Yangi nashrlar

Saytning oxirigi yangilanish:
21.09.2017 15:48:18

O‘zbekistonda qizamiq va qizilchaga qarshi o‘tkazilgan umumiy emlash paytida sakkiz million bola emlandi.

Chop etish versiyasi

UNICEF Uzbekistan/2011/
© UNICEF Uzbekistan/2011/
Dastur yo‘nalishi:
Muallif: Nigina Baykabulova

Toshkent, O‘zbekiston, 2011 yil 29 sentyabr. - O‘zbekistonda Emlash haftaligi davomida sakkiz million bola qizamiq va qizilchaga qarshi emlandi. 1 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarni ikkita keng tarqalgan ushbu yuqumli kasallikdan himoya qilish maqsadida mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi birlamchi bo‘g‘inining barcha muassasalarida, maktablar, bolalar bog‘chalari, mehribonlik uylari va internatlarda emlash punktlari tashkil etildi.

Ushbu umummilliy aksiya O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan UNICEF, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Global qizamiqqa qarshi tashabbusning AQSH kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari, BMT jamg‘armasi kabi boshqa sheriklari ko‘magida tashkil etildi. Vaksinatsiyaning o‘tkazilishi O‘zbekistonga muhim maqsad - qizamiq va qizilcha kasalliklari tarqalishini Jahon sog‘liqni saqlash tomonidan Yevropa mintaqasi uchun belgilangan muddat, ya’ni 2015 yilgacha to‘xtatishga erishish imkonini beradi.

2015 yilda qizamiq kasalligidan o‘lish ko‘rsatkichini 1990 yilga nisbatan 95 foizga kamaytirish bolalarning sog‘-salomat bo‘lishi, voyaga yetishi va rivojlanishi bilan bog‘liq sohaga odilona yondashuvni barcha joylarda qo‘llash borasida UNICEFning global ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

Qizg‘in tayyorgarlik


Ikki yarim oy mobaynida vaksinatsiyani o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qizg‘in ishlar amalga oshirildi. Emlash bo‘yicha 9 ming nafar shifokor va mutaxassis, shuningdek, 15 ming nafar hamshira o‘qitilib, o‘qituvchilar, aholi, din vakillari va faol jamoatchilar bilan birgalikda ushbu ishlarga jalb etildi. O‘zbekiston aholisining 99 foizdan ortig‘ining savodxonlik darajasi yuqoriligi inobatga olinib, mamlakat bo‘yicha tarqatish uchun 2,5 milliondan ortiq nusxada axborot materiallari chop etildi.

Bundan tashqari, UNICEF vaksina, bir marta ishlatiladigan xavfsiz shpritslar sotib olish, shuningdek, jamoatchilikni xabardor qilish va jalb qilishga doir tadbirlarni o‘tkazishga texnik ko‘maklashdi. O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida Hindistondagi emdorilar ishlab chiqish instituti qizamiq va qizilchaga qarshi vaksinalarning katta qismini beg‘araz asosda yetkazib berdi.

Vaksinatsiya bolalar salomatligini yaxshilash uchun sog‘liqni saqlashni rivojlantirish strategiyasining muhim elementi hisoblanadi, - deydi Toshkentda vaksinatsiya kampaniyasini o‘tkazish boshlangani haqida UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Jan-Mishel Delmot. - UNICEF O‘zbekistonda bolalarni nafaqat qizamiq, balki boshqa kasalliklardan himoya qilish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa mahalliy hamda xalqaro sheriklar bilan ishlashni davom ettiradi.

Ishonch qozonish


Garchi, O‘zbekistonda aksariyat oilalar bolalarni sog‘iligi uchun emlash zarurligini e’tirof etsada, turli axborot manbalaridan foydalanish ortib borayotgani ota-onalarning vaksinalar xavfsizligi haqida tashvishga tushishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bilan birga, diniy yoki boshqa sabablarga ko‘ra farzandlarini emlashni rad etayotgan oilalar ham bor. Shuning uchun hamshiralarni emlashni xavfsiz o‘tkazish va odamlar bilan muloqot qilishga o‘rgatish tayyorgarlik jarayonining muhim qismini tashkil etdi.

Emlashning xavfsizligiga ishonch bildirishga yordam berish maqsadida Farg‘ona, Toshkent, Samarqand va Surxondaryo kabi xavf yuqori bo‘lgan hududlarda UNICEF hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magida mahoratli teatr jamoalari ko‘chada 120 ta spektakl namoyish etdi. Ularni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholini vaksinatsiya kampaniyasini o‘tkazish haqida xabardor qilishdan iborat edi.

Poytaxtimiz va boshqa hududlar aholisining sog‘liqni saqlash masalalari yuzasidan fikrlari bir-biridan deyarli farq qilmaydi, - deydi shifokor, Toshkent shahar onalik va bolalikni muhofaza qilish departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari Lola Saidjonova. - Shu bois emlashni uyushqoqlik bilan o‘tkazish kampaniyasini belgilangan muddatda tashkil etmoqdamiz. Hozir nafaqat onalar, balki otalar, ba’zida esa buvi va buvalar ham farzandlarini emlashga olib kelmoqda.