Yangi nashrlar

Saytning oxirigi yangilanish:
19.07.2017 11:37:26

Eng chekka hududlarda tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash

Chop etish versiyasi

Unicef, O'zbekiston, 2011, Pirozzi
© Unicef, O'zbekiston, 2011, Pirozzi
Dastur yo‘nalishi: Ona va bola salomatligi
Muallif: Rob Makbrayd

Qoraqalpog‘iston, O‘zbekiston, 2012 yil 20 yanvar. – Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida Saparovlar oilasi yozda ko‘pincha uyining orqa hovlisida joylashgan an’anaviy o‘tovga ko‘chib o‘tadi. Bu yerda jazirama kunlarda quyosh taftidan saqlanish mumkin.

Shifokorlar Gulmira Uzoqova va uning sakkiz oylik qizi Xurmizani ko‘rikdan o‘tkazish uchun aynan shu yerga tashrif buyurdi. Mehmonlar an’anaviy salomlashishdan so‘ng poyafzalini yechib, o‘tovga taklif etildi.

Ular qizaloqning bo‘yi va vaznini o‘lchab, buvisi Bibizoda Saparova bilan suhbatlashdi. An’anaviy oilalarda buvilar qaror qabul qiladi va shifokorlar bolani sog‘lom parvarishlash amaliyotini joriy etishda uning yordami qanchalik muhimligini yaxshi bilishadi.

Keksa ayol qizi va nabirasiga ko‘rsatilgan e’tibordan mamnun bo‘ldi.

«Shifokorlar bolamning bo‘yi o‘sishi va rivojlanishini muntazam tekshirib bormoqda, – deydi u. – Qizimning ahvoliga qarab, ovqatlantirish va boshqa masalalar yuzasidan tavsiyalar bermoqda».

Bu B.Saparova odatlanib qolgan tibbiy yordamdan mutlaqo boshqa xizmat ko‘rsatish darajasidir.

Sifatli sog‘liqni saqlash xizmatlarini kengaytirish

Qoraqalpog‘istonda Orol dengizi tanazzulining ekologik oqibatlari kuzatilmoqda. Bu yashovchilar salomatligiga ham ta’sir ko‘rsatib, ular pnevmoniya, diareya, kamqonlik kabi xastaliklarga chalinishi hamda bolalarning sifatsiz ovqatlanishiga olib kelmoqda. Shifokorlarning xonadonlarga tashrif buyurishi - bu UNICEF ko‘magida Hukumat tomonidan sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni kengaytirish va bolalar salomatligini yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan yangi muhim dasturning bir qismidir. Buni Saparovlar oilasi misolida ham ko‘rish mumkin.

Toza Bo‘z qishlog‘idagi poliklinikada shifokor Shahnoza Jumaniyozova bu yerga onalari olib kelgan bolalarni tegishli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda.

«Biz bolalarning bo‘yi va rivojlanishini muntazam tekshirib bormoqdamiz hamda ularning onalariga ovqatlantirish bo‘yicha zarur maslahatlar bermoqdamiz».

Boshqa shifokor va hamshiralar singari, doktor Jumaniyozova ham UNICEF ko‘magida tashkil qilingan bolalar uchun tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash dasturi bo‘yicha o‘qitildi.

«Har bir bolaga e’tibor qaratish maqsadida barcha xonadonlar va oilalarni qamrab olish nihoyatda muhimdir», – deb ta’kidladi UNICEFning sog‘liqni saqlash bo‘limi mudiri Xari Krishna Banskota.

Sog‘liqni saqlash xizmatlarining sifati tubdan yaxshilanmoqda

Tuman shifoxonasi tug‘ruqxona bo‘limida 29 yildan buyon mehnat qilib kelayotgan Bibihadicha Isoqova tibbiy xizmatlar ko‘rsatish darajasi va sifatida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilayotganini qayd etmoqda.

«Shifoxonamiz bir qator dasturlarda ishtirok etdi, – deydi u. – Ko‘krak suti bilan emizish va «Bolalar salomatligi» tashabbusi ham shular jumlasidan. Buning natijasida kasallanish darajasi kamaydi».

Shuningdek, shifoxonada ona va bola uchun qulay shart–sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, farzand ko‘radigan ayollarning turmush o‘rtoqlari va boshqa oila a’zolariga tug‘ish paytida ishtirok etish, onalarga esa tug‘ruqdan so‘ng chaqalog‘i bilan birga bo‘lishga ruxsat etilmoqda.

Isoqovaning mijozlaridan biri Gulnur Bekbosinova bunday o‘zgarishlarni o‘zida sinab ko‘rdi va 6 yil avval katta o‘g‘lini dunyoga keltirgan paytdagi holat bilan taqqoslab ko‘rdi.

«O‘shanda bolamni mendan birdaniga olib qo‘yishdi, - deydi tug‘ilganiga bir kun bo‘lgan farzandi Armonni emizayotgan Gulnur. - Biroq, hozir u men bilan birga va o‘zimni juda baxtli his etmoqdaman».

Kichkintoy Armon dunyoga kelgan hudud aholisining hayoti oson kechayotgani yo‘q. Biroq, bugungi ijobiy o‘zgarishlar odamlarga umid bag‘ishlamoqda va Gulnur ham o‘g‘li bilan birga ularning samarasidan foydalanmoqda.