Ijtimoiy byudjetlashtirish

Bizning faoliyatimiz

UNICEF moliyaviy siyosatda yangi yondashuvni ilgari surmoqda - bolalar farovonligini ta’minlash uchun ijtimoiy byudjet tuzish yoki birinchi navbatda bolalar farovonligi va huquqlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan, bolalar manfaatlarini ko‘zlovchi byudjet tuzish. Shuningdek, UNICEF ushbu sohada shaffoflik, hisobdorlik va jamoat ishtirokini kuchaytirish, byudjet mablag‘larini bolalar manfaatlarida taqsimlash maqsadida ish olib boradi, davlat xarajatlarini doimo monitoring qilish, qat’iy nazorat olib borish va samaradorligini oshirish mexanizmlari yaratilishini qo‘llab-quvvatlaydi. UNICEF ijtimoiy byudjetlashtirish masalalarida Moliya vazirligi bilan samarali hamkorlik munosabatlarini o‘rnatdi. Buning natijasida byudjet mablag‘lari bolalar ta’limi va ularning farovonligini oshirish uchun maqsadli taqsimlanishi bo‘yicha muhim tadqiqotlar o‘tkazildi. Ayni vaqtda UNICEF moliyaviy rejalashtirish bilan shug‘ullanuvchi sog‘liqni saqlash tizimi mutaxassislari uchun tegishli o‘quvni tashkil qildi.

Yutuqlarimiz

  • UNICEF 2009 yilda «O‘zbekistonda bolalar farovonligini oshirish uchun ijtimoiy byudjetlashtirish» deb nomlangan hisobotni hamda ijtimoiy byudjetni tuzish va uning samaradorligiga bag‘ishlangan tadqiqotni chop etdi. Bundan tashqari, UNICEF maktabgacha muassasalarni moliyalashtirish masalalarini o‘rganishni tashkil qildi. Ushbu tadqiqotda rejalashtirish vositalarini yaxshilash va qo‘shimcha resurslardan foydalanish orqali bolalar maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishini kengaytirish maqsadida byudjet tuzish uslubiyati va maktabgacha muassasalar xarajatlari turlarining tahliliga asoslangan moliyaviy rejalashtirish siyosati va taomillarini ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqilgan. Bundan tashqari, milliy tashkilotlar va Oksford strategiya boshqarmasi bilan birgalikda UNICEF, talab va taklif tahlilidan kelib chiqqan holda, maktabgacha ta’lim tizimini baholashni yakunlash ustida ish olib bormoqda.
  • UNICEF Qoraqalpog‘iston tizimida ishlab, xususan, moliyaviy rejalashtirish, inson huquqlariga asoslangan byudjetni hamda natijalarga tayangan menejmentni rejalashtirish bilan shug‘ullanuvchi 100 nafar mutaxassislar uchun o‘quv tashkil qildi. Ushbu dasturning amalga oshirilishi bolalar kam ta’minlanganligi masalalari, bolalar farovonligiga ta’sir ko‘rsatadigan muammolar va hal qiluvchi omillar yuzasidan mintaqaviy va mahalliy rahbarlar xabardorligini oshirdi.

Istiqboldagi rejalar

  • bolalar taqdim etilayotgan xizmatlar bilan qamrab olinishidan kelib chiqib, xodimlar, infratuzilma va mavjud resurslarga doir ish rejalariga viloyat va mahalliy hokimiyat organlari tomonidan muvofiqlashtirishlar kiritilishi maqsadida ishlab chiqilgan muqobil moliyaviy modullardan O‘zbekistonning uchta maqsadli viloyatlaridagi 20ta maktabgacha muassasalarida tajriba asosida foydalanish;
  • bolalar bog‘chalari va yaslilarning byudjet xarajatlarini o‘rganish, turli maktabgacha muassasalarda mablag‘larni sarflashdagi tafovutlarni aniqlash hamda bolalarni oilada parvarishlashni yaxshilashga ko‘maklashish va ijtimoiy muhofaza tizimini kuchaytirish va kengaytirish yo‘li bilan noinstitutsionallashtirish jarayonini ilgari surish;
  • muhtoj oilalarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish maqsadida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Jahon banki kabi muhim xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan sog‘liqni saqlash tizimini moliyalashtirish siyosatini ko‘rib chiqish;
  • ma’lumotlarni umumlashtirib to‘plash va jarayonga teng yondashuvlar elementlarini kiritishga asoslangan moliyaviy rejalashtirishni nomarkazlashtirish va uning uslubiyatini yaxshilash uchun salohiyatni oshirish dasturlarini amalga oshirish yo‘li bilan viloyat hokimliklariga yordam ko‘rsatish;
  • muayyan sharoitlarga yanada moslashuvchan bo‘lishini ta’minlash uchun me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, bolalar uchun yanada yaxshi natijalarga erishish maqsadida respublika, viloyat va mahalliy tuzilmalar rahbarlariga mavjud mablag‘lardan samarali foydalanishda yordam berish.