Yangi nashrlar

Saytning oxirigi yangilanish:
24.03.2017 16:55:01

Bolalarning ehtiyojlariga e’tibor qaratgan holda, ularning maktabgacha ta’limini yaxshilash

Chop etish versiyasi

UNICEF Uzbekistan/2011/Pirozzi
© UNICEF Uzbekistan/2011/Pirozzi
Dastur yo‘nalishi: Maktabgacha ta’lim
Muallif: Rob Makbrayd

Buxoro, O‘zbekiston, 2012 yil 2 fevral. - O‘zbekiston janubida joylashgan Buxoro shahridagi 11– bolalar bog‘chasida musiqa sadolari va kulgi eshitilmoqda.

Direktor Dilorom Samadova biz uchun bolalar bog‘chasining yaqindagina ta’mirdan chiqarilgan xonalariga ekskursiya uyushtirdi. Devorlar yorqin ranglar bilan bo‘yalgan, polda chiroyli gilamlar to‘shalgan, derazalarga osilgan pardalar chivin va changdan himoya qiladi.

«Bolalar hovlida toza havoda o‘ynashi uchun maxsus maydonchalar tashqil etildi, – dedi D.Samadova, hovlini ko‘zdan kechirayotganimizda. – Bu yerga ota–onalar farzandlarini ertalab olib keladi va tarbiyachilar bilan kunduzgi tadbirlar haqida gaplashib olishadi».

Ushbu bolalar bog‘chasida UNICEF ko‘magida bolalarga saboq berishda do‘stona yondashuv joriy etilgan va bu har bir bolaning qiziqishini bilim olish orqali rivojlantirish yo‘li bilan ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ijtimoiy muhitga jalb qilish va xavfsizligini ta’minlashni anglatadi.

Bunday o‘zgarishlardan so‘ng bog‘chaning davomat ko‘rsatkichlari ancha oshdi – avval bu yerda atigi 18 nafar bola tarbiyalangan bo‘lsa, bugun ularning soni 100 nafardan oshgan.

Birgalikdagi sa’y–harakatlar

11–bolalar bog‘chasining bugungi holati – birgalikdagi sa’y–harakatlar samarasidir. Bir paytlar achinarli ahvolda bo‘lgan bog‘chani ta’mirlashda, uni yangi o‘yinchoqlar va kitoblar bilan ta’minlashda aholi ham katta hissa qo‘shgan. Xususan, ular bolalar uchun ixcham va qulay mebellar yasab berdilar.

Bolalar bog‘chasidagi katta o‘zgarishlar bilan tanishish jarayonida tuman hokimi o‘rinbosari, tuman xotin–qizlar qo‘mitasi raisi Gulchehra Boltaeva ishtirok etdi.

«Xotin–qizlar qo‘mitasi jamoatchilikni jalb qilishga ko‘maklashdi, – deydi G.Boltaeva. Ota–onalar ham bu yerda turli tadbirlarni o‘tkazishdan manfaatdor ekanligini aytdi. Shu bois ular farzandlarini aynan ushbu bog‘chaga berish, shuningdek, bolalar bog‘chasiga resurslar bilan yordam ko‘rsatish istagini bildirdi».

Bu borada ota–onalarning hissasi, shubhasiz, sezilib turibdi. Ularning aksariyati mashg‘ulotlar vaqtida yordam berishni davom etmoqda, chunonchi, musiqa va raqs darslarida musiqa asboblarini chalmoqda.

Dilfuza Burxonovaning qizlari – 6 yoshli Sarvinoz va 3 yoshli Sayyora shu bog‘chada tarbiyalanmoqda.

«Men ushbu bog‘chada bolalar ishtirokida ko‘plab qiziqarli tadbirlar o‘tkazilayotgani, ularga rus tili, rasm chizish va gimnastika bo‘yicha saboq berilayotgani sababli qizlarimni shu yerga berishga qaror qildim,– deydi u. – Farzandlarim yanada ochiq va samimiy bo‘lib, endi boshqa bolalar bilan ham do‘stlashmoqda».

Davomat o‘sishiga yordam berilmoqda

Mamlakat bolalar bog‘chalaridagi davomat hanuz pastligicha qolmoqda, ayni paytda ularda 36–59 oylik yoshdagi bolalarning kamida 20 foizi tarbiyalanadi. Ammmo, kichkintoylarni o‘qitishdagi do‘stona yondashuv ularning qiziqishlarini oshirishga qaratilgan bo‘lib, davomatning ortishiga xizmat qiladi.

11–bolalar bog‘chasidagi ta’lim–tarbiya ilgari barcha joylarda qo‘llanilgan sobiq ittifoq ta’lim uslubidan tubdan farq qilib, bolalarning aql–zakovati va iqtidorini rivojlantirishga qaratilgan.

«O‘sha paytlarda bolalarning jim o‘tirib, tarbiyachini tinglashi eng yaxshi xulq hisoblangan, – dedi, avvalgi uslublar haqida gapirar ekan, UNICEFning bolalarni erta rivojlantirish masalalari bo‘yicha mutaxassisi Eleonora Fayzullaeva. – Hozir esa aksincha, tarbiyachi bolalar qiziqishlariga ko‘proq e’tibor qaratmoqda».

UNICEFning O‘zbekistondagi ta’lim bo‘limi mudiri Merilin Oar ushbu mavzuda suhbatni davom ettirar ekan: «Biz hozir shunga erishdikki, ayni paytda bolalar partada shunchaki o‘tirgani yo‘q, balki o‘yinlar orqali qiziqarli bilim orttirish bilan faol shug‘ullanmoqda. Shuning uchun bolalar ham ijtimoiy, ham emotsional rivojlanayotgani haqida so‘z yuritish mumkin».

Erkin va mustaqil

Poytaxt – Toshkentdagi boshqa bir bog‘cha xodimlari bolalarni o‘qitishda do‘stona yondashuvni o‘rganmoqdalar.

3 yoshli Muxlisa kichkina uychada tengqurlari bilan qo‘g‘irchoq bolalar oshxonasi o‘yinini o‘ynamoqda. Bu uning yaxshi ko‘rgan o‘yini bo‘lib, endi bunga ruxsat etilayotganidan juda ham xursand.

Tarbiyachi Barno Ergasheva guruhni kuzatarkan, bolalar va tarbiyachilar uchun foydali bo‘lgan yangi ishlash tamoyilini tushuntirmoqda.

«Bolalar o‘zlarini erkin va mustaqil his etishi nihoyatda muhimdir», – ta’kidlaydi u.