Yangi nashrlar

Saytning oxirigi yangilanish:
24.03.2017 16:55:01

Farzand tarbiyasida otalarning o’rni: bu nafaqat ayolning ishidir

Ayol homiladorligi davrida uni parvarishlashda ishtirok etishi, tug’ruq davrida qatnashishi va chaqaloqni parvarishlashga bevosita aralashuviga qarshilik qiluvchi bir talay to’siqlar mavjud. Shunga qaramasdan, dunyo bo’ylab har bir yangi avlodga mansub bo’lga otalar uy yumushlarida ko’proq vazifalarni bajarmoqdalar va kichik yoshdagi bolalarni parvarishlashda faolroq ishtirok etmoqdalar. Ularning aksariyati yaqin bog’liqlikning ahamiyatini yaxshi tushungan holda o’z farzandlari bilan yanada mustahkamroq rishtalarni shakllantirishga harakat qilmoqda. Bunday o’zgarishlar barcha mamlakatlarda kuzatilmoqda va urbanizatsiya jarayonlarining o’sib borishi hamda ayollarning jamiyatdagi o’rni ortib borishi barobarida yanada kuchayib boradi.

Istisnosiz barcha otalar bolalar hayotining ilk onlaridan boshlab ularga ta’sir ko’rsatadilar. Onalar ham xuddi shunday. Bu ta’sir ijobiy ham, salbiy ham bo’lishi mumkin. Masalan, tarbiyasida otalar faol ishtirok etgan bolalar tezroq rivojlanadilar; ayni vaqtda ular bir yoshga to’lgunalriga qadar bo’lgan muddatda otalari depressiyada bo’lgan bolalarning hulqi va ruhiy holatida muammolar kuzatilishi mumkin. Hozirda mavjud bo’lgan tadqiqotlar natijalariga ko’ra, otalarning emotsional holati hamda ota bilan farzand o’rtasidagi bog’liqlikning u qadar mustahkam emasligi bolaga uzoq muddat davomida ta’sir etishi mumkin.

«Bolaligimda otam manga katta ta’sir ko’rsatganlar. Yoshligimda mani o’zlari bilan olib yurardilar. San’at ulardan manga qondan o’tgan deyishadi. Otamdek san’atkor bo’laman deb niyat qilardim va harakat qilaman xanuz. Ularning ta’sirlarisiz hozirgi erishganlarimga ega bo’lmagan bo’lardim» — deb aytadi xonanda Samandar.

Otalarning uy yumushlarida hamda bolani parvarishlashdagi ishtirokining ortishi ayollar imkoniyatlarini kengaytirish nuqtai-nazaridan ham katta ahamiyatga ega, chunki onalar uy yumushlarini bajarish va bolani parvarishlashda yordam olmaydigan bo’lsalar, ularning jamiyat hayotida ishtirok etishlari yanada qiyinroq bo’ladi. Yolg’iz onalarning bandlik ko’rsatkichlari turmush o’rtoqlari bilan yashayotgan onalarga nisbatan pastroq ekanligiga sabablardan biri uyda farzandini parvarishlash bo’yicha yumushlarning yarmini o’z zimmasiga olishi mumkin bo’lgan turmush o’rtog’ining yo’qligidan iborat ekan. Otalari uy ishlarini bajarayotganligi va bolani parvarishlashda ishtirok etayotganligini ko’rgan o’gi’l bolalar ham kelajakda uy yumushlari bilan shug’ullanuvchi va bola tarbiyasida faol ishtirok etuvchi ota bo’lishlari ehtimoli yuqori. Bir avloddan ikkinchi avlodga mehr va e’tiborning shu tariqa o’tishi oiladagi munosabatlarga ijobiy ta’sir qiladi.

«Birinchi soniyalardan boshlab, farzandning hayoti shakllanishida ham ota, ham ona ishtirok etadi. Ota — farzandning jinsini aniqlaydi, ona u tug’ilgunga qadar yuragi ostida olib yuradi. Barkamol insonni tarbiyalash uchun ham ota, ham onaning ishtiroki muhimdir. Rafiqim men bilan bir xil fikrdaligidan hursandman. U doim ish faoliyatimni davom ettirishimga dalda bo’lgan. Aynan u meni doim kattaroq natijalar sari intilishimga qo’llab-quvvatlab keldi. Ahir oiladagi har qanday muvaffaqiyat — otanikimi, onanikimi yoki bolalarniki — bu hammamizning umumiy muvaffaqiyatimiz va g’ururimiz asosi. Uyda mening suyanchim bo’lmaganida, men o’z vazifalarimni bajara olmagan bo’lar edim. Bolalarim otalari bilan muzey yoki ko’rgazmalarga borishsa, hursand bo’laman. Farzandlar ota-onalariga o’zlari bilmagan holda o’xshashga harakat qiladilar. Shuning uchun, otalar ham farzandlarining bo’lajak qadriyatlari va oilada bo’lgan munosabatlari qanday bo’lishiga javobgarlar», — deb aytadi Rodika Verbenyuk, Ucellning korporativ aloqa bo’yicha director va bahtiyor ona.

Bolalarning ta’lim olish va keyingi bosqichlardagi muvaffaqqiyatli bo’lishlari otalar va onalarning bola rivojlanishiga qaratilgan uy yumushlarida qay darajada ishtirok etishlariga bog’liq. Tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, bola hayotining ilk oyidan boshlab otalar qay darajada e’tiborli bo’lishlari bolaning 1 yoshdan 3 yoshgacha bo’lgan davri mobaynida aqliy rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatar ekan.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, otalarning bunday faol ishtiroki nafaqat bolalar va onalarga emas, otalarning o’zlariga ham ijobiy ta’sir ko’rsatar ekan. Farzandlari bilan ancha yaqin munosabatda ekanliklarini bildirgan otalar uzoqroq umr ko’radilar, salomatlik borasida kamroq muammolarga uchraydilar, ular spirtli ichimliklar yoki giyohvand moddalar iste’moliga ruju’ qo’yishlari ehtimoli kamroq bo’ladi. Bunday erkaklar ish joylarida samaraliroq faoliyat ko’rsatadilar va farzandlari bilan bunday yaqin munosabatda bo’lmagan otalarga nisbatan baxtliroq ekanliklarini ta’kidlaydilar.

«Erkakning eng muhim mavqei uning yaxshi otaligidir! Bola tug’ilganda emas, unga g’amxo’rlik qilganda ota bo’ladi… Eng mehribon ota bo’lish har qanday erkakning eng yuqori yutug’idir!» — deya ta’kidlaydi Farhod Ortiqboyev, o’zgacha farzandning otasi.

Barcha xulosalar shuni ko’rsatadiki, bolaning rivojlanishini eng yaxshi kafolatlaydigan narsalar faqatgina sifatli tibbiy yordam va yaxshi ta’lim maskanidan iborat emas. Eng avvalo, buning uchun bola sergak, e’tiborli, mehr-muruvvatga to’la ota va ona bilan bir oilada yashashi kerak bo’ladi.

Marta o’qilgan: 13