Yangi nashrlar

Saytning oxirigi yangilanish:
16.08.2017 17:21:40

Ko‘krak suti bilan oziqlantirish hikoyasi: Kattalar uchun ham, kichiklar uchun ham foydali

Ona sutining foydalari to‘g‘risida ko‘p eshitganim sabab, to‘ng‘ich o‘g‘limni hech bo‘lmasa ikki yoshga to‘lguniga qadar emizishga qaror qildim. Ammo, kutilmaganida, u 1 yoshu, 2 oylik bo‘lganida uning ukasini kutayotganimizni bilib qoldim. Bo‘lganda ham 16 haftalik bo‘lgan ekan!

Shungacha hech narsani sezmabman, chunki menda umuman toksikoz bo‘lmadi. O‘g‘ilchamda ham hech qanday o‘zgarishlar sezilmadi va men emizishni davom ettirish niyatida edim. Ammo, tahlillar ko‘rsatishicha, mendagi gemoglobin darajasi keskin tushib ketibdi. Shu sababli, buni umuman istamasamda, to‘ng‘ichimni ko‘krakdan ajratishga majbur bo‘ldim.

Kichik o‘g‘lim tug‘ilganida, birinchi oyda mendagi sut bu jajji chaqaloq uchun haddan ziyod ko‘p edi. Sut ko‘kragimda qolib ketar, uni qattiq va og‘ir qilar edi. Men og‘riq his qilardim, ayniqsa kechalari... Shunda birdan xayolimga shunday fikr keldi: katta o‘g‘limni ko‘krak suti bilan boqishni davom ettirsam bo‘lmaydimi? Buni, balki, emizish orqali qilmasamda, ammo ko‘krak sutini beraman! Men sut so‘rib oluvchi moslama sotib oldim. Sutning ortiqchasini suzib qo‘yib, katta o‘g‘limga beradigan bo‘ldim. Yana bir oy davomida o‘g‘lim barcha vitaminlar va ona suti naflarini qabul qilish imkoniga ega bo‘ldi!

sabohat11.jpg

Kichik o‘g‘lim 6 oygacha faqat ko‘krak suti bilan oziqlandi. Har safar oilaviy poliklinikamizda ko‘rikdan o‘tkazilganida, uning vazni me’yordan biroz yuqori chiqardi, u sog‘lom va g‘ayratli bola edi!

Ko‘krak suti blan oziqlantirishning foydasi shu emasmi?

Muallif: Sabohat Sadikova

Rasm: Muallif arxividan


Marta o’qilgan: 40