Ijtimoiy ish

Bizning faoliyatimiz

UNICEF mamlakatda bolalarni himoya qilish bo‘yicha shakllantirilgan himoya tizimini yanada takomillashtirishga yordam bermoqda, bu esa o‘z navbatida qonunchilikka o‘zgartishlar kiritish va turli xizmatlar faoliyatini yaxshilashni talab qiladi. Bu boradagi ishlarning maqsadi xatar holatiga duch kelgan yoki shafqatsiz muomala va zo‘ravonlikning turli shakllariga uchrayotgan bolalarni har tomonlama himoya bilan ta’minlash hamda bu kabi holatlarning oldini olishdan iborat. Bunga bolalar va ularning oilalari bilan ish olib borayotgan ijtimoiy va boshqa xizmatlar mutaxassislarining kasbiy mahoratlarini oshirish, shuningdek, bolalar davlat vasiylik muassasalariga joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun profilaktik ishlarni amalga oshirish orqali erishish mumkin.

Yutuqlarimiz

  • UNICEF bolalar ijtimoiy moslashish Respublika markaziga bu sohada xizmatlarni taqdim etishning yangi modelini ishlab chiqish va yaratishga, ya’ni oilalar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash Xizmatini tashkil etishga yordam berdi. Tajriba sifatida bunday xizmatlar Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon va Guliston kabi mamlakatning beshta shahrida tashkil etildi. Ularning har biridan beshta xodim shafqatsiz yoki qo‘pol muomala xatariga uchragan bolalar bilan muvaffaqiyatli muloqot yuritish va ishlash uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy ishlar asoslari bo‘yicha o‘quvdan o‘tdilar;
  • Uchta universitetda ijtimoiy xodimlar - bakalavr va magistrlarni tayyorlash ishlari tashkillashtirilgan. Shu bilan birga, oilalar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash xizmatlari yaratilgan mintaqalar mutaxassislarining bolalarni himoya qilish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida asosiy ishidan ajramagan holda ularga 10 hafta davomida saboq berish dasturi joriy etilgan.

Istiqboldagi rejalar

  • bolalarga shafqatsiz muomala qilinishini kamaytirish va oldini olish, bolalarni himoya qilish xizmatlari faoliyatidan bahramand bo‘lishni yaxshilash va ijtimoiy ish tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan kompleks strategiya va harakatlar rejasini qabul qilish;
  • bolalarni himoyalash uchun mas'ul bo‘lgan shaxslar, shu jumladan ijtimoiy xodimlar, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarining kasbiy mahoratlarini oshirish;
  • bolaning xavfsiz va mehribon oila muhitida tarbiyalanish huquqini ta’minlovchi siyosat va taomillarni ishlab chiqish;
  • haqiqiy ma’lumotlar asosida rejalashtirishni takomillashtirish maqsadida bolalarni himoya qilish masalalari bo‘yicha axborot hajmini oshirish;
  • bolalarni himoya qilish sektorining samaradorligi va natijalarini oshirish uchun turli idora va tashkilotlar o‘rtasidagi muvofiqlashuvni yaxshilash.