Yangi nashrlar

Saytning oxirigi yangilanish:
14.12.2017 14:29:24

Erta lahzalar muhimdir: Otalik kasbi yohud nooddiy bolaning oddiy otasi

Men ota bo’lish uchun dunyoga kelganman!

Dunyoga kelganimizda ota-onamiz bizning sog’-salomat bo’lishimizni, baxtli bo’lishimizni va ulg’ayganimizda jamiyatda o’z o’rnimizni topishimizni tilaydi. Men ham ulg’ayar ekanman, jamiyatimizga naf keltiradigan inson bo’lishni orzu qilar edim.

Men fazogir, advokat yoki muhandis bo’lishni orzu qilmaganman. Men qanday kasbni tanlashni bilmas edim. Men bunday muammoga uchragan yolg’iz inson bo’lsam kerak deb o’ylar edim. Ota-onam muhandis bo’lishimni istar edilar va men ularning maslahatiga quloq soldim, vaholanki, qalbim boshqa sohaga moyil ekanligini his qilgan bo’lsam ham.

Bir necha yildan keyin uylandim va ota bo’ldim. Otalik menga juda ham yoqishini o’shanda tushundim. Yangi tug’ilgan chaqaloqni ilk bor qo’limga olishga qo’rqmaganman. Bu narsa menga qayerdan kelganini bilmayman, lekin bolaga qarashni juda tez o’rgandim. Keyinchalik, o’g’lim autizmning o’tkir ko’rinishiga ega ekanligi tashhis qilinganida, biz ancha qiyinchiliklarni boshdan kechirdik. Aynan o’sha vaqtda mening otalik mehrim kuchi juda qo’l keldi. Men o’g’lim bilan shifoxonalarda qolar edim. U bilan sayr qilardim. O’zimni ham boladay his qilar edim. Ammo, ushbu hikoyani yozishimdan maqsad – mening bu hayotdagi oliy vazifam va kasbim – ota bo’lish ekanligini qanday tushunganligimni o’rtoqlashishdan iborat. Bu siyqasi chiqqan gapday bo’lib eshitilishi mumkin, ammo men o’z farzandlarimning muxlisiman. Shunisi ayniqsa qiziqarliki, farzandimning o’zgacha ekaniligi meni o’ziga xos bolalar dunyosiga olib keldi va u yerda bolalar qanday bo’lsalar, ularni shundayligicha sevish va ularga yordam berishni o’rgatuvchi kasb bor ekanligini bildim. Bu kasb defektolog yoki maxus pedagog kasblaridir.

received_1473407889400279.jpeg

Shu narsani anglab yetdimki, men boshqalarga ham yordam berishim va ayni vaqtda o’z mehrimni ko’proq bolalarga ulashishim mumkin ekan. Ba’zan, men o’ziga xos bolaning otasi bo’lish uchun dunyoga kelganimni va agar oddiy bolaning otasi bo’lganimda nimani boy berayotganimni bilmagan bo’lishimni o’ylar edim. O’g’lim menga o’ziga xos tajriba orttirishimda yordam berdi. Boshqa farzandlarim dunyoga kelganida ularning rivojlanishi bilan bog’liq hech qanday muammolari yo’q edi va men ularning aytgan birinchi so’zlarni eshitish, ularni quchoqlash va eng muhim bo’lgan, to’ng’ich o’g’limdan eshitmagan “Dadajon, sizni yaxshi ko’raman” so’zlarini eshitishning zavqini tuydim.

received_656377874533766.jpeg

Mening fikrimcha, otalardagi erkaklarga xos tabiat va kuch aynan o’z farzandlariga nisbatan bo’lgan muloyimlik va mehrda aks etadi. Onalar avliyolar kabidirlar va ko’pincha ular o’z farzandlariga ko’proq narsa beradilar. Ammo, bolalarga jamiyatda yashashni, kuchli bo’lishni o’rgatadigan va eng asosiysi, ularga ota mehrini beradigan insonlar – aynan biz, otalarmiz. Men o’z farzandlarim bilan vaqt o’tkazishni, ular bilan sakrash va yugurishni, onalariga bildirmasdan muzqaymoq yeyishni va erkinlikni his qilishni yaxshi ko’raman.

FB_IMG_.jpg

Shu bilan birga, biz oilamizni ta’minlash uchun juda ko’p ishlashimiz ham kerak. Shunga qaramay, har kuni farzand uchun bir oz vaqt ajratishni muqaddas deb bilaman. Shuni ham yodda tutish kerakki, farzandlarimiz uchun otalarining mehrini, ularning hamnafasligini his qilish juda ham katta ahamiyatga ega.  

Shuning uchun ham doimo mening vazifam va kasbim ota bo’lish deb ta’kidlayman. 

Muallif: Farxod Artikbayev

Marta o’qilgan: 481