljishga erishildi. Ammo, shu bilan birga, ushbu oldinga siljish bir tekisda bo’lmadi va ushbu maqsadlarning ba’zilariga erishilmaganicha qolinmoqda.

2015 yilning 25–27 sentyabr kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo’lgan 193 ta mamlakatning davlat va hukumat rahbarlari 2030 yilga qadar bo’lgan vaqt mobaynida insoniyatning barqaror rivojlanishi borasida yangi global maqsadlar yuzasidan kelishib olish uchun yig’iladilar. Ular insonlar, yer kurramiz va taraqqiyot uchun harakat rejasini qabul qiladilar va ushbu reja kengroq erkinlik sharoitida butun dunyoda tinchlikni barqarorlashtirishga qaratilgan bo’ladi.

Yangi kun tartibi Mingyillik rivojlanish maqsadlariga asoslangan bo’ladi va erishilmay qolgan maqsadlar hayotga tadbiq etilishiga qaratiladi. Barqaror rivojlanich maqsadlari barcha inson huquqlarini qamrab oladi hamda barchaning sha’nini ilgari suradi. Xususan, ushbu maqsadlar quyudagilarga yo’naltirilgan bo’ladi:

  • Qash’shoqlik va ocharchilikka chek qo’yish;
  • Barcha uchun ta’lim, sog’liqni saqlash hamda asosiy ijtimoiy xizmatlarni ta’minlash;
  • Jinslar tengligini ta’minlash hamda barcha ayollar va qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish;
  • Mamlakatlar ichida hamda mamlakatlararo tengsizlikka qarshi kurashish;
  • Inklyuziv iqtisodiy o’sish, umumbashariy taraqqiyot hamda barcha uchun barqaror hayot standartlarini qo’llab-quvvatlash;
  • Xavfsiz va farovon shaharlar hamda aholi punktlarini targ’ib etish;
  • Er kurrasini himoya qilish, iqlim o’zgarishiga qarshi kurashish, tabiiy resurslardan barqarorlik asosida foydalanish hamda okeanlarimizni himoya qilish;
  • Boshqarishni takomillashtirish hamda tinchliksevar, bexatar, adolatli hamda inklyuziv jamiyatni targ’ib qilish;
  • Barqaror rivojlanish uchun global hamkorlikni qayta tiklash.