Yangi nashrlar

Saytning oxirigi yangilanish:
14.12.2017 14:29:24

Ko‘krak suti bilan oziqlantirish hikoyasi: Afsonalarga chek qo‘yamiz

Ko‘krak suti bilan oziqlantirish bo‘yicha o‘z tajribam bilan o‘rtoqlashmoqchiman. Mening tajribam o‘rtada bir yosh farqi bilan dunyoga kelgan bolalarning onalari uchun qiziqarli bo‘lishi mumkin.

Katta qizimni 2015 yil sentyabr oyida dunyoga keltirdim. Xudoga shukur, uchinchi kuni sutim keldi va ancha katta miqdorda. O‘zim istagan vaqtida emizar edim va u yaxshi to‘yardi. 6 oylik bo‘lganida sabzavotlar bilan qo‘shimcha oziqlantirishni boshladim. Istagan vaqtida emizib ham turardim. Hammasi ajoyib ketayotgan edi.

Qizim 7 oylik bo‘lganida uning sevimli taomi - ona sutiga qo‘shimcha tarzda bo‘tqalarni ham kirita boshladik. Aynan o‘shanda yana homilador bo‘lib qolganimni bildim. Men uchun bu narsa albatta kutilmagan holat edi. Toksikoz ancha zaif bo‘lgandi. Uni birinchi homiladorligimdagi holatga o‘xshatib bo‘lmasdi.

nargiza1.jpg

“Bolani emizish nima bo‘ladi?”, - degan savol yuzaga keldi. Men shifokor bilan maslahatlashib ko‘rishga qaror qildim. O‘zimni yaxshi his qilayotgan edim, qizalog‘im ham emishdan bosh tortmayotgan edi, vaholanki, bunday vaziyatlarda shunaqa holat tez-tez uchrab turadi. Shifokor qabuliga borishdan oldin Internetda juda ko‘plab maqolalar o‘qidim. Ularda yozilishicha, agar sog‘lik ko‘tarsa emizishni davom ettirish mumkin ekan.

Ammo, shifokor menga qizimni darhol ko‘krakdan ajratishim lozimligini, aks holda tug‘ilajak farzandim to‘liq rivojlanmay tug‘ilib qolishi mumkinligini aytib, meni qo‘rqitdi. Shifokor qabulidan juda xato va boshim qotgan holda chiqdim. Qizimni ko‘krakdan ajratishga achindim va men imkon bo‘lgunga qadar emizishga qaror qildim va ayni vaqtda tanam nimani talab qilsa, shuni yedim, vitaminlar qabul qildim va deyarli uzluksiz dam oldim.

Homilam 6 oyga yaqinlashganida sutim deyarli yo‘qligini sezdim. Bu vaqtga kelib, qizim kattalarning ovqatidan deyarli hamma narsani yer edi. Ammo, shunda ham uni ko‘krakdan uzmadim, chunki, bu uning uchun katta ruhiy zarba bo‘lishini anglardim. Emizish vaqtda noqulaylik his qilar edim, ko‘kragim qattiq og‘rir edi, ammo jigarbandim uchun bularning barchasiga chidashga tayyor edim.

Homilaning 8-oyida qizimni ko‘krakdan uzish lozimligini tushundim. Bu vaqtga kelib qizim oilamiz dasturxonidagi deyarli hamma narsani iste’mol qilardi. Bir kuni qizim kasal bo‘lib qoldi va ovqat yemay qo‘ydi, hatto emishni ham istamas edi. O‘sha kecha u emmasdan uyquga ketdi. Baxtimga u shu bahona emishni esdan chiqardi.

nargiza3.jpg

Bir oy o‘tib qornimdagi farzandimni o‘z muddatida dunyoga keltirdim. Xuddi oldingiday 3-chi kuni sut keldi, va Xudoga shukurki, hozirga qadar emizmoqdaman.

O‘z tajribamdan kelib chiqib, shuni aytmoqchimanki, homiladorlik davrida ham, agar o‘zingizni yaxshi his etayotgan bo‘lsangiz, to‘laqonli ovqatlanayotgan bo‘lsangiz, va eng asosiysi - dam olishga yetarlicha vaqtingiz bo‘lsa, emizishingiz mumkin. Qo‘shimcha qilib shuni aytmoqchimanki, ikkinchi qizim 3 kilo 100 gramm vazn bilan tug‘ildi. Bo‘yi 52 santimetr edi. Homilam 8 oylik bo‘lguniga qadar katta farzandimni emizishda davom etganim kichik qizimning rivojlanishiga umuman ta’sir qilmadi.

Mening hikoyam ko‘pchilik onalarga chaqaloqlar uchun shunchalik muhim bo‘lgan ko‘krak suti bilan boqishni davom ettirish uchun rag‘bat sifatida foydali bo‘ladi, deb umid qilaman. 

Muallif: Nargiza Dadabaeva

Rasm: Muallif arxividan

Marta o’qilgan: 357