Yangi nashrlar

Saytning oxirigi yangilanish:
16.08.2017 17:21:40

Emlash to’g’risidagi 10ta afsona va haqiqatlar.

1 Afsona: Gigiyena va tozalikni yaxshilash kasalliklarni yo’q bo’lishiga olib keladi – emlash talab etilmaydi.

1 Haqiqat: Agar biz emlash dasturlarini to’xtatib qo’ysak, oldini olish mumkin bo’lgan kasalliklar yana qaytadi. Tozalikka ko’proq rioya etish, qo’llarni yuvib yurish hamda toza suv kishilarni yuqumli kasalliklardan himoya qilishga yordam bersa ham, ko’pchilik kasalliklar bizning nechog’li toza bo’lishimizga qaramay, tarqalishda davom etishi mumkin. Agar odamlar kasalliklarga qarshi emlanmasa, poliomielit va qizamiq kabi, hozirda kam uchraydigan kasalliklar, yana paydo bo’lishi mumkin. 


2 Afsona: Vaksinalarning bir qator zararli va uzoq muddatli nojo’ya ta’siri mavjud bo’lib, ular hanuzgacha ma’lum emas. Emlash o’limga ham olib kelishi mumkin.

2 Haqiqat: Vaksinalar juda xavfsizdir. Qo’ldagi og’riq va isitma kabi vaksinalarga reaksiyalar odatda engil va qisqa muddatli bo’ladi. Sog’liqqa putur yetkazish bilan bog’liq bo’lgan jiddiy vaziyatlar juda ham oz bo’lib, ular ustida kuzatuvlar va tadqiqotlar olib boriladi. Sizning vaksina orqali oldini olish mumkin bo’lgan kasalliklardan jiddiy zarar ko’rishingiz ehtimoli, vaksinaning o’zidan zarar ko'rishdan ko’ra, bir necha bor ortiqdir. Misol uchun, poliomielit sodir bo’lsa, u falajga olib kelishi mumkin, qizamiq – ensefalitga va ko’rlikka, emlash orqali oldin olish mumkin bo’lgan ayrim kasalliklar esa, o’limga ham olib kelishi mumkin. Emlash afzalliklari qayd etilgan holatlarni keltirib chiqaradigan xatarlardan anchagina ustun hisoblanadi va, agar emlash amalga oshirilmasa, yanada ko’proq jarohatlar va o’lim holatlari yuzaga kelishi mumkin.  


3 Afsona: Bo’g’ma, qoqshol va ko’kyo’talga qarshi birgalikda yuboriladigan emlash hamda poliomielitga qarshi emlash kutilmagan bola o’limi sindromini keltirib chiqaradi.

3 Haqiqat: Emlash bilan go’dakning kutilmagan o’limi o’rtasida sababiy bog’liqlik mavjud emas, ammo mazkur emlashlar bolalar, kutilmagan bola o’limi sindromidan (KBO’S) dard chekishi mumkin bo’lgan bir paytda amalga oshiriladi. Boshqa so’z bilan aytganda, KBO’S o’limi holatlari emlashga nisbatan tasodifan holda kechadi va shu sabab, emlash amalga oshirilmagan taqdirda ham sodir bo’lgan bo’lardi. Ushbu to’rt kasallik hayot uchun xavfli ekanini yodda saqlash lozim, ularga qarshi emlanmagan bolalar uchun esa jiddiy ravishda o’lim xatari yoki og’ir nogironlik holati bo’lishi mumkin. 


4 Afsona: Emlash orqali oldi olinadigan kasalliklar men yashaydigan mamlakatda deyarli tag-tomiri bilan yo’q qilingan, shu sabab emlashga ehtiyoj yo’q.

4 Haqiqat: Ko’pgina mamlakatlarda emlash orqali oldi olinadigan kasalliklar kam uchraydigan holat bo’lib qolganiga qaramay, ularni chaqiradigan infeksiyalar dunyoning ayrim yurtlarida aylanib yurishda davom etadi. O’zaro bog’liqligi juda ham yuqori bo’lgan bugungi kungi dunyoda bu infeksiyalar hududiy chegaralarni kesib o’tishi va himoylanmaganlarni kasallantirishi mumkin. Misol uchun, G’arbiy Yevropa mamlakatlarida 2005 yildan beri qizamiq epidemiyasi Avstriya, Belgiya, Daniya, Fransia, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Shveysariya va Buyuk Britaniyada yashovchi, emlanmagan aholi orasida yuzaga kelmoqda. Shu munosabat bilan ham, emlash uchun ikki muhim sabab avvalo o’zimizni, qolaversa yon-atrofimizdagi odamlarni himoya qilishdir. Emlash dasturlarining muvaffaqiyatli bo’lishi, bu muvaffaqiyatli jamiyatlarga o’xshab, barchaga yaxshilik yetishini ta’minlash yo’lida, har bir odamning hamkorligiga bog’liq hisoblanadi. Biz kasalliklarning tarqalishiga barham berishda atrofimizdagi odamlarga ishonish bilan chegaralanmasligimiz kerak; biz ham qo’limizdan kelgan barcha harakatlarni qilishimiz zarur. 


5 Afsona: Emlash orqali oldini olish mumkin bo’lgan bola yoshidagi kasalliklar – bu bor-yo’g’i hayotning noxush haqiqatidir.

5 Haqiqat:  Emlash orqali oldini olish mumkin bo’lgan kasalliklar “hayot haqiqati” bo’lishi shart emas. Qizamiq, tepki va qizilcha kabi kasalliklar jiddiy hisoblanib, bolalar va kattalarda ham jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkin. Bunga zotiljam, ensefalit, ko’rlik, diareya, quloq infeksiyalari, tug’ma qizilcha sindromi (agar ayol homiladorlikning dastlabki pallalarida qizilcha orttirgan bo’lsa) va hatto o’limni ham misol qilib keltirish mumkin. Ushbu kasalliklar va iztiroblarning barini emlash orqali oldini olish mumkin. Mazkur kasalliklardan bolani emlashda sustkashlik qilish ularni asossiz holda xatarga qo’yishdir.  


6 Afsona: Bolaga bir vaqtning o’zida bir necha emlashni amalga oshirish, bolaning immunitet tizimiga og’irlik tug’dirishi mumkin bo’lgan zararli nojo’ya ta’sirlar paydo bo’lishi xatarini oshirishi mumkin. 

6 Haqiqat: Ilmiy dalillarning ma’lum qilishicha, bir necha emlashni bir vaqtning o’zida amalga oshirish, bola immun tizimiga nojo’ya ta’sir o’tkazmaydi. Bolalar bir necha yuzni tashkil etadigan begona moddalarning ta’siriga tushadilarki, bu har kuni immunitetni tashqi ta’sirga javob berishga undaydi. Odatiy ovqat iste’mol qilish hisobiga odam tanasiga yangi antigenlar kirib boradi va ko’plab bakteriyalar odam og’zida va burnida yashaydi. Bola yanada ko’p antigenlar ta’siriga, emlashdan ko’ra, ko’proq shamollash va tomoq og’rishi hisobiga chalinadi. Emlashning bir paytning o’zida amalga oshirilishining muhim ustunligi shundan iboratki, shifoxonalarga tashrif soni kam bo’ladi, bu esa vaqt va pulni tejaydi, shuningdek bolalarning tavsiya etilgan emlashdan jadvalga muvofiq o’tishlari ehtimoli ortadi. Bundan tashqari, bir necha emlashni bir vaqtda amalga oshirish imkoni bo’lsa, masalan, qizamiq, tepki va qizilchaga qarshi, bu shpritsga murojaat etish soni kam bo’lishini ham anglatadi.  


7 Afsona: Gripp bu bor yo’g’i bir bezovtalik, bu yerda emlash u qadar samara bermaydi. 

7 Haqiqat: Gripp bu bir bezovtalikning o’zigina emas. Bu butun dunyoda har yili 300000 dan 500000 gacha odamning hayotiga zomin bo’ladigan darddir. Homilador ayollar, kichik yoshdagi bolalar, salomatligi yomon keksalar, shuningdek astma va yurak kasalliklari kabi, surunkali kasalliklari bor odamlar, og’ir infeksiya va o’lim xatariga ko’proq yuz tutadilar. Homilador ayollarni emlash ular dunyoga keltirajak go’daklarni himoya qilishda ham qo’shimcha ustunliklarga ega (bugungi kunda 6 oydan kichik bo’lgan chaqaloqlarga mo’ljallangan vaksinalar mavjud emas). Grippga qarshi vaksinalarning aksariyati, yilning barcha fasllarida aylanib yuradigan eng ko’p tarqalgan shtammlarga qarshi immunitet hosil qiladi. Bu sizga gripp bilan jiddiy ravishda kasallanishingiz va boshqalarga ham tarqatish ehtimolini kamayitirishda eng yaxshi usul hisoblanadi. Grippdan saqlanishingiz bu tibbiy xizmat olishdagi ortiqcha xarajatlardan hamda ishga yoki o’qishga bora olmaginingiz hisobiga daromadsiz qolishdan o’zingizni asrashingiz demakdir. 


8 Afsona: Immunitet orttirish uchun emlashdan ko’ra, kasal bo’lib chiqqan afzalroq. 

8 Haqiqat: Vaksinalar, immunitet reaksiyasini uyg’otish maqasadida, immun tizimi bilan aloqaga kirishadi. Bu huddi tabiiy infeksiya aloqaga kirishgani kabi, ammo ular kasalliklar keltirib chiqarmaydi yoki emlangan kishini kasalliklarning potensial asoratlariga yo’liqish xatariga sabab bo’lmaydi. Aksincha, tabiiy kasallik orqali immunitet hosil qilish kishiga qimmatga tushishi mumkin; bu – Haemophilus influenzae “b” turi (Hib)dan aqliy ojizlik, qizilchadan tug’ma nuqsonlar, gepatitning “B” turi virusidan jigar saratoni, yoki qizamiqdan o’limni keltirib chiqarishi mumkin. 


9 Afsona: Vaksinalar tarkibida hayot uchun xavfli bo’lgan simob mavjud. 

9 Haqiqat: Tiomersal moddasi bu organik, tarkibida simob mavjud bo’lgan birikma bo’lib, ayrim vaksinalarga konservant sifatida qo’shiladi. Bu vaksinalar uchun keng qo’llaniladigan konservant bo’lib, u ko’p do’zali flakonlarda yetkaziladi. Vaksinalarda qo’llaniladigan tiomersal miqdori inson hayotiga xafv tug’dirishi to’g’risida hech qanday dalillar mavjud emas. 


10 Afsona: Vaksinalar autism keltirib chiqaradi.  

10 Haqiqat: Qizamiq, tepki va qizilchaga qarshi vaksina bilan autizm o’rtasida bog’liqlik bo’lishi mumkin degan xavotir aks ettirilgan, 1998 yilda o’tkazilgan ilmiy tekshiruvlarda keyinchalik jiddiy xatoliklar ketgani aniqlangan bo’lib, o’sha maqolani chop etgan jurnal tomonida bu hujjat qaytarib olingan. Afsuski, bu maqola odamlarda vahima uyg’otishga ulgurib, natijada emlash ko’rsatkichini pasayib ketishiga hamda buning oqibatida mazkur kasalliklarning keng tarqalishiga sabab bo’lgan. Qizamiq, tepki va qizilchaga qarshi vaksina bilan autizm o’rtasida bog’liqlik borligi haqida hech qanday dalillar mavjud emas. Bir necha tadqiqotlar, shu jumladan taqriz ostida tayyorlangan 12000 ilmiy maqolalar sharhida ham bu da’voning soxta ekani bayon qilingan. 



Marta o’qilgan: 754