Yangi nashrlar

Saytning oxirigi yangilanish:
24.03.2017 16:55:01

Bolalar erta yoshda rivojlanishi: mehr va e’tibor kuchi

Ko‘pgina ota-onalar erta yoshdagi bolaga faqat ozuqa, iliq muhit va pediatrning muntazam nazorati kerak xolos, deb o‘ylaydilar. Boshqa noto‘g‘ri fikrlar ham mavjud, misol uchun: go‘dak bilan so‘zlashish befoyda, chunki u hali hech nimani tushunmaydi; beshikka yotqizib qo‘yilgan go‘dakni xonada yolg‘iz qoldirib ketish mumkin; go‘dak kattalar aralashuvisiz yig‘lash va tinchlanishga o‘rganishi kerak; bu yoshdagi bola uchun kitob o‘qib berishning aytarli ahamiyati yo‘q; go‘dakning oldida har qanday ohangda xohlagancha bahslashish mumkin; go‘dakni boqish yoki uxlatish vaqtida bemalol telefon orqali suhbatlashish mumkin.

Baxtimizga, bugungi kunda yuqori sifatli tibbiy xizmatlardan O‘zbekistonning har qanday mintaqasida foydalanish uchun qulay imkoniyatlar yaratilgan. Rejali immunizatsiya ko‘rsatkichlari 95 foizdan ham oshib ketgan. Bolalar o‘limi darajasi keyingi yillarda keskin kamayib ketdi. Bolalar salomatligi va rivojlanishi sohasida, sog‘liqni saqlash tizimini yanada yaxshilash bilan bir qatorda, ota-onalar bilimlarini oshirish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda, va UNICEFning sog‘liqni saqlash bo‘limi aynan shu masala bilan shug‘ullanishni rejalashtiryapti. Patronaj hamshiralari uchun ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari orqali UNICEF o‘z sheriklari bilan birgalikda ota-onalar va boshqa oila a’zolarining 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan munosabatlarini yaxshilashga umid qilmoqda.

Bolaning rivojlanishi — bu ko‘rish, eshitish, harakatlanish, fikrlash va muammolarni hal qilish qobiliyati asta-sekin namoyon bo‘ladigan jarayondir. Shu kabi qobiliyatlar barcha bolalarda ham rivojlanadi, lekin bu genetik xususiyatlar va atrof-muhitning sharoitlariga qarab, turli tezlikda amalga oshadi. Bolalar tarbiyalanayotgan ijtimoiy va jismoniy muhit, odatda, bolalarning qiziquvchanligi, bilim olishdan manfaatdor bo‘lishi va o‘ziga qanchalik ishonishiga ta’sir ko‘rsatadi. Buning uchun ota-onalarning rag‘bati va qo‘llab-quvvatlashi aniqsa muhim ahamiyat kasb etadi.

Erta bolalik — inson hayotidagi rivojlanishning eng muhim bosqichidir. Erta yoshdagi bosqich — bu ulkan imkoniyatlar va sinovlar davridir. Homila shakllanishidan boshlab bola uch yoshli bo‘lgunga qadar o‘tadigan davr uning miyasi o‘sishi va faoliyat yuritishi, bolaning salomatligi, xulq-atvori va muloqot yuritishi uchun o‘ta muhim bosqich hisoblanadi. Bu yoshda qilingan yoki qilinmagan amallar odam kelgusi hayotida ta’lim olish va mehnat faoliyatida qanchalik muvaffaqiyat qozonishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois bolalar sog‘lom rivojlanishi uchun ularga nafaqat sifatli tibbiy xizmatlar va sog‘lom ozuqa, balki aqliy rivoj uchun rag‘bat hamda ota-onalari yoki parvarishni ta’minlaydigan boshqa insonlarning mehri, yaqin aloqada bo‘lishi ham ayni zaruratdir. Barqaror va samimiy munosabatlar bilan bir qatorda, g‘amxo‘rlik qilish va e’tibor ko‘rsatish, jismoniy tarbiyalash va to‘g‘ri oziqlantirish masalalari kabi, juda muhim ahamiyatga ega.

O‘tkazilgan tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy va Sharqiy Yevropa, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligining 29 ta mamlakatlaridan 12 tasida yashovchi bolalarning qariyb yarmi bo‘yi pastligi va qashshoqligi sababli o‘zlarining to‘liq salohiyatiga yetisholmay qolish xatariga duch kelmoqdalar (UNICEF, 2011). Baholarga ko‘ra, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 5,9 million nafari — ushbu yoshdagilar guruhidagi 22 million bolalardan 26 foizi — to‘liq salohiyatga erishmaslik xavfiga duchor bo‘lmoqdalar (UNICEF, 2013). Ushbu mintaqada — internat shaklidagi muassasalarda yashaydigan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarning eng katta soni mavjud. Institutsionallashtirish bolaning o‘sishi va rivojlanishiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatadi, chunki hatto eng yaxshi bolalar muassasalari ham go‘daklar muhtoj bo‘lgan mehr va g‘amxo‘rlikni ta’minlay olmaydilar.

Bolalar erta yoshda hayotning har qaysi boshqa davriga nisbatan ancha tezroq o‘rganadilar. Bolaning miyasi yangi ma’lumotlarning ulkan hajmlariga ishlov berib, tahlil qiladi. O‘z salohiyatini to‘liq namoyon qilish uchun bolalar, tibbiyot xodimlarining kuzatuvi va to‘g‘ri ovqatlanishdan tashqari, mehr va bog‘liqlik, e’tibor, dalda va aqliy rag‘batga muhtoj bo‘ladilar. Bola umrining dastlabki yillarida unga ko‘rsatilgan e’tibor, parvarish uning miyasi butun kelgusi hayotida qanchalik muvaffaqiyatli rivojlanishiga ta’sir qiladi. Erta bolalik bizning jismoniy rivojimiz, bilim egallash qobiliyati va katta bo‘lganimizda ishlab topadigan daromadimiz qanday bo‘lishini ko‘p jihatdan belgilab berishini e’tiborga oladigan bo‘lsak, ushbu davr millat rivoji uchun ham juda muhim ekanligini e’tirof etsak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yuqorida bayon etilganlarni inobatga olgan holda, o‘z farzandlaringizga nazar tashlang. Ularning baxtli kelajagi sizning e’tiboringiz va mehr-muhabbatingizga bog‘liq. Ehtimol, farzandlaringiz ulg‘ayib, katta bo‘lgunlariga qadar ularga ko‘p odamlar ta’sir ko‘rsatishi mumkin, lekin ularni har tomonlama rivojlangan, barkamol insonlar qilib tarbiyalash ishlari aynan sizlardan boshlanadi.


Marta o’qilgan: 25