Yangi nashrlar

Saytning oxirigi yangilanish:
23.06.2017 16:32:35

Bola hayotidagi ilk yillarning ahamiyati: o’yinning boshqa tarafi

«Bolada mavjud bo’lgan narsalarning qay biri eng muhim ahamiyatga ega? Miya. Shunga qaramasdan biz bola miyasiga uning tanasiga e’tibor berganimizdek e’tibor bermaymiz,» – deydi UNICEF Ijroya direktori Entoni Leyk. «Miyasi etarlicha rivojlanmayotgan bola, kelajakda o’z salohiyatining maksimal darajasida ta’lim olish va ishlab, daromadga ega bo’lish imkonidan mahrum bo’lishi mumkin, bu esa mazkur bola uchun eng noxush istiqbol bo’lishi bilan birga, jamiyat uchun zaif taraqqiyot demakdir,» – deb ta’kidlaydi u so’zining davomida. 

«Lancet» jurnali keltirgan ma’lumotlarga ko’ra, bugungi kunda, aholi daromadi darajasi o’rta va kam bo’lgan mamlakatlardagi jami 250 million bola qash’shoqlik sababidan va o’sishning buzilishi tufayli o’z rivojlanish salohiyatlarini ishga solish imkoniyatidan mahrum bo’lish xatariga yuz tutmoqdalar. Etarlicha ozuqalanmaslik bilan bir qatorda yuqumli kasalliklarning salbiy asoratlari, ekologik tahdidlar hamda ommaviy va oila ichidagi zo’ravonliklar birlashgan holda bola o’z salohiyatidan mahrum bo’lishiga olib kelmoqda. O’zgartirish juda qiyin yoki imkonsiz bo’lgan bir talay omillar bilan bir qatorda, biz ta’sir korsatishimiz mumkin bo’lgan omillar ham mavjud. Bular – ovqatlanish va muloqot.

_S1Z2044 (2).JPG

UNICEF erta rivojlanish hamda sog’lom ovqatlanish, g’amxo’rlik ko’rsatish, o’yinlar o’ynash va bola bilan vaqt o’tkazish kabilarni qamrab oluvchi to’laqonli parvarishning ahamiyatini targ’ib qilish borasida ota-onalarni va bola parvarishiga mas’ul bo’lgan shaxslarning maksimal ko’lamini qamrab olish bo’yicha ish olib bormoqda.

«The Beginning of Life» (Hayotning boshlanishi) deb nomlanuvchi hujjatli filmda namoyish etilgan, dunyoning turli mamlakatlaridagi ruhshunoslarning tavsiyalari hamda bolalarning erta rivojlanishi sohasidagi ta’lim mutaxassislarining fikriga ko’ra «o’yin o’ynash bolalar tabiatining negizidan o’rin olgan; ular harakatlanishni o’rgangan vaqtlaridan boshlab o’ynaydilar; ular o’yin orqali yashaydilar.»  

Ba’zi ota-onalar o’z farzandlariga yangi o’yinchoq yoki kitob sotib olish imkoniyatlari yo’qligidan tashvishlanadilar. Har bir inson shuni yodida tutishi lozimki, o’yin uchun bolaga o’yinchoq kerak emas, unga siz keraksiz. Bola miyasining rivojlanishiga yordam bera oladigan narsalar jumlasiga qo’shiq kuylash, birgalikda kitob o’qish, bekinmachoq o’ynash kabilar kiradi. Bular uchun sizning vaqtingizdan boshqa hech qanday qo’shimcha xarajat talab etilmaydi.

5S1Z7528.JPG

Harakatni boshlash vaqti esa –  hozir. Bolalarga sarmoya joylash faqat ahloqiy yoki ommaviy ustivor vazifagina emas. Buning iqtisodiy asosi ham mavjud.  «Erta rivojlanish bo’yicha Lancet turkumi»da ta’kidlanishicha, “kichik yoshdagi bolalarning nooptimal rivojlanishi ulg’aygan insonning daromad topishi o’rtacha salohiyatining tahminan to’rtdan biri qayb etilishiga sabab bo’lar ekan”. Bu esa, tarbiyalash bo’yicha ijobiy amaliyot mavjud bo’lgan oilada ulg’aygan bolalar yuqori turmush darajasiga erishish imkoniyatiga ega ekanligidan dalolat beradi.  

Shu narsani yodda tutish lozimki, bolalar erta rivojlanishi natijasida hosil bo’ladigan naflar faqatginga bolalarning bugungi kundagi avlodi bilan chegaralanib qolmaydi. Ular keyingi avlodlarning barqarorligi va farovonligiga ham bevosita ta’sir ko’rsatadi. Bola bilan o’ynayotganingizda, uni quchoqlanayotganingizda yoki unga kitob o’qib berayotganingizda, siz bo’lg’usi nabiralaringiz va butun dunyoning porloq kelajagi to’g’risida qayg’urayotgan bo’lasiz. 

Marta o’qilgan: 397