Yangi nashrlar

Saytning oxirigi yangilanish:
20.11.2017 18:51:54

Kunduzgi parvarish markazlari oivga chalingan bolalarga umid bag‘ishlaydi

Chop etish versiyasi

Unicef, O'zbekiston, 2011
© Unicef, O'zbekiston, 2011
Dastur yo‘nalishi: OIV/OITS profilaktikasi
Muallif: Maksim Fazlitdinov va Kamila Fotixova

Toshkent, Uzbekiston, 10 dekabr 2010 yil. - Azim 12 yoshda. U OIV/OITS muammosini boshidan kechirgayotgan oilalar va bolalarga xizmat ko‘rsatuvchi «Boychechak» kunduzgi parvarish markaziga qatnaydi. Azimga o‘xshash 500 nafar bola 2010 yilning iyun oyidan boshlab ushbu markazda boshqa bolalar bilan suhbatlashish va o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Men ikki yil avval OIVga chalinganligimni bilib qoldim. Onam buni eshitib juda xafa bo‘ldilar, lekin sababini aniq izohlay olmadi. Bir yarim yildan beri har kuni dori ichaman. Bu menga yordam beryapti. Menda zarur qoidalarni bajarishda yordam beradigan yorqin rasmlar bilan bezatilgan maxsus taqvim bor. Men onam bilan birga bu yil shahrimizda ochilgan Boychechak kunduzgi parvarish markaziga tez-tez borib turibman. U yerda rasm chizaman va bolalar bilan o‘ynayman, onam esa boshqa bolalarning ota-onalari bilan suhbatlashib o‘tiradi yoki biron narsa xarid qilish uchun do‘konga borib keladi, - deydi Azim.

“Biz ushbu markazda vaqtni juda xushchaqchaq o‘tkazamiz. Bu yerga kelgunimcha o‘zimni juda yolg‘iz, hasta his qilardim. Hozir esa o‘z tengdoshlarim bilan maza qilib gaplashaman va o‘ynayman. Ushbu markaz xodimlaridan minnatdormiz. Chunki ular bizning barchamizga doim samimiy munosabatda bo‘ladi”, - deb yuqoridagi fikrlarni tasdiqlaydi 13 yoshli Munira.

Himoya va ko‘mak


Hozir O‘zbekistonda UNICEF ko‘magida tashkil etilgan to‘rt markaz - Bolalar va ularning oilalarini kunduzi parvarishlaydigan markazlar faoliyat yuritmoqda. Ular Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona kabi OIV infeksiyasi nisbatan ko‘proq tarqalgan hududlarda ish olib bormoqda. Ushbu markazlar OIVga chalingan bolalar va ularning oila a’zolariga ruhiy-ijtimoiy yordam, tibbiy va yuridik maslahat, eng muhimi - yolg‘izlik va ruhan ezilishdan xoli muhitni taqdim etmoqda.

«Men o‘g‘limni Respublika OITS markaziga olib kelganimda, «Qaldirg‘och» kunduzgi parvarish markazi borligini eshitdim. O‘sha markazda o‘zim kabi onalarni va farzandimga o‘xshash bolalarni uchratdim. Ular bu yerda bemalol o‘ynaydi suhbat qurib, vaqtini mazmunli o‘tkazadi. O‘zim esa maslahat olish va o‘z dardimni boshqa ota-onalar bilan baham ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi!

O‘zimni yolg‘iz his etish azobidan qututlganday bo‘ldim. Bu hayotimni butunlay o‘zgartirib yubordi. Endilikda o‘zim ham ushbu markazda ishlayapman» - deydi 32 yoshli Muborak.

Bunday markazlar tegishli oilalar uchun asosiy o‘quv dasturini taqdim etadi. Bolalar uchun ko‘ngilochar tadbirlar va turli o‘yinlarni tashkil qiladi. Shuningdek, ular OIV/OITS to‘g‘risida xabardorlikni oshirish dasturini o‘tkazish, OIV tahlillari ijobiy natija ko‘rsatgan bolalar, shuningdek yetim bolalarning patronaj parvarishini ta’minlash va oilalar uchun qo‘llab-quvvatlash guruhlarini yaratish kabi boshqa masalalarni ham hal qilishda yordam ko‘rsatadi.

Umid tuhfasi


Ushbu markazlarning yana boshqa muhim vazifasi - bunday oilalarning ijtimoiy manfaatlarini tibbiy muassasalarda va ijtimoiy himoya organlarida ifodalashdan ham iborat. Bu OIV bilan xastalangan bolalarni sifatli tibbiy yordam va davlat nafaqalari bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Har bir markazda direktor, bir yoki ikki nafar ijtimoiy xodim, ruhshunos, pediatr va bir necha ko‘ngilli (odatda OIVga chalingan bolalarning ota-onalari) ish olib boradi.

Markazda ishlaydigan xodimlar menga OIV infeksiyasiga doir ko‘plab ma’lumotlarni so‘zlab berdilar. Men ulg‘aygach, kelajakda onamning suyanchig‘i bo‘la olishimga ishonaman, - deydi Azim. Markaz xodimlari unga hayotidagi eng ajoyib tuhfa - umid bag‘ishladilar.