Ijtimoiy himoya

Bizning faoliyatimiz

UNICEFning fikriga ko‘ra, bola manfaatlariga yo‘naltirilgan ijtimoiy himoya tizimi - bu shunday tizimki, uning asosini bolalar farovonligi oila daromadlari darajasi va uning moddiy resurslari hamda eng muhim xizmatlarga ega bo‘lish imkoniyatlari mavjudligiga bevosita bog‘liq, degan tamoyil tashkil qiladi. Ta’sirchan ijtimoiy himoya tizimi bolalar va ular oila a’zolarining ijtimoiy va iqtisodiy muammolarining oldini olish va bartaraf etishga xizmat qiladi. Bunday tizimni yaratishda ko‘maklashish maqsadida UNICEF keyingi uch yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan samarali hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi. Bunday hamkorlik natijasida mazkur sohadagi milliy tizimning samaradorligini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazildi va ijtimoiy himoya masalalari bo‘yicha Idoralararo guruh tashkil etildi.

Yutuqlarimiz

  • UNICEF zaif bolalar va ayollar ehtiyojlarini yanada to‘liq qondirish uchun ishlarni muvofiqlashtirishni yaxshilash maqsadida Ijtimoiy muhofaza masalalari bo‘yicha Idoralararo guruhni (IMMIG) tashkil qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Uning tarkibiga tegishli vazirlik va idoralar vakillari kirgan. Shuningdek, mazkur idoralararo guruh bolalar va ular oilalarining iqtisodiy farovonligini oshirish masalalari bilan ham shug‘ullanadi. Guruh rahnamoligi ostida ijtimoiy muhofazaning innovatsion shakllarini ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma multisektorli tadqiqot olib borilmoqda va ayni paytda bolalar va ular oilalarining farovonligini oshirishga qaratilgan qo‘llanmalar taqdim etish va ijtimoiy yordam dasturlarini amalga oshirish siyosatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Haqiqiy ma’lumotlarni yig‘ish, miqdoriy va sifat ko‘rsatkichlarini tahlil qilish ishlari amalga oshirilmoqda, so‘ng olingan ma’lumotlar moliyaviy jihatdan samarali va yashovchan ijtimoiy muhofaza dasturlarini yaratish bo‘yicha amaliy tavsiyalarni ishlab chiqish uchun qo‘llanilmoqda.

Istiqboldagi rejalar

  • ijtimoiy nafaqalar yagona registri tayyorlanadi va mutaxassislar uning yordamida zaif bolalar va ayollarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ta’sirchanligi va samaradorligini baholash imkoniga ega bo‘ladilar hamda bunday yordamni yanada takomillashtirish bo‘yicha qaror qabul qiladilar;
  • imkoniyatlari cheklangan bolalarning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqish, ijtimoiy yordam va xizmatlarni taqdim etishda mavjud bo‘shliqlarni hamda eng muhim xizmatlarga ega bo‘lishga yo‘l bermayotgan to‘siqlarni bartaraf etish;
  • tegishli tavsiyalarni tayyorlash hamda Xalq ta’limi va Moliya vazirliklariga taqdim etish yo‘li bilan maktabgacha ta’limga ega bo‘lish imkoniyatlarini kengaytirish uchun qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
  • bolalarni noinstitutsionallashtirish (davlat vasiylik muassasalarida yashovchi bolalarni o‘z oilalariga qaytarish) bo‘yicha muhokamalar o‘tkazish va takliflar tayyorlash hamda ijtimoiy ishni kengaytirishda ko‘maklashish. Bolalarni himoya qilish xizmatining islohoti 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarning manfaatlariga yo‘naltirilgan bo‘ladi, ularga tegishli xizmatlar yashash joylari bo‘yicha taqdim etiladi;
  • ijtimoiy muhofaza sohasida haqiqiy ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish va shu asosda amaliy tavsiyalarni ishlab chiqish uchun professional tadqiqotlar o‘tkazishni talab qiladigan yondashuvdan foydalanish.