Yangi nashrlar

Saytning oxirigi yangilanish:
16.10.2017 17:27:07

Ko‘krak suti bilan oziqlantirish hikoyasi: Ko‘krak suti mo‘jizalari

Men - uchta ajoyib farzandning onasiman. Ko‘krak suti bilan boqish bo‘yicha ancha salmoqli tajribaga egaman. Uchinchi homiladorligim juda og‘ir kechdi. Mening orzuqib kutgan qizalog‘im, mening kichkina xazinam, bizning Dyumchaxonimiz 31-haftada dunyoga keldi. Homiladorlik boshlanishidanoq hamma narsa odatdagidan o‘zgacha bo‘la boshladi. 2016 yilning oktyabr oyida, homiladorligimning 21-haftasida kasalxonaga yotqizildim. U yerdan qizim bilan birga faqat 2017 yilning fevral oyidagina chiqarildik. Mening Olimaxonim muddatidan 9 hafta oldin dunyoga kelgani sabab, u uzoq ema olmasdi. Shuning uchun sutning asosiy qismini unga zond yordamida berar edim.

maskura3.jpg

Qizalog‘im hayotining birinchi haftalari ham jismoniy, ham ruhiy jihatdan og‘ir kechdi. O‘shanda bor-yo‘gi 1 kilo 800 gramm vaznga ega bo‘lgan qizalog‘im ilk bor bir nechta emish harakatlarini qilganida xursandchilikdan ko‘zlarimga yosh kelganini yaxshi eslayman. Jajji qizalog‘im bilan zondni, har ikki soatda amalga oshiradiganimiz son-sanoqsiz sut sog‘ishlarni unutib, oddiygina emizishdan rohatlanadigan kunlarimiz tezroq kelishini orzu qilganimni eslayman.

Favqulodda amalga oshirilgan kesarevo amaliyotidan so‘ng emizish tajribasiga ega bo‘lmaganim sabab, laktatsiyani yo‘lga qo‘yish harakatlarimga bir necha bor chek qo‘yishga tayyor bo‘lgan edim, chunki sut jarrohlik amaliyotidan bir hafta o‘tganidan so‘nggina kela boshladi. Unga qadar bir necha tomchi og‘iz suti sog‘ishdan nariga o‘tolmagan edim. O‘shanda qizalog‘im donor sutini iste’mol qilgan yolg‘iz davr bo‘ldi. Onam, turmush o‘rtog‘im va shifokorlarning qo‘llab-quvvatlashlari tufayli laktatsiyani yo‘lga qo‘ya oldim.

Hozir qizalog‘im salkam 6 oylik bo‘ldi. U doimo kulib turadigan, meni ko‘rganidan chindan quvonib ketadigan, baxtli qizaloqdir. Qabulida bo‘lganimiz barcha shifokorlarning aytishlaricha u 5 oylik bolalarning rivojlanish me’yorlariga javob berar ekan. Ammo bunga o‘xshash har xil jadvallar qizim ikkimizni unchalik qiziqtirmaydi, chunki Olimaxonim o‘zining shaxsiy sxemasi asosida rivojlanmoqda. U - sog‘lom!

mashkura2.jpg

O‘tgan davr mobaynida muddatidan oldin tug‘ilgan bolalarga bag‘ishlangan bir talay adabiyotlarni o‘qib chiqdim. Shifokorlar bilan suhbatlashdim. Ular doimo menga dalda bo‘lib, yordam berib kelishdi. Qizim ikkalamiz qanday qiyinchiliklarga duch kelishimiz mumkinligini bilar va hammasidan yaxshi o‘tib olishimizni so‘rab duo qilar edim! Ikkalamizning laktatsiyani saqlab qolishga qilgan harakatlarimiz natijasida muddatidan ilgari tug‘ilgan bolalarda uchraydigan qiyinchiliklar tez-tez yuzaga kelishining oldini olishga muvaffaq bo‘ldik.

mashkura1.jpg

Qizalog‘imning matonati tufayli umidsizlik va ko‘z-yoshlar bilan yo‘g‘rilgan kunlarimiz ortda qoldi. Hali kelajakda qandaydir qiyinchiliklarga duch kelishimiz mumkinligini bilaman. Ammo, bunday ularning barchasini yengib o‘ta olishimizni bilaman! Men yuragimni cheksiz mehr va muhabbat bilan to‘ldirayotgan ushbu ajoyib qizaloqning onasi bo‘lganim uchun Yaratganga shukronalar aytaman.

Hurmatli, shoshqaloq chaqaloqlarning onalari, umidsiz bo‘lmanglar! Oqibati xayrli bo‘lishiga ishonchingizni yo‘qotmang va jigarbandingiz ko‘krak sutini emish baxtiga muyassar bo‘lishi uchun kurashing. Ona suti mo‘jizalar yaratadi!

Muallif: Mashxura Sabirova

Rasm: Muallif arxividan


Marta o’qilgan: 210